SOLIQLAR
SOLIQLAR — davlatning korxona va tashkilotlardan hamda aholidan undiradigan pul mablag’laridir. Soliq ikki vazifani o’taydi: fiskal va iqtisodiy. Uning fiskal vazifasi asosiy bo’lib, u hamma davlatlarga xos. U davlat pul daromadlarini shakllantirishi va davlat harakati uchun moddiy asos yaratishdan iboratdir. Iqtisodiy vazifasi soliqlar ishlab chiqarishni tartibga soluvchi vosita sifatida qo’llashda namoyon bo’ladi. Uning yordamida iqtisodiy o’sish sur atlarini tiyib turish yoki rag’batlantirish kapital jamg’arishni ko’paytirish yoki susaytirish, aholining to’ lashga qodir talabini o’stirish yoki kamaytirish mumkin. Iqtisodiy mohiyatiga ko’ra soliqlar to’g’ri va egri soliqlarga bo’linadi. To’g’ri soliqlar to’g’ridan-to’g’ri ochiq daromad yoki mulklarga solinadi. Bu turdagi soliqlarga korxona va tashkilotlardan olinadigan daromad solig’i, mol-mulk daromadi, aholidan daromad solig’i va boshqalarni misol qilib ko’rsatish mumkin. Egri soliqlar tovar molmulki narxidan qimmatga, ustiga qo’yib sotish yordamida davlat xazinasiga kelib tushadigan soliqlardir. Masalan, aksizlar, bojlar va boshqalar.