Sulton Jaloliddin Mangubergi

Muqaddima

La’nati totorlar, ular Vatani va ishlarining ilk bayoni

Chingizxon va uning ikki do’sti qo’zg’olon ko’targanidan keyin buning oqibati nimalarga olib kelgani bayoni

Qushluxonning Chingizxondan ajralganidan keying taqdiri bayoni

Qushluxonning Chingizxon o’g’li Dushixon qo’lida olti yuz yigirmanchi yilda o’lim topishi bayoni

Sultonning Iroqqa yurishi va bu yerda bo’lib o’tgan voqealar bayoni

Otabek O’zbekning ishlari, uning Isfaxondn ketishi va hayotiga xavf tug’dirgan asirlik to’ridan qutulishi bayoni

Nusratiddin Muhammad ibn Pishteginning asir olingandan keying taqdiri qanday kechganligi bayoni

Fors hukmdori otabek Sa’d ibn Zangining bandilikdan qutilishi bayoni

Sultonning Bog’dodga yurishi va undan qaytib kelishi bayoni

Sulton Iroqqa yurish qilishdan oldin qonuniy jihatdan va ehtiyotkorlik yuzasidan qanday tadbirlarni amalga oshirib ulgurgani bayoni

Sultonning Iroqdan qaytib kelganidan keying voqealar bayoni

Nizomulmulkning vazirlikdan chetlashtirilganidan keying ahvoli bayoni

Sultonning Movarounnahrga qaytib kelganidan keyin ro’y bergan voqealar bayoni

Savdogarlar o’ldirilganidan keyin Chingizxon elchilarining Sulton huzuriga kelishi bayoni

Chingizxon qo’shinlari hujumini bilgandan keyin Sulton ularga qarshi qanday noto’g’ri tadbirlar qo’llagani bayoni

Chingizxon foydasiga va Sulton zarariga ishlarilgan bir ayyorlik natijasida Xorazmshohning o’z amirlaridan shubhalanishi, ularni tashlab ketishga majbur bo’lishi hamda ajralishi bayoni

Turkon xotunning olti yuz o’n oltinchi yilning oxirgi kunlarida Xorazmni tashlab chiqishi bayoni

Turkon xotun hayotining ba’zi bir jihatlari va uning fe’l-atvori

Sultonning Chingizxon Buxoroni egallab olganini eshitganidan keyin Kalifdan ketishi bayoni

Sultonning Qulzum dengizidagi orolda vafot etganiga qadar qanday tashvishlarni va musibatlarni boshidan kechirgani bayoni

Shihobiddin al-Xivaqiyning Xorzmdan Nasaga kelishi, totorlarning uni o’ldirishi va Nsa aholisini qirishi bayoni

Sulton qochganidan keyin Xurosonda ro’y bergan voqealarning qisqacha tafsiloti

Sultonning o’r’li Jaloliddin Manguberdini taxt vorisi qilib belgilashi va Qutbiddin O’zlog’shohni taxt vorisligidan chetlatishi bayoni

Turkon xotunning Xorazmdan ketishi va undan keyin bu yerdagi ahvol bayoni

Jaloliddin va uning ukalari O’zlog’shoh, Oqshohning Xorazmga qaytishi hamda ularning nizo sababli ikki qarama-qarshi guruhga bo’lingan holda bu yerdan jo’nab ketishi bayoni

Nizomiddin as-Sam’oniy va uning Xurandizga vaqtincha tashrif buyurishi hamda qo’rquv tufayli uni tezlik bilan tark etishi bayoni

Jaloliddinning Xorazmdan ketishi va buning sabablari bayoni

Jaloliddin ketganidan keyin Qutbiddin O’zlog’shoh va uning ukase Oqshohning Xorazmdan qochishi, buning sabablari hamda ular ikkalasining keying taqdiri bayoni

Jaloliddinning Nishopurga kelishi va shahardan chiqib G’aznaga yo’l olishi bayoni

Badriddin Inonjxonning Buxorodan qutulib chiqqanidan keyin Xurosonda va boshqa joylarda boshiga tushgan tashvishlar hamda Solmon darasida halok bo’lishiga qadar kechgan ahvoli bayoni

Sultonning o’g’li, Iroq hukmdori Rukniddin G’ursanjtiy ahvoli va u bilan ro’y bergan voqealar bayoni

G’iyossinning ahvoli va uning Kirmonga yurishi bayoni

G’iyosiddinning Forsga yurishi, bu viloyatdagi bosqinchiliklari va qo’shinlarining bu yerda qilgan jinoyatkorona ishlari bayoni

Jaloliddin G’aznaga kelguncha bu yerda ro’y bergan voqealar bayoni

Jaloliddin G’aznaga qaytib kelganidan keying voqealar bayoni

Jaloliddin va Chingizxon o’rtasida Sind daryosi bo’yida bo’lib o’tgan eng og’ir hamda juda ko’p g’am-kulfatlar keltirgan dahshatli jang bayoni

Jaloliddinning Sind daryosidan o’tishi va 619 yil voqealar bayoni

Jaloliddin bilan Qubacha o’rtasidagi hamkorlik va nizolar bayoni

Jaloliddin Qubachani mag’lub etganidan keyin ular o’rtasida bo’lib o’tgan voqealar va uning Hindistondan ketish arafasida Shamsiddin Eltutmish bilan munosabatlari bayoni

