TSIRK
TSIRK (lotincha circus — doira, aylana) — san’at turi. Akrobatika, gimnastika, ekvilibristika, klounada, jonglyorlik, polvonlik, illyuzionizm, ot o’yinlari, dorbozlik, hayvon o’rgatish kabi janrlarni o’z ichiga oladi. Tsirk artisti aql bovar qilmaydigan o’yinlar ko’rsatib, insonning cheksiz imkoniyatlarini namoyish etadi, uning aqli, epchilligi, jasurligi, kuch-qudratini ulug’laydi va Tsirkning o’ziga xos badiiy ifoda vositalari orqali ruhan va jismonan barkamol insonning umumlashgan badiiy obrazini yaratadi. Bu obraz — tryuklar, ya’ni mohirlik va epchillik bilan bajariladigan harakatlar yordamida ochiladi, artistning boshqa ifoda vositalari — aktyorlik mahorati, plastikasi, imo-ishorasidir. Har bir tsirk tomoshasi — tsirk san’atining mukammal badiiy asari. Turli janrdagi bir necha tomoshalardan tsirk dasturlari tuziladi. Tsirk sintetik san’at bo’lib, teatr, xoreografiya, vokal, rassomlik, kino elementlaridan foydalanadi. Insonparvarlik, baynalmilallik g’oyalarini targ’ib etib, xalqchilligi, ommaviyligi, demokratik yo’nalishi bilan ajralib turadi. Tsirk qadimdan ma’lum bo’lib, odamlarning mexnat jarayoni, urf-odatlari, tomoshalari, harbiy va sport mashklaridan yuzaga kelgan. Xalq sayillarida namoyish etiladigan maydon tomoshalari va teatrlashtirilgan sport musobaqalari takomillasha borib, san’at turiga aylangan. Tsirkning alohida janrlari qadimgi Misr, Rim, Yunoniston, Xitoy va boshqa mamlakatlarda miloddan avvalgi 1-ming yillikdan boshlab rivojlangan. Qadimgi Rimda miloddan avvalgi 6-asrdan boshlab, ellips shaklidagi otchoparlarda o’tkaziladigan chavandozlik musobaqalarida akrobatlar, dorbozlar, jonglyorlar, gladiatorlar, hayvon o’rgatuvchilar va boshqalar o’z tomoshalarini namoyish etishgan. Qadimgi Xitoyda (miloddan avvalgi 3-2-a.srlar) akrobatika, gimnastika, ekvilibristika, illyuzionizmning o’ziga xos o’yinlari keng tarqalib, ular an’anaviy teatr tomoshalari bilan uyg’unlashib ketgan. Qadimgi Armaniston va Gruziya amfiteatrlarida goh teatr, goh tsirk tomoshalari ko’rsatilgan. Kiyevdagi Avliyo Sofiya ibodatxonasi (1037) devorlarida sozanda, polvon, muallaqchi, ot ustida mashq qilayotgan chavandozlar aks ettirilgani bu yerlarda tsirk tomoshalari ko’rsatilganidan dalolat beradi. Urta asrlarda Tsirkning rivojlanishida xalq sayyor artistlari alohida rol o’ynagan. 12-asrdan boshlab, avval Italiyada, so’ng Yevropaning boshqa mamlakatlarida maxsus ot minish maktablari ochildi va bu yerda dastlabki tsirk chavandozlari ta’lim oldi. 1770 yil F. Astley Londonda chavandozlik maktabini ochadi, 1780 yil esa alohida amfiteatr qurib, o’rgatilgan otlar ishtirokida tomoshalar ko’rsata boshladi. Bu tomoshalarda hayvon o’rgatuvchilar, klounlar, dorbozlar katnashadilar hamda tarixiy mavzudagi teatrlashtirilgan sahnalarda rollar ijro etishgan. F. Astley amfiteatri jahonda birinchi stasionar tsirk hisoblanadi. 1807 yil A. Franko Parijda «Olimpiya tsirki»ni ochdi va shu yildan boshlab «tsirk» atamasi keng ishlatila boshlandi. 19-a.srning 2-yarmida Yevropa mamlakatlarida hamda shimoliy Amerikada Tsirk keng rivojlandi. Yirik shaharlarda yirik tsirk binolari qad ko’tardi: Moskvada K.Ginne (1866) va A.Salamonskiy (1880), Berlinda G.Shuman (1868), Peterburgda G. Chinizelli (1877), Bryusselda E.Vulf (1892) tsirklari va boshqalar. 1873 yil tadbirkor T. Barnum AQShda mahobatli ko’chma tsirk qurib, tomoshalar bir vaqtning o’zida 3 ta manejda namoyish qilingan. 