Slovakiya

Rasmiy nomi — Slovakiya Respublikasi. Poy­taxti — Bratislava.  Hududi — 49035 km.kv. Aholisi – 5 mln kishidan ortiq (2012). Davlat tili — slovak. Dini — katoliklar (60%), protestantlar (23%), pravoslavlar (12%). Pul birligi — slovak kronasi.  Geografik joylashuvi va tabiati. Markaziy Yevropada joylashgan. Janubda — Vengriya, shimolda — Polsha, g‘arbda — Chexiya va Avstriya, sharqda Ukraina bilan chegaradosh. Mamlakatning markaziy va janubiy qismi tekisliklardan iborat. Shimoli g‘arbida va sharqida G’arbiy va Sharqiy Karpat tog‘lari joylashgan. Shimolda Baland Tatra tog’lari bor. Asosiy daryolari: Dunay, Gron, Vag, Bodrog. Iqlimi — mo‘tadil, kontinental. Asosiy yerosti boyliklari: temir rudasi, surma, magneziy, marganes. Mamlakatning 1/3 qismi o‘rmonzorlardir (dub, buk, archa, qarag’ay). Hayvonot olami kambag‘al (bo‘ri, tulki, ayiq, quyon, bug‘u, tipratikan, tustovuq, kaklik).  Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Slovakiyaning davlat tuzilishi — respublika. BMT va XVF a’zosi. Davlat boshlig‘i — prezident. Hukumat boshlig‘i — Bosh vazir. Oliy qonun chiqaruvchi organ — Milliy Kengash. Ma’muriy jihatdan    8 hududga bo’linadi. Siyosiy partiyalari: Demokratik Slovakiya uchun harakat, Demokratik so‘llar partiyasi, Slovakiya milliy partiyasi, Xristian-demokratik harakat.  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Slovakiya industrial-agrar mamlakat. Gandlov va Madri-Kamenda iqtisodiyoti uchun muhim bo’lgan ko‘mir konlari mavjud. Rossiyadan keladigan gaz va nefit trassalari o‘tadi. Tog‘-kon sanoati rivojlangan. Gidroelektrostansiyalar ko‘p. Slovakiyaning dehqonchilik uchun yaroqli yerlari hududining 1/3 qismini tashkil etadi (bug‘doy, arpa, lavlagi, makkajo‘xori, kartoshka yetishtiriladi). Vag vodiysida tamakichilik va bog’dorchilik rivojlangan. Mamlakatda chorvachilik ham taraqqiy et­gan. Tog‘li kurortlar mavjud. 2012-yil YIM miqdori 104,3 mlrd AQSH dollarni (aholi jon boshiga – 19,3 ming AQSH doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari: Germaniya, Chexiya, Rossiya, Italiya, Polsha.  Asosiy daryo portlari: Bratislava, Komarno.  Tarixi. М. a. V asrda mamlakat hududida frakiy qabilalari yashagan. M. a. Ill asrda bu yerda keltlar paydo bo‘ldi. 1 asrda mamlakat hududi rimliklar tomonidan egallangan. VI asrdan boshlab Slovakiyaga slavyan qabilalari ko‘chib kela boshladi. X asrda Buyuk Moraviya davlati tarkibiga qo‘shildi. XI asrda Vengriya qirolligiga tobe bo‘ldi. XVI asrda Janubiy Slovakiya usmoniylar tomonidan istilo qilindi, qolgan qismi Gabsburglar imperiyasi tarkibiga o‘tdi. XVII asrda mamlakat to‘liq Gabsburglar Avstriyasi tarkibiga kiritildi. 1867-yildan Slovakiya yangi tashkil topgan Avstro-Vengriya tarkibida bo`ldi. 1918-yili Avstro-Vengriya tarqatilishi bilan Slovakiya Chexiya bilan birlashdi va Chexoslovakiya davlatini tahkil etdi. 1939-yili Germa­niya «Myunxen bitimi»ga ko‘ra Chexoslovakiyani egallab, «Mustaqil Slovakiya» davlatini tashkil ettirdi. Slovakiya II jahon urushida Germaniya tarafida turib urushgan. 1945-yil Slovakiya sovet qo’shinlari tomoni­dan ozod etildi va kommunistik rejim o‘rnatildi. 1968-yili Chexoslovakiyada demokratik islohotlar o‘tkazildi, senzura bekor qilindi. Bunga javoban mamlakatga SSSR, GDR, Polsha va Bolgariya qo‘shinlari kiritildi. Bu siyosiy holat «Praga bahori» nomini olgan. Kommunistik rejim qayta tiklandi. 1989-yili «yumshoq inqilob» natijasida kommunistlar hokimiyati ag‘darildi. 1992-yili Chexiya bilan bo’lgan uzoq tortishuvlardan so‘ng davlat ikki qismga — Chexiya va Slovakiyaga ajratildi. 1993-yil 1-yanvarda Slovakiya mustaqillik deklaratsiyasini e’lon qilib, BMTga a’zo bo‘ldi.  Slovakiya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi bilan 1993-yilda diplomatiya munosabati o‘rnatdi.