Totorlarning Xorazmni 6q7 yil zulqa’daida qamal qilishi va uni 618 yil safar oyida bosib olishi bayoni

Jaloliddinning Hindistondan chiqishi, olti yuz yigirma birinchi yilda Kirmonga kirib kelishi va uning Iroqni bosib olgunicha bo’lib o’tgan voqealar bayoni

G’iyosiddinning o’z mamlakatidagi hayot tarzi haqida

Faxriddin Ali ibn Abul Qosim al-Jandiyning vazirlikkacha bo’lgan faoliyati va uning vazir bo’lishi, Sharafulmulk Xoja Jahon laqabini olishi bayoni

Sulton (Jaloliddin) saroyiga kelishim sababi va xizmatga kirishim bayoni

Sultonning ukasi ustidan g’alaba qozonganidan keyin Xuzistondagi harbiy yurishlari bayoni

Sultonning Ozarbayjonni bosib olishi bayoni

Sultonning gurjilarni qanday mag’lub qilgani bayoni

Sultonning Dvindan Tabrizga qaytishi va olti yuz yigirma ikkinchi yilning rajabida qo’shinning barong’orining gurjilar mamlakatida qoldirilishi bayoni

Sultoning Ganjani va Arroning boshqa shaharlarini qanday bosib olgani bayoni

Sultonning To’g’rul ibn Arslonning qizi bilan nikohdan o’tishi bayoni

Tabriz qoziligidan Qavomiddin al-Jidariyning chetlatilishi va Izziddin al-Qazviniyning bu mansabga tayinlanishi sababi bayoni

Sultonning gurjilar mamlakatiga qaytishi va Tiflisni bosib olishi bayoni

Sultonning Kirmonda Baroq Hojibga hujum qilishga intilishi va Kirmonni qo’lga kiritolmay qaytishi bayoni

Sulton yo’q paytida gurjilar mamlakatida qolgan qo’shinlar boshidan kechgan voqealar bayoni

Olti yuz yigirma uchinchi yilda Mag’rab elchisi Shamsiddinning kelishi bayoni

Olti yuz yigirma to’rtinchi yilda Sultonning Boylakon va Ardobilni hamda ularga yaqin bo’lgan joylarni Sharafulmulkka mulk qilib berishi bayoni

Otabek O’zbekning o’g’li Malik Xomush va uning Sulton xizmatiga kelishi bayoni

Iroq akobirlarining Sultonning Iroqdagi vaziri Sharafiddin Ali at-Tafrishiy ustidan shikoyati bayoni

Urxonning ismoiliylar tomonidan Ganjada o’ldirilishi bayoni

Sultoning olti yuz yigirma to’rtinchi yil Iroqqa yurishi va uning totorlar bilan Isfaxon ostonalarida yuzma-yuz kelishi bayoni

Sulton bilan ukasi G’iyosiddin Pirshoh o’rtasidagi bo’lib o’tgan nizolar hamda uning Sulton huzuridan ketgandan keying taqdiri bayoni

Alamut hukmdori Alovuddinning Sultonga do’stona munosabat bilan fidoyilar yuborgan bayoni

Safiaddin Muhammad at-Tug’roiyning Xuroson vazirligidan chetlashtirilishi va uning o’rniga Tojiddin Muhammad al-Balxiy al-Mustavfiyning tayinlanishi bayoni

Mening Nasa vaziri etib tayinlanishim va natijada Duyoulmulk bilan oramizda bo’lib o’tgan voqealar bayoni

Sultonning qozi Mujiriddinni bir sehrning ostida nima borligini aniqlash uchun Bog’dodga yuborgani bayoni

Arron va Ozarboyjondagi voqealar bayoni

To’g’rulning qizi Malikaning ahvoli va uning taqdiri bayoni

Ar-Rumdan elchi Imomiddinning kelishi bayoni

Sulton Iroqda paytida Sharafulmulkning Ozarboyjonda ismoiliylar savdogarlarini o’ldirishi bayoni

Olti yuz yigirma to’rtinchi yilda al-Hojib Ali al-Ashrafiyning Xurshda Sharafulmulkka qilgan hujumi, uning Arronda o’z boyliklarini tashlab qochib qutilib qolishi, odamlarining tarqalib ketishi bayoni

Al-hojib Ali al-Ashrafiyning Ozarboyjonning ayrim viloyatlarini bosib olishi va Sharafulmulkning unga hujum qilganidan keyin oralarida bo’lib o’tgan voqealar bayoni

Izziddin Balbon al-Xolholiy va uning hayotining yakuni byoni

Imom az-Zohir bi’amrillohning elchilari Najmiddin ar-Roziy va Rukniddin ibn Attorning kelishi bayoni

Sultoning Ozarboyjonda qishlashi, bu yerda Sharafulmulkning xatolaridan ogoh bo’lishi va u haqda fikrlarining o’zgarishi bayoni

Gurhonning Sulton xizmatiga kelishi bayoni

Sharafulmulk Sultonning o’ziga nisbatan munosabati o’zgarganini bilganidan keyin Muqonda qilgan ishlari bayoni

