Traxoma

Traxoma (Yun. trachus — g’adirbudir) — ko’z shilliq pardasining surunkali yallig’lanishi bilan kechadigan yuqumli kasallik. T.ni chlamydia trachomatis qo’zg’atadi. Bemor kasallikning asosiy manbai hisoblanadi. Sog’lom ko’zga kir qo’l yoki uyro’zg’or buyumlaridan (ko’pchilik bitta yostiq, sochiq, adyol va b. dan foydalanganda) yuqadi. Bolalar bog’cha va yaslilarda o’yinchoklar orqali zararlanishi mumkin. T. sezilarsiz boshlanib, astasekin zo’rayadi. Avvaliga ko’zga bir narsa qadalgandek, qovoqlar og’irlashgandek tuyuladi. Yuqori qovoq shilliq pardasida shish va follikulalar — donachalar paydo bo’ladi, ko’z qizaradi va qovoklar toraya boradi. Bemor yaqinda uyqudan turgandek yoki chala uxlagandek bo’ladi. Kasallik avj olganda ko’z muguz pardasida ham donachalar paydo bo’la boshlaydi. Bunda ko’z yoshlanadi, bemor ko’zini ocholmay qoladi. Qovoq chetidagi yushriklar o’zagi chandiqlanib, ular noto’g’ri o’sib chiqadi va ko’z muguz pardasiga ta’sir etib, unga qadalaveradi. Qovoq shilliq pardasida chandiklar paydo bo’lishi natijasida pastki qovoq. cheti ichiga qayriladi. Kasallik engil, o’rtacha va og’ir kechishi mumkin. U ko’p jihatdan bemor organizmi holatiga bog’liq bo’lib, organizmda moddalar almashinuvining buzilishi kasalliklari, vitaminlar etishmasligi, mahalliy kasalliklarning qo’shilishi va b.da birmuncha jiddiy kechadi. T. o’z vaqtida aniklanib davolanmasa, 5-10 yillab davom etib, bemor butunlay ko’r bo’lib qolishi mumkin, chunki ko’z muguz pardasini namlab turadigan ko’z yoshi yo’llari chandiqlanib, bekilib qoladi, natijada muguz parda qahrab, oppoq oqarib, sadafga o’xshab ko’rinadi. Kasallikning oldini olishda shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilish, aholining madaniy turmush darajasini oshirib borish katta ahamiyatga ega. T. ga gumon qilinganda darhol vrachga ko’rinish lozim; bemor to’g’ri va muntazam davolansa, butunlay sog’ayib ketishi mumkin. Hoz. T. deyarli uchramaydi.