TAROZI

TAROZI — jismga ta’sir etuvchi og’irlik kuchi asosida jismlar vaznini aniqlaydigan asbob. Tarozi qadimgi o’lchash asboblaridan. Ikki yelkali va tarelkasimon pallali oddiy Tarozi qadimgi Bobilda miloddan avvalgi 2,5 ming yillikda va Misrda miloddan avvalgi 2 ming yillikda paydo bo’lgan. Savdo, ishlab chiqarish va fanning rivojlanishi bilan Tarozi asta-sekin takomillashib borgan. Tarozining umumiy maqsadlarga mo’ljallangan, namuna (etalon; toshlarni tekshirish uchun) va laboratoriya (analitik, mikroanalitik, namuna anikdanadigan va boshqalar) turlari bor. Ishlash tarzi bo’yicha richagli, elektrometrik, gidrostatik, gidravlik va prujinali xillarga bo’linadi. Tortish chegarasi bo’yicha umumiy maqsad uchun mo’ljallangan Tarozining stol ustiga o’rnatiladigan — 50 kilogrammgacha, ko’chma — 50 kilogrammdan 6 tonnagacha, muqim (vagonetka, avtomobil, vagon, elevatorbunkerlarni tortish uchun) — 5 tonnadan 200 tonnagacha yukni torta oladigan xillari bor. Tarozilarning barcha xillari ushbu ko’rsatkichlar bilan tavsiflanadi: 1) chegaraviy tortish kuchi — metrologik ko’rsatkichlarini buzmagan holda Tarozi chidashi mumkin bo’lgan eng katta statik nagruzka; 2) bo’linmalari qiymati — shkalaning bir bo’limi o’zgarishiga mos vazn; 3) tortishda yo’l qo’yiladigan xatolar chegarasi — bir galgi tortilgan vazn bilan haqiqiy vazn orasidagi farq; 4) tortishlar paytida shkala ko’rsatishidagi yo’l qo’yiladigan farqlar — bir jismning o’zini har gal tortib ko’rganda vazni har xil chiqishi. Shu ko’rsatkichlar Tarozining sifatini va sinfini belgilaydigan omillar hisoblanadi. Hozir yukning ham vaznini, ham qiymatini xaridorga ko’rsatib turadigan elektron Tarozilar ko’proq qo’llanadi.