Shirvonshoh Afridun ibn Fariburzning kelishi bayoni

Sultonning gurjilar mamlakatidagi Lori shahriga yurishi bayoni

Bahrom al-Qurjining qal’alarining Sulton tomonidan qamal qilinishi bayoni

Sulton ustozdor Ixtiyoriddinni qanday bandi qilgani bayoni

Sultonning Hilotga tomon yurishi, uni qamal qilishi va bosib olishi

Hilotni qamal qilish paytida bo’lib o’tgan voqealar bayoni

Sultonning olti yuz yigirma oltinchi yilning oxirida Hilotni bosib olishi bayoni

Hilot bosib olinganidan va talanganidan keyin Sultonning bu yerdagi faoliyati, shahar atrofidgi yerlarning iqto qilib bo’lib berilishi bayoni

Hilot bosib olinganidan keyin Oliy devondan elchilar kelgani bayoni

Sultonning ar-Rumga yurishi va bu yerga yozda yetib kelishi bayoni. Uning qo’shining as-Shom va ar-Rum qo’shinlaridan mag’lub bo’lishi

Al-Malik al-Ashrafning Hilotga safari. Uning Sultonga tinch-totuv yashash to’g’risida noma yo’llashi bayoni

Iroqqa topshiriqlarni bajarish uchun borishim bayoni

Alamutga borishim va Sulton topshirig’ini qanday bajarganim bayoni

Izziddin Balbon al-Xalxoliy va uning o’limi bayoni

Jahon Pahlavon O’zbek Toiyning Hindistondan Iroqqa kelishi bayoni

Iroq noibi Sharafiddin bilan Qazvinda ajralishim va imkonsiz holda Ozarboyjonga borishim bayoni

Totorlar qo’shini ilg’orining Ozarboyjon chegarasida paydo bo’lishi va Sultonning Tabrizdan Muqonga ketishi

Totorlarning Sultonga Shirkabut chegaralarida qilgan hujumi bayoni

Sulton Mujiriddin Yoqubni uning akasi al-Malik al-Ashraf Muso huzuriga qanday jo’natishi bayoni

Totorlar Muqonga hujum qilganidan keyin Sultonning ahvoli bayoni

Shamsiddin at-Tug’roiyning Tabrizdagi faoliyati bayoni

Ganjadan ketishim va Sulton xizmatiga qaytib borishim bayoni

Sharafulmulkning Sulton tomonidan Jarbard qal’asida bandi qilinishi va bir oydan keyin o’ldirilishi bayoni

Sharafulmulkning hayoti va fe’l-atvoridan ayrim lavhalar

Sultonning Ganjaga jo’nashi va uni ikkinchi bor bosib olishi bayoni

Totorlarning Berkriga Sultonni izlab daryodan kechib o’tgani haqidagi Hilotdan Mayaforiqinga kelgan ma’lumotnoma v amening al-Malik al-Muzaffar huzuridan qaytishim bayoni

Jaloliddinning Amid qasabasida to’xtashi, uning Isfaxonga jo’nash haqida qaror qilishi, Amid hukmdori al-Malik al-Mas’udning elchisi kelganidan keyin uning bu fikridan qaytishi, totorlarning Sultonga hujum etishi bayoni

Sulton boshidan kechgan voqealar va uning hayotining so’nggi kunlari bayoni

Jaloliddinning fe’l-atvori, uning o’ziga xos xususiyatlari, muxrlari haqida, shuningdek, uning xalifaga, boshqa davlatlar hukmdorlariga va ayni paytda ularning Sultonga nisbatan munosabatlari to’g’risida

Sulton tarixining tadqiqi

Moziyga qaytib ish ko’rmoq xayrli, deyishadi. Shu ma’noda istiqloldan keyin mamlakatimizda ko’plab xayrli ishlar amalga oshirildi. Avvalo, tarixni, moziyni o’rganish davlat ahamiyatia molik ish deb belgilandi. Shu asosda Imom Buxoriy, Ahmad al-Farg’oniy, Zamaxshariy, Hakim at-Termiziy, Amir Temur, Ulug’bek, Naqshbandiy, Bobur, Feruz singari ulug’ ajdodlarimizning, allomalarimizning o’lmas merosi o’rganildi. Buxoro, Xiva kabi shaharlarimizning ikki yarim ming yillik to’ylari o’tkazildi, tarixi tadqiq etildi. Ming yillik tarixga ega Ma’mun akademiyasi qayta tiklandi va faoliyat ko’rsata boshladi. O’nlab noyob arxitektura yodgorliklari davlatimiz homiyligida qayta tiklandi.

Tarixga, moziyga nisbatan munosabat butunlay o’zgardi, endilikda uni yaxshi va yomonlarga ajratmay, har xil sinflarga bo’lmay, qanday mavjud bo’lsa, shunday yaxlit holda xolis, haqqoniy, aniq faktlar asosida dunyo tarixi bilan birgalikda o’rganish talab qilib qo’yildi.

Davlatning o’tmish merosimizni tadqiq etish borasidagi xayrli ishlari izchil davom etmoqda. Yurtimizda endilikda “Alpomish” dostonining to’yini, Kamoliddin Behzod, Ogahiy tavallud sanalarini o’tkazishga tayyorgarlik bormoqda.

