TO’TILAR
TO’TILAR (Psittaciformes) — qushlar turkumi. 1 oila, 7 kenja oila va 324 turi ma’lum. Tanasining uzunligi 9,5 santimetrdan 1 metrgacha, og’irligi 10 grammdan 1 kilogrammgacha. To’tilarning nari va modasi bir xil tusda, ko’pincha har xil rangli (masalan, yashil, qizil, ko’k aralash, kamdan-kam qora yoki kulrang va boshqalar), tumshug’i yo’g’on, ustki qismi harakatchan; uning yordami bn daraxt shoxlarini changallab yuradi; qattiq mevalarni chaqadi. Ko’pchiligida kokil va uzun dumlari bor. Tirnoqlari mustahkam. 1 va 4 barmoqlari orqaga qayrilgan. Ko’pchiligi yaxshi uchadi, ba’zilari (masalan, ukki, tugi) uchish layoqatini yo’qotgan. Tropik va subtropik mintaqalarda, ayniqsa, tropik Amerikada keng tarqalgan. Ba’zilari (masalan, kakapo) yerda, ko’pchiligi daraxtda yashashga moslashgan. Uyasini daraxt kovaklariga, toshlar yorig’iga, boshqa hayvonlar uyalariga va boshqa joylarga yasaydi. 2-8 ta tuxum qo’yadi. Tuxumini 2-4 hafta bosadi. Bolalarini 5— 12 hafta uyasida, asosan, o’simlik urug’lari, mevalari, ba’zan hasharotlar va nektar bn oziqlantiradi. Chiroyliligi va ayrim tovushlarga taqlid qilish, jumladan so’zlarni ifodalashga o’rgatish mumkin bo’lgani uchun ba’zi To’tilar qafasda boqiladi. 70 dan ortiq turi Tabiatni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqining qizil kitobiga kiritilgan.