19-asrning oxiriga borib, hozirgi tushunchamizdagi ko’p janrli tsirk dasturlari shakllandi. Tsirk Sharq mamlakatlari, xususan, O’zbekistan hududida qadimdan ma’lum bo’lgan. Afrosiyob, Parfiya, Xolchayon, Panjikent, Xorazmda miloddan avvalgi 3-asr — milodiy 2-asrga oid qazish ishlari jarayonida topilgan bir qator tasviriy san’at asarlari va polvon, muallaqchi, masxarabozlarning haykalchalari, o’rta asrlarga oid adabiy manbalar bu erda tsirk tomoshalarining keng tarqalganligini ko’rsatadi. Ba’zi manbalar Amir Temur saroyida dorbozlar, polvonlar, muallaqchilar hamda o’rgatilgan fillar va otlar tomoshasi ko’rsatilganini tasdiqdaydi. Asrlar mobaynida o’zbek tsirki maydon tomosha san’ati sifatida rivojlanib kelgan. Xalq bayram va sayillarida, bozor maydonlarida dorbozlar, simbozlar, chig’irikchilar, «besuyak» muallaqchilar, hayvon o’rgatuvchilar, nayrangbozlar, yog’ochoyoq va boshqa an’anaviy tsirk janrlari o’yinchilari tomosha ko’rsatganlar. 18-19-asrlar o’zbek tsirki artistlari qo’shni mamlakatlar — Xitoy, Hindiston, Afg’oniston, Eron, Rossiya shaharlarida o’z san’atini namoyish etganlar. 19-asrning oxirlarida Turkiston o’lkasiga Yevropa uslubidagi bir qator tsirk guruhlari gastrolga kelishgan, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Angliya, Rossiya, Polsha artistlari mahalliy aholini jahon Tsirk bilan tanishtirdi. Ko’p yillar mobaynida F. Yupatov, V.Jigalov, M. va S.Baranskiylar, A.Kozirkov, A.Borgi, R.Kapito, V.Sur, A.Makarov, M.Visokinskiy, E.Gamkrelidze va boshqa tsirk tadbirkorlari Toshkent, Samarqand, Andijon, Farg’ona, Urganch kabi shaharlarda tsirk tomoshalarini uyushtirishgan. Yevropa tsirki ta’sirida tarqoq holda faoliyat yuritayotgan o’zbek tsirki artistlari orasida guruhlarga uyushish kuchaydi. Natijada 20-asr boshida Baratboy, Mullaboy Mansurov (Mullaboy Mansurov tsirki), Latofat Sarimsoqova, Rahmon Abduxalilovlar rahbarligidagi dastlabki milliy professional tsirk jamoalari tashkil bo’ldi. Ularning repertuari, asosan, an’anaviy o’yinlardan iborat bo’lib, ayrim hollarda Yevropa tomoshalarini ham o’z ichiga olgan. 1920— 30- yillarda O’zbekistonda davlat tsirklari bilan bir qatorda xususiy tsirklar ham faoliyat ko’rsatgan. 1942 yilda Toshkentda birinchi milliy jamoa tashkil etildi. Badiiy rahbari Toshkanboy Egamberdiev, sahnalashtiruvchi rejissyorlar Xo’jayev va N.Baykalov, baletmeyster Ali Ardobus, rassom Sh. Shorahmedov, kompozitor M.Niyozov bo’lgan. Uch qismdan iborat teatrlashtirilgan tsirk tomoshasida yetakchi artistlar bilan bir qatorda, an’anaviy tsirk o’yinchilari xam qatnashgan. 1950-80 yillar o’zbek tsirki jamoasi milliy ruhda ishlangan dasturi bilan ko’pgina mamlakatlarda gastrolda bo’ldi. 1950 yildan Toshkentda «sahnadagi tsirk» ko’chma korxonalar direktsiyasi ish boshladi. 20-asrda o’zbek tsirkining rivojlanishiga Toshkanboyevlar, Zarifovlar sulolasi, Xo’jayevlar, Madalievlar sulolasi, Akrom Yusupov, T.I.Zastavnikov, P.A.Borovikov, X.Musin, Qodir-G’ulom (V.K. Yanushevskiy), Rahmonovlar salmoqli hissa qo’shdilar. Mustaqillik davrida o’zbek tsirki xalqaro tsirk maydoniga chiqib, munosib o’rin egalladi. Uning repertuari birmuncha kengayib, zamonaviy tomoshabinlar talabiga mos yangi tsirk tomoshalari bilan boyidi. Milliy ruhda sahnalashtirilgan, an’anaviy va zamonaviy tomoshalar 20 ga yaqin mamlakatlarda namoyish etildi. Nufuzli xalqaro festival va ko’rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli qatnashdi. 1991 yildan «O’zbekdavlatsirk» Respublika birlashmasi faoliyat kursatmoqda. Po’lat Toshkanboyev.