TAROZIY

TAROZIY (asl ismi Shayx Ahmad ibn Xudoydod) (14-asr oxiri — Movarounnahr — 15-asr 1-yarmi) — shoir va adabiyotshunos. Movarounnahrda Ulug’bek hukmronligi davrida yashab ijod qilgan. O’sha davrning mashhur shoirlari Lutfiy, Haydar Xorazmiy, Atoiy, Sakkokiylarga zamondosh bo’lgan Taroziy faqat turkiy tildagi emas, balki Arab va fors tillaridagi adabiyotlar, adabiyot nazariyasiga oid asarlarni ham o’rgangan. Bobur «Muxtasar» asarida aruzning rajaz va ramal baxrlari izohida uning she’rlaridan misol keltirishi Taroziyning ancha yetuk shoir bo’lganligidan darak beradi. Taroziyning alohida she’rlar devoni borligi noma’lum. Hozircha uning «Funun ulbaloga» («badiiylik ilmlari») asari ma’lum bo’lib, bu asar dastlab «latoyifi Taroziy» («Taroziy sovg’alari») nomi bilan yozilgan (1436-37) va Ulug’bekka bag’ishlangan. O’zbek adabiyotshunoslik tarixida she’rshunoslikka doir o’zbek tilidagi ilk nazariy qo’llanma bo’lgan «Funun ulbalog’a» 5 qismdan iborat; 1qismda she’rning g’azal, qasida, qit’a, ruboiy, masnaviy, musammat, mustazod, fard va boshqa turlariga keng ilmiy izoh beriladi; 2-qismda qofiya va radif masalalari o’rganilib, qofiya she’rning asosi ekanligi, qofiyasiz she’r bo’lishi mumkin emasligi ta’kidlangan; 3qismda badiiy tasvirning garse’, tashbeh, i(y) g’om, irsol ulmasal, tazmin, istiora, laffu nashr, Radd ulmatla singari 97 turi turkiy va forsiyzabon shoirlar asarlaridan olingan parchalar asosida tushuntirib berilgan; 4-qism hajm jihatdan asarning asosini tishkil etib, u aruz vazni tahliliga bagishlangan. Taroziy aruzni o’zbek tilidagi she’riyat bilan bog’lab, bahrlar sonini 40 taga, uning tarmoqlari sonini 366 taga yetkazgan. Aruzning 120 dan ortiq turi izohlangan bu qismning ancha varaqlari urinib, bir qancha so’zlar o’chib ketgan; oxirgi, 5-qism Sharq she’riyatining muammo janriga bag’ishlangan (bu qism yo’qolgan). Taroziyning ushbu asari yana shunisi bilan ahamiyatliki, unda shu paytgacha nomlari bizga noma’lum bo’lgan, turkiy tilda ijod qilgan Muhammad Temur Bug’o, Hoji aqcha Kindiy, bu nasaq, Qutbiddin Saroiy, Bu Siyoqa, Jaloliy, Shams Qisoriy hamda forsiyda yozgan Sayfiddin Isfarangiy, Mavlono Sayfiddin, Imom Umid Kamoliy, Imom Ziyovuddin Forsiy, Jalol Samarqandiy kabi shoirlar eslatilib, ularning asarlaridan parchalar keltirilgan. «Funun ulbalog’a»ning yagona qo’lyozma nusxasi Angliyaning Bodlean kutubxonasida saqlanadi. Ana shu nusxaning faksimilesi asosida «Funun ulbalog’a» hoz. o’zbek yozuvida nashr etildi («O’zbek tili va adabiyoti» jurnali, 2002 y., 1—6son; 2003 y., 1—3son). Ad.: Hayitmetov A., Temuriylar davrida o’zbek adabiyoti, T., 1996; Hayitmetov A., Adabiy merosimiz ufk,pari, T., 1997. Abduqodir Hayitmetov.