Mamlakatimiz Prezidenti yurtimiz tarixini o’rganish, xalqimizni o’tmish qadriyatlaridan bahramand etishda yana bir ulug’vor ishni boshlab berdi. 1999 yilda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash to’g’risida farmon chiqardi. Shu asosda Vazirlar Mahkamasining bu haqda qarori qabul qilindi. Farmon va qarorda ulug’ yurtdoshimiz xotirasini abadiylashtirish borasida ko’p ishlar qilish belgilangan. To’y bahonasida Vatan ozodligi yo’lida jonini fido qilgan dovyurak kurashchi, milliy qahramon, jahon xalqlari tarixida o’chmas iz qoldirgan buyuk inson, vatanparvarning hayoti, faoliyati, ajdodlari tarixini tadqiq etish, u haqdagi tarixiy haqiqatni tiklash asosiy maqsad qilib qo’yildi.

Maqsad ulug’, niyat katta. Lekin tarixiy haqiqatni, o’lmas merosimizni tiklash oson emas. Ochig’ini aytish kerak, xalqimiz Jaloliddin Manguberdining qahramonligi, vatanparvarligidan, bosqinchilarga qarshi kurashidan qanchalik faxrlanmasin, nomini qanchalik ulug’lamasin, keyingi salkam 150 yil davomida haqiqiy tarixidan bexabar bo’lib keldi. Uning hayoti haqidagi asarlar, bitiklar o’tmishning uzoq yillar qatlamlarida goh unutildi, goh o’rganish taqiqlandi. Tadqiqotlar qilinmadi. Shuning uchun mamlakatimiz Prezidentining Jaloliddin Manguberdining 800 yilligini nishonlash haqidagi farmoni uning hayoti, faoliyati, yurt ozodligi uchun kurashi haqidagi tarixiy haqiqatni xalqimizga yetkazish yo’lidagi dastlabki eng katta tadbir bo’ldi, deyish mumkin.

Bu o’rinda hali savol tug’iladi: xo’sh, bizda ahvol shunday kechgan ekan, endilikda Jaloliddin tarixini haqqoniy, xolis yoritish uchun imkon bormi? Uning taqdiri haqida, Xorazmshohlar davlati tarixi to’g’risida manbalar, tadqiqotlar, ma’lumotlar mavjudmi?

Ne ajabki, tarixda ham g’alati, g’ayritabiiy holatlar uchrab turadi. Aytaylik, xorazmshohlar – zaminimizda hukmronlik qilib o’tgan ulug’ ajdodlarimiz, Jaloliddin – yurtimiz farzandi, xalqimizning ardoqli qahramoni. Lekin ular tarixi haqida o’z tarixchilarimizdan ko’ra boshqa xalqlar muarrixlari ko’proq asarlar yozib qoldirganlar. Bu g’ayritabiiy holat keying davrlarda ham davom etgan. Masalan, XIX-XX asrlarda o’z tariximizda Jaloliddin va uning ajdodlari – Xorazmshohlar saltanati haqida ilmiy-tadqiqot asarlari nihoyatda kam, umuman yo’q darajada bo’lsa, xuddi shu davrda Yevropa, arab, turk qadimshunosligida ular to’g’risida bir necha o’nlab ilmiy-tadqiqot asarlari yaratilgan. Umuman, dunyo qadimshunosligiga nazar tashlaydigan bo’lsak, bu mard, Vatan ozodligi yo’lida fidoyi inson hayoti, faoliyati haqida ko’plab asarlar borligini ko’ramiz. U haqdagi XIII asrdan to hozirgacha yaratilgan asarlarni sanaydigan bo’lsak, ular salkam 500 jildga yaqin kitobni tashkil etadi. Bu asarlarni shartli ravishda ikki davrga: birinchi davri – XIII-XVIII asrlarda yozilgan bitiklarga; ikkinchi davri – XVIII-XX asrlarda yaratilgan asarlarga bo’lib o’rganish mumkin.

Birinchi davrda yaratilgan asarlarning aksariyati Sharq tarixchilarining, ijodkorlarining qalamiga mansub hisoblanadi. Ularda Jaloliddin hayoti, faoliyati, taqdiri haqida hikoya qilinadi. Mo’g’ullarga qarshi olib borgan kurashlari aks ettiriladi. Bu asarlar mualliflarining aksariyati Jaloliddinni ko’rgan, bilgan, u haqda eshitgan, uning hayotidan xabardor insonlardir. Bu davrda yaratilgan asarlar yodnomalar, yilnomalar, tarixiy hujjatlar va har xil bitiklardan iborat.

