Tegin, takin

Tegin, takin (turkiycha — qul) — 1) hunlar davrida yabg’udan keyingi 2-oliy darajali mansab; 2) G’arbiy va Sharqiy Turk xoqonligida (6-8-asr) hukmdor — qag’an (xoqon)dan keyingi 2-oliy lavozim, ya’ni taxt vorisi, qoyimmaqom. Ayni chog’da davlat boshlig’i farzandlari — xonzodalar ismiga qo’shib aytiladigan sharafli unvon. (masalan, Kultegin, Yo’llug’gegin va boshqalar); 3) Qoraxoniylar saltanatida Tegin — Xonzoda muayyan mulkka egalik qilgan, harbiy harakatlarda qo’shinni boshqargan. Sharqiy Turk davlatlari (uyg’urlar va Qoraxoniylar) da Tegin «Xonzoda» ma’nosida mo’gullar bosqiniga qadar mavjud bulgan; 4) Somoniylar, G’aznaviylar va Saljuqiylar lashkarida uzoq muddat xizmat qilish evaziga yuksak martabalarga erishgan qul, G’ulom. Xususan, Mahmud G’aznaviyning otasi — Sabuktegin suboshi — lashkarboshi darajasigacha ko’tarilgan. Xorazmshoxlar bobokaloni Anushtegin dastlab saljuqiy Bilgateginning g’ulomi bo’lgan. Somoniylar qo’shinida keyinchalik sipohsolor unvonini egallagan Alptegin ham turk g’ulomlaridan bo’lgan.