Ta’rif, definitsiya

Ta’rif, definitsiya — muayyan tushuncha yoki terminning unga xos muhim belgilarini aks ettiruvchi qisqacha ifodasi; biron predmet yoki voqea-hodisaning mazmun-mohiyatini ochib, tushuntirib berish. Ta’rif tanish bo’lmagan termin (tushuncha)ning ma’nosini avvaldan ma’lum bo’lgan so’z (termin)lar yordamida (nominal Ta’rif) yoki uni tanish so’z (termin)lar bo’lgan matnga kiritish (kontekstual, matniy Ta’rif) orqali yuzaga keladi. Ta’rif fanda katta rol o’ynaydi, u har qanday ilmiy nazariyaning muhim qismini tashkil qiladi. Ta’riflar orqali fanga yangi tushunchalar, terminlar kiritiladi, uzoq muddat olib borilgan tadqiqotlarning natijalari qayd etiladi.