TO’XTAXO’JAYEV TOHIR

TO’XTAXO’JAYEV TOHIR (1918.29.12 Toshkent — 1976.24.5) — naqqosh, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1968). Usta O. Qosimjonovning shogirdi. Toshkent badiiy o’quv ishlab chiqarish kombinatida naqqoshlik sirlarini o’rgangan (1938). 2-jahon urushi qatnashchisi. Moskvadagi Butunittifoq qishloq xo’jalik ko’rgazmasi O’zbekiston pavilonini usta Yo. Raufov bilan birgalikda bezab, o’zining mahoratini namoyish qildi (1953). 1946 yildan Toshkent badiiy (keyinchalik Respublika rassomlik) bilim yurtida o’qituvchi. To’xtaxo’jayev ijodiy faoliyatida an’anaviy naqshlarni o’ziga xos tarzda qo’llab, uni yangi ranglar uyg’unligi bilan boyitdi. To’xtaxo’jayev xontaxta, kursi, quticha va boshqa buyumlarga nafis naqshlarni jozibali ishlagan, shuningdek, binolarni islimiy va handasiy naqshlar bn bezagan, me’moriy obidalar (jumladan, O’zbekiston amaliy san’at muzeyi, Sitorai Mohi Xosa saroyi va boshqa binolar)ni ta’mirlashda qatnashgan. To’xtaxo’jayev yaratgan jozibali san’at buyumlari respublika va xorijiy mamlakatlar (Germaniya, AQSh, Kanada va boshqalar) da uyushtirilgan ko’rgazmalarda namoyish etilgan hamda yuksak baholangan; ishlaridan namunalar Resp. va xorijiy mamlakatlar muzeylari va to’plamlarida saqlanadi.