Ana shular orasida ishonchli, asosiy tarixiy manbalardan biri Shihobiddin Muhammad an-Nasaviyning “Sulton Jaloliddin Manguberdi hayotining tafsiloti” asaridir. Shihobiddin an-Nasafiy Xurosonning Nasa shahri yaqinida tug’ilgan. Shu viloyatdagi Xurandiz qal’asining voliysi bo’lgan. U turkiy, forsiy, arabiy tillarni mukammal bilgan. Nasa shahri va viloyati Xorazmshohlar qo’l ostidagi mulklardan biri bo’lgan. Asarni an-Nasaviy 1241 yilda Jaloliddin o’limidan 10 yil keyin yozishga kirishgan va 1249 yilda vafotidan sal oldin tugatadi. Asarga 1218 yildan 1231 yilgacha Xorazm, Movarounnahr, Xuroson, Hindiston, Eron, Iroq, Ozarboyjon, Gruziya kabi davlatlarda, aniqrog’i, Jaloliddin qo’l ostida to’plagan saltanatda bo’lib o’tgan voqealar, Xorazmshoh Alovuddin Muhammad va Jaloliddin Manguberdi faoliyatlari, Chingiz bosqini dahshatlari haqqoniy tarzda hikoya qilinadi. Undagi voqea-hodisalar, ularning ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlarning haqqoniyligiga Shubha qilmasa ham bo’ladi. Chunki asar muallifi an-Nasaviy Jaloliddinning munshiysi, shaxsiy kotibi bo’lgan, u bilan ko’p masalalarni hal qilishda ishtirok etgan. O’zi ko’rmagan, bilmagan voqealarni esa uni ko’rgan-bilgan ishonchli odamlarning hikoyalari orqali keltiradi. Ushbu asarning yana bir qimmatli tomoni shundaki, agar o’sha davrda xorazmshohlar va mo’g’ullar o’rtasidagi kurash voqealarini ko’pchilik tarixchilar mo’g’ullar tomonida turib yoritgan bo’lsalar, bu asarda tarixga xorazmshohlar tomonidan turib nigoh tashlanadi. Aniqroq qilib aytadigan bo’lsak, o’sha davrning boshqa tarixchilari ko’ra olmagan teran haqiqatni an-Nasaviy yaxshi bilgan va asarida ko’rsatib bera olgan. Masalan, Xorazmshohlar davlatining ichki hayoti, Turkon xotunning mamlakat hayotida tutgan o’rni, saltanatning ichdan yemirila boshlashi, qipchoqlarning Alovuddin Muhammadga nisbatan sotqinligi, Bog’dod xalifasining xorazmshohlarga nisbatan salbiy munosabati, Jaloliddinning Gruziyaga yurishi sabablari, uning ayyubiy, ismoiliy sultonlar bilan o’zaro aloqasi, ularning sultonga xiyonatkorligi kabi masalalar borki, Nasaviy ularni yangicha asosda yoritadi. Shuning uchun ham o’sha davrda va undan sal keyin yashab o’tgan tarixchilardan aksariyati, jumladan, al-Maqdisiy, Abul Fido, ibn Xaldun, al-Fuvatiy, al-Ayniy, al-Xazrajiy, ibn Shaddod, az-Zahabiy, as-Safadiy to’plamlarida an-Nasaviyning bu asariga Jaloliddin Manguberdi hayotini aks ettiruvchi birlamchi, ishonchli manba deb baho berganlar hamda undan iqtiboslar olganlar.

Shihobibbin Muhammad an-Nasaviyning “Sulton Jaloliddin Manguberdi hayotining tafsiloti”, (“Sirat as-sulton Jaloliddin Mankburni”) asari arab tilida yozilgan. Asarning ikkita to’liq bo’lmagan qo’lyozmasi bugungi kungacha yetib kelgan. Ulardan biri – 1260 yilda yozilgan qo’lyozmasi Parij Milliy kutubxonasida, ikkinchisi Britaniya muzeyida saqlanadi. Bu asar haqida g’arb tarixiga ilk ma’lumotni XIX asr o’rtalarida K.D’ Osson olib kiradi. Uning 1852 yilda Amsterdamda nashr etilgan “Mo’g’ullarning Chingizxondan Amir Temurgacha bo’lgan tarixi” deb nomlangan asarida bu haqda mufassil m’lumot berilgan. Keyinchalik sharqshunos olim Oktav Udas “Sirat”ni fransuz tiliga tarjima qiladi va nashr ettiradi. Bu asarning jahon tarixidagi o’rni haqida bir qancha maqolalar yozadi. Shundan keyin g’arb tarixida Jaloliddin to’g’risida A.Myuller, J.Boyl, V.Fishel, V.Allen, X.Xorst, Kl.Kayen. G.Gottshalk, B.Shpuler kabi olimlarning ilmiy tadqiqotlari paydo bo’ladi. Ular Nasaviy asari bilan birgalikda Jaloliddin Manguberdining tarixdagi o’rniga ham munosib baho beradilar.

O.Udas tarjimasi asosida Nasaviy asarini 1914-1916 yillarda Yu.Ziyo va A.Tavhiy turk tiliga o’girib, nashr qildiradilar. 1934 yilda bu asar Najib Asim tarjimasida yana bir bor turk tilida nashr qildiriladi. Bunda avvalgi tarjimada yo’l qo’yilgan kamchiliklar to’ldiriladi va asar mukammalshtiriladi. Keyinchalik O.Udas tarjimasidagi asar Qohirada nashr etiladi. 1945 yilda bu asar Muhammad Ali Nasix tomonidan fors tiliga ham o’giriladi. 1953 yilda Hofiz Ahmad Hamdiy uni O.Udas tarjimasi asosida arab tiliga tarjima etib, nashrdan chiqartiradi. Keyinchalik Nasaviy asari boshqa tillarga ham tarjima qilinib, ko’plab ilmiy tadqiqotlar paydo bo’ldi.

