Tegusigalpa

Tegusigalpa — Gonduras poytaxti. Choluteka daryosi vodiysida, 1000 metr balandlikda joylashgan shahar. Iqlimi tropik, issiq (yanvarning o’rtacha temperaturasi 19,6°, iyulniki 22,6°), yiliga 1047 mm yog’in yog’adi. Aholisi 813,9 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Transport yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Oziq-ovqat, to’qimachilik, tikuvchilik, ko’npoyabzal, yog’ochsozlik, keramika sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari (g’isht, marmar plitalar) ishlab chiqariladi. Universitet, Gonduras akademiyasi, geografiya va tarix akademiyasi, milliy muzey, milliy kutubxona va boshqalar bor. Tegusigalpaga 16-asrning 2-yarmida ispanlar asos solgan. 18-asrda shahar yaqinida kumush, marmar va oltin konlarining topilishi uni tez o’sishyga sabab bo’ldi. 1880 yildan Gonduras poytaxti. Me’moriy yodgorliklardan Sanmigel sobori (18-asr), cherkov (18— 19-asr), saroylar saqlangan.