Uch avliyo majmuasi
Uch avliyo majmuasi — Xivadagi me’moriy yodgorlik (1549, 1821). Ichan qal’aning Sharqiy qismida joylashgan. Maqbara 3 avliyo Shayx (boqiy, Maqsud va Latif)lar nomi bilan bog’langan. Maqbara bir xonali, murabba tarhli (6×6 metr), pishiq g’isht (27x27x5 santimetr)dan qurilgan. Poliga ham pishiq g’isht (26x26x5 santimetr) yotqizilgan. Gumbazi 16-asr Buxoro me’morligiga xos «qolibkori» uslubida qurilgan bo’lib, katakkatak yulduzchalar bilan bezatilgan. Maqbaraning shimoliy devoridagi ravoqda supa ustiga 6 ta sag’ana yonmayon joylashtirilgan. Ularning 3 tasi pastki shimoliy Sharqiy qismida. Maqbara bezaksiz, unga 3 tomondan kiriladi. Bosh tarzi baland peshtoqli (balandligi 12 metr). Peshtoq tokchasi va tepasidagi yassi ravoqlar g’ishtdan hoshiyali qilib terilgan. Maqbaraning yagona bezagi yog’och uymakori eshigi bo’lib, uni ishlashda qatnashgan xivalik ustalardan Abdulla ibn Sayid, Ahmad Samarqandiyning o’g’li va shogirdi Asad Husayn nomlari yozilgan. Keyinchalik peshtoq qarshisida qorixona, xonaqoh va bir ustunli ayvon qurilgan. Ayvondagi yozuvda Hoji Maqsud tomonidan qurdirilgani (1893) qayd etilgan. Peshtoqdagi marmar taxtachada mutavalli Nazarxo’ja buyrug’i bilan ta’mirlanganligi (1821-22) yozilgan. Uch avliyo majmuasi I. Notkin (1956-59) va A. Rahmonov (1981-82) rahbarligida ilmiy o’rganilgan.