Sho’rtoblar

Sho’rtoblar — tuproqlar tipi; yuvilmaydigan suv rejimi sharoitida tuproq singdirish kompleksida natriy (singdirish hajmining 10— 14% dan 70% gacha) to’planganda (tuproq eritmasi yoki grunt suvidan o’tadi) shakllanadi (sho’rtoblanish jarayoni). Sho’rtoblarda tabiiy holda qora shuvoq, izen, sho’ra va boshqalar o’simliklar o’sadi. Afrika, Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika, Avstraliyada uchraydi. Tuzlar tarkibiga ko’ra, sodali va sodasulfatli, xloridsulfatli bo’ladi. Tuzlarning joylashish chuqurligiga nisbatan sho’rxokli Sh. (suvda oson eriydigan tuzlar 5-20 santimetr chuqurlikda joylashgan), sho’rxoklangan Sho’rtoblar (20-40 santimetr) va yuvilgan Sho’rtoblar (60-80 santimetr) mavjud. Sho’rtoblar namlanganda kuchli disperslanadi, tuproqning strukturasiz massasi bo’kadi va suv o’tkazmaydi, quriganda esa zichlashib, palaxsapalaxsa yorilib ketadi. Sho’rtoblarning meliorativ holatini yaxshilash uchun kaltsiy tuzlari, ayniqsa, gips solinadi. Bunda kaltsiy tuproq singdirish kompleksidagi natriyning o’rnini olib, tuproq strukturasining tiklanishiga imkon yaratadi. Sodali Sho’rtoblarga gips solish, ayniqsa yaxshi natija beradi. Xloridsulfatli Sho’rtoblarni plantaj haydash, o’t o’simliklar (ayniqsa, ildiz sistemasi kaltsiy birikmalariga moyil bo’lgan dondukkakli)ni ekish yo’llari bilan o’zlashtirish mumkin. Ad.: Pochvovedenie, M., 1988.