Ta’limning sinf-dars tizimi
Ta’limning sinf-dars tizimi — maktabda o’quv jarayonini tashkil etish tizimi. Unda o’quvchilar yosh xususiyatlari va o’qish muddatlariga ko’ra muayyan sinflarga ajratilib, ta’lim o’quv rejasi va dasturiga muvofiq, asosan, dars shaklida olib boriladi. Ta’limning sinf-dars tizimi individual ta’lim o’rnida vujudga kelib, uning ayrim belgilari qadimgi maktablarda ham mavjud bo’lgan. 10-asrga kelib, Arab xalifaligiga qarashli Iroq, Suriya, Misr singari mamlakatlardagi maktablarda amaldagi «imlo» usuli o’rniga «tadris» usuli joriy etilishi har bir o’quvchi bilan alohida shug’ullanishga asoslangan o’qitish tizimi o’rniga ta’limning muayyan mikdordagi bolalar jamoasi bilan birvarakayiga olib borilishi mo’ljallangan dars shaklini yuzaga keltirdi. Lekin Islom pedagogikasida dars tushunchasi mavjud bo’lgani holda sinf tushunchasi qat’iy emasdi. Ta’limning sinf-dars tizimini nazariy jihatdan to’la asoslab, o’qitish amaliyotiga tatbiq etgan kishi buyuk Chex pedagogi Ya.A.Komenskiy bo’lgan. U o’zining «Buyuk didaktika» (1632), «yaxshi tashkil etilgan maktab qonunlari» (1653) asarlarida o’qitishning sinfdars tizimini har jihatdan asoslab berdi. Bunga ko’ra, o’quvchilarni maktabga qabul qilish vakti, bola yoshi, o’qishning boshlanish va tugallanish payti, o’quvchilarning o’qish vaqti qatiy chegaralanadigan, mashg’ulotlar rejaga muvofiq muayyan tartibda tashkil etiladigan bo’ldi. Tanaffus, ta’til singari tushunchalar Ya. Komenskiy tavsiyalariga muvofiq joriy etilgan. Ta’limning sinf-dars tizimi 19-asrga kelib Yevropaning ko’plab mamlakatlarida maktab ta’limining yetakchi tizimiga aylandi. Ta’limning sinf-dars tizimi O’zbekistonda 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida jadidlar tashkil etgan yangi usul maktablarida joriy etildi. Ungacha yil davomida maktabga yangi o’quvchilar qabul qilinavergan, turli yoshdagi bolalar guruhlarga ajratilmay, birga o’qitilavergan. 20-asr boshlarida dunyoning ko’pgina davlatlarida majburiy ta’lim joriy qilinishi Ta’limning sinf-dars tizimining keng yoyilishiga sabab bo’ldi. Sinflarni tashkil etishda asosiy ko’rsatkich bolalarning yosh va rivojlanish darajasidagi umumiy jihatlardir. Ayni vaqtda, bir xil yoshdagi bolalar o’rtasida taraqqiyotning turli darajasida bulganlar borligi uchun ham sinflarni jamlashda turli tajribalar qilib Ko’rildi. AQSh va Buyuk Britaniya singari mamlakatlarda o’quvchilar qobiliyatiga qarab parallel sinflarga taqsimlandi. Bu hol «kuchli», «o’rta» va «Bush» sinflarni vujudga keltirib, o’quv materiallarini o’zlashtirishni har xillashtirdi. Ta’limning sinf-dars tizimida o’quvchi bir darsda o’zlashtirishi kerak bo’lgan bilim, ko’nikma va malakalarni belgilab olish, uni bolalarga yetkazish tartibini tayin etish, o’quv materiallarini tizimli ravishda taqdim etish nisbatan oson amalga oshiriladi. Unda o’quvchilar faolligini oshirish imkoniyati ham ko’p. Chunki yosh va aqliy imkoniyatlari bir-biriga yaqin bo’lgan bolalar o’quv jarayonida tortinmay, faol ishtirok etishi mumkin. Shuningdek Ta’limning sinf-dars tizimi mashg’ulotlarni uyushtirishning ekskursiya, laboratoriya ishlari, kuzatish singari shakllaridan foydalanishni ham inkor etmaydi. Ta’limning sinf-dars tizimi umumta’lim maktablaridan tashqari, o’rta maxsus va oliy ta’limda ham qo’llaniladi.