“Sirat” rus tiliga 1850 yildan 1900 yilgacha qisqartirilgan holda bir necha bor tarjima etilgan. Uning rus tarixida o’rganilishida Peterburg universitetining professori, shayx Muhammad Tantaviyning xizmatlari kattadir. Avvalo, shayx Tantaviy Parij Milliy kutubxonasidagi Nasaviy asari qo’lyozmasini qaytadan ko’chirib oladi. Uning yo’qolgan sahifalari, o’chib ketgan joylaridagi so’zlarni asar ruhidan kelib chiqqan holda to’ldiradi. Ba’zi joylariga aniqlik kiritadi. Shu tariqa an-Nasaviy asarining shayx Tantaviy tayyorlagan nusxasi O.Udas nashr ettirgan nusxasidan ko’ra to’aroq va mukammalroq chiqadi.

Ushbu asar ustidagi ishni keyinchalik ozarboyjonlik tarixchi, sharqshunos olim Ziyo Bunyodov davom ettiradi. U an-Nasaviy asarining arab, fransuz, fors tillaridagi va shayx Tantaviyning nusxalari asosida tanqidiy matnini tayyorladi. Ammo bu ish 60-yillardan beri nashr qilinmasdan qolib kelmoqda. Ayni paytda, olim asarning to’liq nusxasini, tanqidiy matn asosida rus tiliga tarjima qilib, 1973 yilda Bokuda nashr ettirgan.

Afsuski, an-Nasaviyning Jaloliddin Manguberdi haqidagi eng ishonchli manba bo’gan bu asari ham, uni tadqiq qilish asosida xorijlik qadimshunoslar tomonidan yaratilgan boshqa o’nlab asarlar, maqolalar ham o’zbek tiliga o’girilmagan.

Jaloliddin Manguberdi haqida yozilgan asarlardan yana biri Nuriddin Zaydariyning fors tilidagi “Nafsat al-masdur fi future zaman as-sudur va zaman as-sudur al-futur” yilnomasidir. Nuriddin Zaydariy ham Jaloliddinning munshiysi, kotibi bo’lgan. Tarixchilardan ayrimlari Zaydariyning bu asarini an-Nasaviyning “Sirat”idan tarjima deb baholasa, ba’zilari alohida mustaqil asar deb qaraydilar. Ziyo Bunyodov ikkala asarni – “Sirat”ni ham, “Nafsat al-masdur”ni ham o’rganib, bir shaxs, bir voqea-hodisalar, bir tarix haqidagi ikki asar deb yozadi. Nima bo’lmasin, bu asarning borligi, unda Jaloliddin Manguberdi haqida ma’lumotlar berilishi tariximizni o’rganish uchun katta ahamiyatga egadir.

Jaloliddin Xorazmshoh hayoti va faoliyati to’g’risida ma’lumotlar beruvchi tarixiy bitiklardan biri Izziddin ibn al-Asirning o’n ikki jilddan iborat “al-Komil fit-tarix” (“Mukammal tarix”) asaridir. Jahon tarixiga oid voqealar xronologik tarzda qayd etilgan bu asarda Xorazmshohlar davlati faoliyatiga alohida o’rin berilgan. Asar muallifi kitobida keltirilgan voqealarni ko’rmagan, shohidi bo’lmagan bo’lsa ham, eshitganlari asosida yaratgan. Shihobiddin an-Nasaviy Ibn al-Asirning bu kitobiga yuqori baho berib, bunday deb yozadi: “U asarida ba’zi o’rinlarda haqiqatdan bir oz chekingan bo’lsa-da, eng muhim va asosiy voqealardan birortasini e’tibordan chetda qoldirmagan”. Shuningdek, Nasaviy uning bu kitobidan ta’sirlanganini, o’z asarini yaratishda undan foydalanganini ham eslatadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Ibn al-Asirning bu asari Nasaviy asaridan o’n yillar ilgari yozib tugallangan. O’tmish tariximiz to’g’risida boy manbalarga ega bo’lgan, jahonning ko’plab tillariga o’girilgan bu asar ham o’zbekchaga tarjima qilinmagan.

Taniqli tarixchilar Juvayniy “Tarixi jahongusha”, Rashididdin “Jami at-tavorix”, Juzjoniy “Tabaqati Nosiriy” asarlarida ham Jaloliddin xususida ma’lumotlr berganlar. Mo’g’ul xonlari xizmatida bo’lgan bu tarixchilar sulton hayoti, faoliyatini rahnamolari talabi bilan bir yoqlama yoritishga majbur bo’lganlar. Ammo shunga qaramay, ular ham sultonning mardliklari, qahramonliklaridan ko’z yumolmaydilar. U haqdagi tarixiy haqiqatni e’tirof etadilar. Bunday e’tiroflar mo’g’ullar tarixi “Muqaddas bitiklar”da ham, Chingiz xizmatida bo’lgan xitoylik tarixchilar Yelyuy Chu-Tsay va Sun Tszi-chjen asarlarida ham uchraydi. Ularda Xorazmshohlarning hayoti, mamlakati tegralari, xalqlar faoliyati qalamga olinadi. Jaloliddinning qahramonliklari, kurash yo’llari, qo’shinlari to’g’risida ma’lumotlar berildi.

