Talk nima?
Talk — insonga ma’lum bo’lgan eng yumshoq ma’danlardan biri. Shu qadar yumshoqki, butun bir bo’lagini oxirigacha tirnoq bilan qirtishlab tashlash mumkin. Talk kumushrang-oqish yoki och yashil tusli mayda momiqlar yoki bamisoli baliq sirtidagi tangachalardek zarra ma’danlardir. Qattiq shakldagi talkni «toshsovun» ham deyishadi. Bunday talklar kulrang va yashil tusli, aksariyati qo’ng’ir dog’lar bilan qoplangan, ancha yumshoq va sezimli mayin bo’ladi. Eng sifatli talk Italiyaning Pemento degan joyidan qazib olinadi. Biroq uning yerosti qatlamlari ko’pgina mamlakatlarda, jumladan, Angliyada, Kanadada, Germaniyada, Rossiyada va Zimbabveda ham mavjud. Talkning eng yirik zaxiralari AQShning Atlantika okeani sohillarida joylashgan. Talk — toshsovun issiq o’tkazmaydigan xossali bo’lgani uchun undan bir vaqtlar oshxonabop buyumlar tayyorlashgan, xuddi shu sababli u «kulolchilik toshi» deb ham ataladi. Toshsovundan, shuningdek, quvurlar va chig’anoqlar ham yasashgan. Talk kislotada osonlikcha erimaydi, shu bois undan tayyorlangan plastinkalar bilan o’yuvchi suyuqliklar saqlanadigan laboratoriya idishlarining devor sirtlari va tagi qoplanadi. U o’zidan elektrni yomon o’tkazadi, shu vajdan undan tok taqsimlovchi shchitlar, boshqa shu singari joylar uchun izolyatsiya qiluvchi materiallar sifatida ham foydalaniladi. Xilma-xil sirtlarni qoplash uchun qo’llanilganida talkning yana bir xususiyati — uning qizigan paytda yanada qattiqlashish holati e’tiborga olinadi. Qadimgi misrliklar talkdan sehrgarlik tumorlari va taqinchoqlar kesib tayyorlashgan va ularni ko’m-ko’k jilodagi ranglar bilan bo’yashgan. Dunyo bo’yicha olinayotgan talkning deyarli to’rtdan uch qismi kosmik vositalarni, sirkor plitalar-toshtaxtalar va boshqa kulolchilik buyumlarini, qog’oz, rezina hamda tom bostirish uchun yaratiladigan materiallarni tayyorlashga ishlatilmoqda.