Shvis qoramol zoti

Shvis qoramol zoti — sut go’sht olish uchun boqiladigan zot. Shveytsariyaning tog’li hududlarida Sharqdan qadimda keltirilgan kalta shoxli zotlarni uzoq tanlash yo’li bilan chiqarilgan. Tusi qo’ng’ir. Shvis qoramol zotining sutgo’sht, sut, go’shtsut yo’nalishidagi xillari bor, sutgo’sht beradigan xili tanasining yirikligi, yag’rindorligi bilan ajralib turadi. Go’shtsut yo’nalishidagi turining elinlari kichik, tanasi ixcham. Issiq iqlimli hududlar sharoitiga tez moslashadi. Buqalarining o’rtacha vazni 800-1000 kilogramm, sigirlariniki 600-700 kilogramm. Sut sog’imi 6000-6500 kilogramm, yog’liligi 4,0—4,1%. Sersut sigirlar 16 tonnagacha sut beradi. Go’shtdorligi yuqori, so’yim chiqimi 60%. Shvis qoramol zoti ko’plab mamlakatlarda, jumladan, Frantsiya, Italiya, AQSh, Kanada, shimol va Janubiy Amerika mamlakatlarida va Afrikada keng tarqalgan. Rossiyaga 1861 yildan, O’zbekistonga 1885 yildan boshlab keltirilgan. 1930 yildan «Savay» (Andijon viloyati), «Ovoshnoy», «Boyovut» (Toshkent viloyati), «G’allaorol», «Udarnik» (Jizzax viloyati) Shvis qoramol zoti naslchilik zavodlari tashkil etildi. Selektsionerlardan M.I.Samarsev va K.Madaminovlar O’zbekistonda Shvis qoramol zoti bo’yicha selektsiya ishlari rivojiga katta hissa qo’shgan.