XIII-XVI asrlar oralig’ida Sharqda yashagan birorta tarixchi yo’qki, Xorazmshohlar tarixini, xususan, Jaloliddin Manguberdi hayoti, faoliyatini qalamg olmagan yoki ular taqdiridan misollar keltirmagan bo’lsin. Ana shunday asarlar jumlasiga Yoqut Hamaviyning “Mo’jam al-buldan”, Sibt ibn al-Javziyning “Mi’rat az-Zaman”, Yosin al-Umariyning “Al-asar al-Jaliyya”, Zakariyo al-Qazviniyning “Asar al-bilad”, Al-Kalkashondiyning “Subx al-ash’yo”, Ibn at-Tiktakaning “Al-faxri fil adab as-sultoniyya”, Ibn Tagriberdining “An-nujum…”, Ibn Xallikoning “Vafayat al-a’yan”, Ibn Qosirning “Al-bidaya van-nihaya”, Ibn al-Ibriyning “Tarix muxtasar ad-duval”, Ibn al-Vardining “Tarix”, Ibn al-Amidning “Tarix al-muslimin”, G’ozi Ahmad G’afforiyning “Jahonoro”, Boyhaqiyning “Tarixi Boyhaqiy”, Abul Farajning “Abul Faraj tarixi”, armanlar, gruzinlar, albanlar va boshqa xalqlarning tarix haqidagi asarlari kiradi.

To’g’ri, bu asarlardagi tarixiy faktlar, Jaloliddin hayotiga oid ma’lumotlarning hammasini haqqoniy deb bo’lmaydi. Ba’zi fikrlarda ham chalkashliklar uchraydi. Lekin shunga qaramay ularda biz uchun qimmatli bo’lgan bir narsa bor – bu tariximizning hali ko’pchilikka ma’lum bo’lmagan manbalari, xorazmliklar taqdiriga oid ma’lumotlardir. Biz uchun Jaloliddin tariini o’rganishning birinchi davrida yaratilgan asarlarning qadr-qimmati ham ana shunda.

Jaloliddin Manguberdi tarixini o’rganishning ikkinchi davri XVIII-XX asrlarni qamrab oladi. Bu davrda yaratilgan asarlar, asosan, Jaloliddinning hayoti, faoliyati haqida XIII-XVII asrlar oralig’ida yozilgan tarixiy bitiklar, yodnomalarni ilmiy tabdil qilish, tadqiq etishdan iborat. Tadqiqotchilar doirasi ham nihoyatda kengaygan. Agar Jaloliddin hayoti, faoliyati haqida faqat sharq tarixchilar, solnomachilari yozgan bo’lsalar, ularni tadqiq etishga g’arb tarixshunoslari, rus, arab, turk, eron, gruzin, ozarboyjon olimlari ham qo’shildilar. Dunyo qadimshunolarining Jaloliddin tarixiga qiziqishi avvaldan mavjud edi. Bu qiziqish Shihobiddin Muhammad an-Nasaviyning “Sulton Jaloliddin Manguberdining hayoti tafsiloti” asari fransuz, nemis, ingliz tillariga tarjima qilinganidan keyin yanada kuchaydi. Ana shu munosabat bilan yozilgan sarlar sirasiga S.Len-Pulning “Musulmonlar sulolasi”, A.Myullerning “Islom tarixi”, Ye.Davidovichning “Muhammad Xorazmshohning tanga saroyi”, V.Rozening “An-Nasaviyning “Sulton Jaloliddin Mankburning hayoti tafsiloti” asariga so’z”, Ye.Tomasning “Xronika”, M.Keymanning “Manbalar”, K.Vittfogelning “Qoraxitoylar”, S.Bosvortning “Tarix”, A.Iqbolning “Eron tarixiga doir”, I.Qafaso’g’lining “Xorazmshohlar davlati tarixi”, M.Ko’prlining “Xorazmshohlar”, O.Tanerining “Jaloliddin Xorazmshoh va uning zamoni”, V.Minorskiyning “Tabriz”, O.Turonning “Turkon xotun emas, Terken xotun deyish kerak”. A. al-Azzaviyning “At-tarix” kabi asarlari kiradi. Bunday asarlar ro’yxatini yana ham davom ettirish mumkin. Bulardan xusolosa qilib shuni aytish mumkinki, tarixning O’rta asr qismida jaloliddinshunoslik bo’limi yuzaga kelan. Tarixchi olimlar bu mavzuga doimiy ravishda murojaat qilib, uni yangi-yangi tadqiqotlar bilan boyitib bormoqdalar. Afsuski, xalqimiz benasib bo’lgani kabi, bu asarlar to’g’risidagi tadqiqotlar bilan tanishishdan ham bebahra qolmoqda.

