Tom

Tom — binoning ustini yopib turuvchi qismi. Devorlar va binoning ichini yog’insochindan asraydi. Yuk ko’taruvchi (ferma, sarrov, stropil, xari va b.) hamda tunuka, shifer, tol singari yopuvchi qismlardan iborat. Shakliga ko’ra, T. lar bir nishabli, ikki nishabli, to’rt nishabli, ko’p nishabli, shatr (qubba) shaklli, chordoqli yoki chordoqsiz (yassi), baland chordoqlimansarda ko’rinishida bo’lishi mumkin. Eni keng sanoat binolarida tabiiy yoritish va havo almashtirish maqsadlarida T. o’rtasiga fonar (oynavand tuynuk) ishlanadi. Bundan tashqari T. larning gumbazli, piramidasimon, konussimon va qobiqsimon xillari ham bo’ladi. Gumbazli T.lar O’rta Osiyoda, xususan, O’zbekistonda qadimdan keng tarqalgan. Bular hozir ham quriladi (q.Gumbaz). O’zbekistonda oddiy uyjoylar qadimda, asosan, yassi T.li bo’lib, uy devoriga to’sinlar tashlab, ularning ustiga toqi (vassa) terilgan, ustiga bo’yra, qamish yoki poxol to’shalgan, tuproq solib tekislangan, keyin somonli loy bilan suvalgan. Ayrim joylarda hozir ham shunday T.lar bor. Aksar turar joy binolari nishabli qilinadi. Oldin stropila ishlab olinib, ustiga yopish materiali (tunuka, shifer va b.) krplanadi. Yopish materiallarining xossalari va hududning iqlimiy sharoitiga qarab T. ning nishabi har xil (tunuka, tol va ruberoidlar uchun pastroq; asbosement, cherepisa va shiferlarda — tikroq) olinadi. Bir nishabli T.lar, asosan, yordamchi xo’jalik binolariga quriladi. Ikki nishabli T.lar eng keng tarqalgan. Ko’p nishabli T. eng murakkab hisoblanadi. O’zbekiston hududida mansardali (chordoqli qismi xonaga moslangan) uylar kam quriladi, uyjoy masalasi tanqis bo’lgan hollarda ularning ahamiyati katta.