Taxt

Taxt (forscha) — saroyda hukmdor (shoh, xon, xoqon, qirol, Amir va boshqalar) rasmiy qabul marosimi, mashvarat va turli tantanalar paytida o’tiradigan, maxsus joyga o’rnatilgan, qimmatbaho ma’danlar bilan ziynatlangan o’rindiq. Eski mo’g’ul tilida Taxt o’ran deb nomlangan va eski o’zbek tilidagi o’runga mos kelgan. Chingiziylar davrida Taxtning o’ng tomonidan taxt vorisi, o’zga xonzodalar, hukmdorning qarindoshurug’i va kotib, so’l tomonidan xotun (Malika), o’zga zavjalar, ro’parasida esa no’yonlar o’rin egallagan. Amir Temur va Temuriylar zamonida saltanat, hashamat va ulug’likning ramzi bo’lgan maxsus Taxt saroy yoki borgoxning markaziga o’rnatilgan. Muayyan tantana, mashvarat yoki kengashda qatnashuvchi har bir kishi o’z martabasiga kura belgilangan joyni egallagan. Taxtning o’ng tomonidan sayyidlar, qozilar, qarindoshlar, olimlar, ruxrniylar, zodagonlar, chap tomonidan amirul umaro, beklar, amirlar, no’yonlar, tumanbegi, mingbegi, yuzbegi, o’nbegi, ro’paradagi 1qatordan devonbegi va o’zga Vazirlar, 2-qatordan viloyat hokimlari o’rin olgan. Hukmdor o’tirgan Taxt ortining o’ng tomonida bahodirlar, chap tomonida esa yengil suvoriy guruh qo’mondoni — qorovulbegi joylashgan. Taxt o’rnatilgan xonaga gilamlar, paloslar va ko’rpachalar yozilgan.