Shu o’rinda haqli savol tug’iladi: dunyo tarixchilarining Xorazmshohlar taqdiriga, Jaloliddin Manguberdi hayoti, faoliyatiga qiziqishi sababi nimada? Nega muarrixlar, ijodkorlar, sharqshunoslar ular merosiga qayta-qayta murojaat qilmoqdalar, uning yangi-yangi qirralarini topishga intilmoqdalar? Buning ma’lum sabablari bor. Avvalo, O’rta asrlar tarixida Xorazmshohlar davlati katta o’rin tutadi. Bu saltanatning tashkil topishi, kuchayishi, juda katta tegrani qamrab olishi, unda ma’naviyatning yuksalishi yirik shaharlarning barpo etilishi, boshqa sohalarning rivojlanishi tarix taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega. Ikkinchidan, tanazzulga yuz tutgan bu davlat bosh bir saltanat – mo’g’ullar hukmronligiga yo’l ochib berdi. Ayni paytda unga, bu yangi qudratli davlatga kuchli zarba ham bera oldi. Tarixda hukmronlikning yangilanish jarayoni yuz berdi Uchinchidan, tarix o’z maydoniga Xorazmshohlar davlati namoyandasi – mard, vatanparvar, fidoyi, O’rta asr yo’lbarsi, ritsari deb tanilgan qahramon Jaloliddinni olib chiqdi. Uni ozodlik uchun kurashchiga aylantirdi. Qolaversa, Xorazmshohlar saltanati faqat Xorazmning o’zidagina hukmronlik qilmadi. Bu saltanat o’z doirasiga Movarounnahr, Xuroson, Iroq, Arron, Mozandaron, Ozarboyjon, Gruziya, Afg’oniston, Pokiston, Hindiston tegralarini ham birlashtirib olgandi. Demak, bu davlatning tarixi ana shu tegradagi xalqlarning ham tarixi edi. Ana shu sabablarga ko’ra muarrixlar, qadimshunoslar, ijodkorlar O’rta asrlarda yuksak mavqega ega bo’lgan bu davlat tarixiga qayta-qayta murojaat qilayotganlari tabiiy edi.

Sobiq sho’rolar imperiyasi davrida sobiq ittifoqda ham Jaloliddin, Xorazmshohlar davlati tarixini tadqiq etishga ba’zi intilishlar bo’ldi. Tarixchilar, olimlar, ijodkorlar asarlarida bu davr tarixi haqida to’la bo’lmasa ham ayrim ma’lumotlarni yozib qoldirdilar. V.Bartold “Turkiston mo’g’ul bosqini davrida” asarida Xorazmshohlar davlatiga ham, so’nggi xorazmshoh Jaloliddin faoliyatiga ham yuksak baho berdi. Ammo bu asar ham o’zbek tiliga tarjima qilinmadi. Olim S.Tolstov “Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab” asarida ham bu davr tarixiga to’xtalib o’tgan. Ilmiy tilda yozilgan bu asar nihoyatda kam nusxada nashr etilgan.

Jaloliddin Manguberdi haqida asar yozganlardan biri atoqli shoir Maqsud Shayxzoda bo’ldi. Uning urush yillarida yaratgan “Jaloliddin Manguberdi” tarixiy dramasi sahnalashtirildi. Ammo asarning asl nusxasi hech qayerda nashr qilinmadi. Mo’g’ullar haqida tarixiy asarlari bilan tanilgan V.Yan ham urush yillarida Jaloliddin to’g’risida qissa yozgan. Qissa Moskvada bir guruh olimlar tomonidan muhokama qilingan. Muhokamada stalinparast olimlar Jaloliddinning Gruziyaga yurishini qoralaganlar. Muallifni Xorazmning qudratini oshirib ko’rsatishda, Gruziyaning mavqeini pasaytirib aks ettirishda ayblaganlar. Ana shu sabablarga ko’ra asar nashr etilmagan. Turkmaniston va Ozarboyjonda yozuvchilar Jaloliddin Manguberdi haqida roman va qissa yozganlari, ular nashr etilgani haqida ma’lumotlar bor. Gruzin adibi G.Abashidzening “Lasharela”, “Yaldo tuni”, Tsotne” trilogiyasida ham Jaloliddin obrazi yaratilgan. Ozarboyjonlik olim Ziyo Bunyodovning “Anushteginar – Xorazmshohlar davlati” kitobi keying yillarda bu mavzudagi jiddiy ishlardan biri bo’ldi. Ammo bularning hammasi o’tmish merosimiz, ulug’ vatandoshimiz tarixini o’rganish borasida dengizdan tomchi, xolos.

Yuqoridagilardan anglashtilib turibdiki, Jaloliddin Manguberdi hayoti, faoliyati, tarixini o’rganish, tadqiq etishning o’zi ham bir tarix. Bu jarayonda ulug’ vatandoshimiz, buyuk ajdodimiz, milliy qahramonimiz taqdirini yaxshi bilmaydigan xalqimiz bir tomonda tursa, ikkinchi tomonda Jaloliddin hayotini yoritgan, merosini tadqiq etgan dunyo tarixchilarining asarlari turadi. Bunday holatdan kelib chiqadigan xulosa bitta, bizning olimlarimiz ham tariximizning o’sha davrini, Jaloliddin Manguberdi hayoti va faoliyatini jiddiy, xolis o’rganishlari, xalqimizni bu boradagi mavjud merosdan bahramand etishlari kerak. Xorijlik olimlar tomonidan yaratilgan Jaloliddin haqidagi asarlarni tilimizga tarjima etishlari zarur. Bu tarixning egalari sifatida xorijlik olimlarning asarlariga xolislik bilan munosabatlarini bildirishlari kerak. Zero, Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlashdan maqsad ham ana shundan iborat. Ana shunda Prezidentimiz aytganidek, “Tarix xotirasi, xalqning, jonajon o’lkaning, davlatimiz hududining xolis va haqqoniy tarixini tiklash milliy o’zlikni anglashda, milliy iftixorni tiklash hamda o’stirish jarayonida g’oyat muhim o’rin tutadi, tarix millatning haqiqiy tarbiyachisiga aylanadi”.

Kamol MUHAMMAD YOQUB