TO’QUV STANOGI

TO’QUV STANOGI — arqoq va tanda iplaridan gazlama hosil qiladigan mexanik qurilma. Dastlabki qo’l (dastaki) To’quv stanogi (to’quv dastgohi) miloddan avvalgi 5 —6-asrning yilliklarda paydo bo’lgan. O’rta Osiyoda (shu jumladan, O’zbekiston hududida) milodning boshidayoq paxta tolasidan gazlama qo’lda to’qilgan. Keyinchalik yog’ochdan yasalgan dastaki to’quv dastgohi paydo bo’lgan. Gazlama hosil qilish usuliga qarab, uzlukli (mokili va mokisiz) va uzluksiz (ko’p zvenoli); konstruktsiyasiga qarab, tekis va yumaloq (qopsimon materiallar to’qish uchun) turlarga bo’linadi. Mokili tekis to’quv stanogi ko’p tarqalgan. Ipning turiga qarab, paxta, ipak, jun va boshqa to’qiydigan stanoklarga bo’linadi. To’quv stanogi ensiz (mato eni 100 santimetrgacha), yengil va o’rtacha hamda og’ir matolar uchun enli (keng) xillari bo’ladi. Homuza (tanda iplari orasida arqoq ipiga qoldirilgan bo’sh joy) hosil qilish qurilmasiga qarab, ekstsentrikli (oddiy o’rilishli gazlamalar uchun), karetkali (mayda gulli gazlamalar uchun) va jakkardli (yirik gulli gazlamalar uchun) To’quv stanogilar bor. Lenta, gilam, elak to’ri va metall to’rlar maxsus stanoklarda to’qiladi. To’quv stanogining asosiy ish organlari — remiz (tanda ipni ko’tarib tushiruvchi mexanizm), moki va berdo. Navoydan bo’shalib chiqadigan tanda iplari yo’naltiruvchi val (skalo)dan egilib, gorizontal yoki qiya holatga o’tadi. Keyin ular Lamela (ip uzilsa, stanokni to’xtatadigan qism) teshigidan va remiz ko’zlaridan o’tib, homuza hosil bo’ladi. Homuzaga moki vositasida yoki boshqa usulda arqoq ipi tashlanadi. Homuza orasida qolgan arqoq ipi batanning yuqori qismiga o’rnatilgan berdo yordamida to’qimaning chetiga keladi, natijada matoning bir elementi hosil bo’ladi. Mokili To’quv stanogida arqoq ipi naychaga o’ralib, mokiga o’rnatiladi. Moki homuza orasidan o’tib, arqoq tashlaydi. Qadimgi To’quv stanogilarida moki homuza orasidan qo’lda o’tkazilgan. Hozirgi avtomatik To’quv stanogilarida zarb mexanizmlari yordamida moki o’z-o’zidan borib kelib, arqoq ipi tashlaydi. Mokisiz stanokda havo va tomchi suv oqimi bosimi orqali arqoq ipi tashlanadi. Havo yordamida ishlaydigan stanoklar paxta va ip tolalardan, suv yordamida ishlaydigani faqat sintetik tolalardan mato ishlab chiqaradi. Nayzali (rapira) stanoklarda arqoq uchida qisqichi bo’lgan nayzalar bn tashlanadi. Nayzalar to’quv stanogining ikki yon tomoniga o’rnatilgan bo’lib, ilgarilama qaytma harakatlanadi. Bu To’quv stanogi jun va har xil rangli arqoqlardan mato ishlab chiqarishda qo’llanadi. Havo va rapira yordamida arqoq tashlovchi kombinatsiyasining To’quv stanogida homuzaga avval ichi bo’sh nayzalar (rapiralar) kirib, bularni ichiga havo yordamida arqoq tashlanadi, shundan keyin nayzalar homuzadan chiqadi, arqoq esa qoladi. Trikotaj gazlamalar halqa hosil qiluvchi trikotaj mashinalarida, atlas 4 va 8 tepkili maxsus To’quv stanogida to’qiladi..