TSVEYG STEFAN
TSVEYG STEFAN (1881.28.11, Vena -1942.22.2, Petropolis, Rio-de-Janeyro yaqinida) avstriyalik yozuvchi. Vena va Berlin universitetlarida o’qigan. 1-jahon urushi yillarida Avstriya harbiy vazirligi arxivida xizmat qilgan va urushga qarshi maqolalar yozgan. Dastlab Zalsburgda, keyin London (1934 yildan), Nyu-York (1940 yildan), Petropolisda yashagan. «Kumush torlar» (1901) she’riy va «Erika Evald muhabbati» (1904) nasriy to’plamlarida frantsuz simvolistlari ta’siri seziladi. «Ilk kechinmalar» (1911), «Amok» (1922), «tuyg’ular to’lqini» (1927) hikoyalar to’plamlarida Tsveyg inson ruhiyatining sirli tomonlarini, shaxsiy hayotining ziddiyatli manzaralarini tasvirlashga uringan. «Mendel Nodir kitoblar sotuvchisi» (1929), «yangi ixtisoslik bilan daf’atan tanishuv» (1936) kabi qikoyalari bor. Tsveyg ijodida biografik roman, esse va ocherklar, ayniqsa, katta badiiy qimmatga ega. Uning L.N.Tolstoy, A. Stendal, Z. Freyd, F. Nisshe va boshqalarga bag’ishlangan biografik asarlarida davr ruhi, ijodning shirin va azobli daqiqalari, tasvir etilgan ijodkorning ruhiy va ma’naviy olami yorqin mujassamlantirilgan. Tsveygning «Jahon bunyodkorlari» (1920— 28) turkumiga kirgan esselari orasida F.M. Dostoevskiy, Ch. Dikkens, R. Rollan va boshqa yozuvchilarga bag’ishlanganlari alohida e’tiborga sazovor, «Balzak» (1946) asari jahon adabiyotidagi biografik roman janrining eng yaxshi namunalaridan. Siyosat, Tsveyg nazarida, g’irrom o’yindan iborat. Shuning uchun u o’z ijodida davrning siyosiy masalalarini chetlab o’tib, siyosiy o’yinlar tegirmoniga tushib qolgan ojiz kishilarga xayrixohlik bilan qaragan («Mariya Antuanetta», 1932; «Mariya Styuart», 1935). Tsveyg garchand mashhur tarixiy siymolar haqida «Magellan» (1938) va «Amerigo» (1942) singari romanlar yaratgan bo’lsa ham, u, birinchi navbatda, 19-20-asrlarda yashagan I. V. Gyote, T. Mann, B. Shou kabi siymolar haqidagi badiiylashgan asarlari bilan jahon adabiyotida biografik roman, esse va ocherk janrlarining shakllanishiga muhim hissa qo’shdi. «Noma’lum ayol maktubi» hikoyasi, «kuygan ko’ngil faryodi» hikoyalar to’plami o’zbek tiliga tarjima qilingan.