TAMILNAD

TAMILNAD (1969 yilgacha Madras) — Hindistonning Janubiy qismidagi shtat, Hind okeanining Bengaliya qo’ltig’i sohilida. Maydoni 130 ming kilometr kvadrat. Aholisi 62,1 million kishi (2001), asosiy qismi tamillar. Ma’muriy markazi — Chennay shahri. Shtat hududi Hindiston yarim oroli Janubiy chekkasining Sharqiy qismidagi allyuvial dengizbo’yi tekisligi va dekan yassitog’ligining Jan. chekkasini egallaydi, g’arbda uni 2500 metrgacha balandlikdagi tog’lar chegaralab turadi. Iqlimi tropik mussonli iqlim, yillik yog’in 600-1200 millimetr. Yirik daryosi — Kaveri. Barg to’kuvchi tropik o’rmonlar shtat hududining 10% dan ortig’ini egallagan. Tamilnad — mamlakatning aholisi zich shtatlaridan. Mehnatga layoqatli aholining katta qismi qishloq xo’jaligida ishlaydi. Yetakchi tarmoq —dehqonchilik. Ekin maydonining katta qismida oziq-ovqat ekinlari (sholi, bug’doy, makkajo’xori, dukkakli ekinlar, sabzavotlar) etishtiriladi. Texnika ekinlaridan yer yong’oq, paxta, shakarqamish, kofe, choy, ziravorlar ekiladi. Kokos palmasi plantasiyalari bor. Chorvachilikda qoramol, qo’y boqiladi. Baliq ovlanadi. O’rmonchilik rivojlangan. Dengizdan osh tuzi olinadi. Lignit, boksit, magnezit konlari bor. Asosiy sanoat tarmog’i — to’qimachilik (markazlari — Koimbatur, Maduray shaharlari). Oziq-ovqat, ko’nteri, mashinasozlik (to’qimachilik mashinalari, Motosikllar, traktorlar, elektronika va radioelektronika jihozlari), qora metallurgiya sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari, asosan, tsement ishlab chiqariladi. Kimyo, neftni qayta ishlash, alyuminiy zdlari bor. Hunarmandchilik rivojlangan: ko’nteri, metall buyumlar tayyorlanadi, ipak matolar to’qiladi. Asosiy sanoat markazi va porti — Chennay shahri. Shtat Hindistonning Tamil xalqi yashaydigan tarixiy viloyati nomi bilan atalgan.