Tomchilatib sug’orish

Tomchilatib sug’orish — suvni maxsus quvurlar yordamida bevosita o’simliklarning ildizlari atrofiga kichik me’yorlarda tomizib sug’orish. Tomchilatish uchun quvurlarda maxsus tomizgichlar — mikrog’ovak devorlar yoki maxsus teshikchalar qilinadi. Suv sarfi, odatda, soatiga 4-5 l atrofida bo’ladi. Suv bilan birga eritilgan o’g’it va pestisidlar berish ham mumkin. Sug’orish quvurlari orasidagi masofa o’simliklarning qator oralari o’lchamiga bog’liq bo’lib, 0,8 m dan (dala ekinlari uchun) 6 m gacha (bog’lar uchun) o’zgarishi mumkin. Uz. esa odatda 200 m dan oshmaydi. Tomizgichlar orasidagi masofa esa tuproq sharoitlariga bog’lib bo’lib, 0,5—1,0 m atrofida, tarqatuvchi quvur yopiq usulda joylashtiriladi, sug’orish quvurlari esa har yili sug’orish mavsumi oldidan o’rnatilib, mavsum oxirida yig’ishtirib olinadi. T.s.ning afzalliklari: suv sarfini 30-50% ga kamaytiradi, ekinlar qosildorligi ortadi, begona o’tlar kamayadi (sug’orish quvurlari o’rnatilmagan qator oralari quruq bo’lib, begona o’t chiqmaydi), mehnat sarfi kamayadi.