Uch yillik, besh yillik, yetti yillik yurishlar va ularning sabablari
Amir Temur urushning aytgani-aytgan, degani-degan qattol bir zamonda yashadi, qilichu nayzaga suyangan bu zamonning hech kimga bo’ysunmaydigan o’z qonunlari bor edi. Ularga rioya qilmaslik yoki chetlab o’tishlik mumkin emasdi. Shuni ta’kidlash joizki, Sohibqiron xudo izmidan chiqmaydigan bandalardan edi, hech qachon birinchi bo’lib urush boshlamasdi, savashishlarni yoqtirmasdi. Uning yurishlari barchasi zaaruratdan kelib chiqardi. Eng avvalo, u urushning oldini olish chorasini izlardi. Ayrim hollarda, qaysidir mamlakatda zulm ortib izdan chiqib ketgan bo’lsa, u joyning ulug’lari Sohibqiron Amir Temurga ko’mak so’rab murojaat qilishardi. Masalan, Eron, Iroq va hokazolar. Amir Temur o’z “Tuzuklar”ida davlat ishlarining to’qqiz ulusini kengash (diplomatiya)ga ajratgani, bir ulushini qilichga qoldirganini yozgan. U umr bo’yi bunga rioya qildi. Muxolif mamlakatga takror-takror elchilar yuborar, quad-andachilikni yo’lga qo’yishga tirishar, qarindoshchilikni rivojlantirish yo’llarini izlardi. Buning yorqin misoli Xorazmning go’zal malikasi Xonzoda xonimning Turon saltanati valiahdi amirzoda Jahongir Mirzoga uzatilishi edi.
Amir Temurning “uch yilliik” (1386-1388), “besh yillik” (1392-1396), “yetti yillik” (1399-1404) yurishlari tarixdan ma’lum. Bu yurishlar zamirida Buyuk Ipak yo’liga egalik qilish uchun kurashlar ham yotadi. Savdo yo’llari davlatga katta daromad keltirishdan tashqari, xalqaro siyosiy maydonda mavqe, obro’-martabani yuksak darajaga ko’tarardi.
Amir Temur yurishlari, urushlar, albatta, o’z asoratlarini qoldirdi, lekin ularning jahon tarixida ijobiy tomonlari borligi ham haqiqat.
Sohibqironning yurishlari Xitoyda Min sulolasi davlat boshiga kelganda mo’g’ullarning Xitoyga solayotgan xavfini bartaraf etdi…
Oltin O’rda xoqoni To’xtamishxon bilan 1391, 1395 yillarda olib borilgan ulkan janglar Rossiyani mo’g’ullar zulmidan xalos qildi, rus xalqiga markazlashgan davlat tuzish imkoniyatini yaratdi. Amir Temurning Usmonlilar imperiyasi ustidan qozongan g’alabasi Yevropani usmonlilar mustamlakasidan qutqarib qoldi, uni Yevropa xaloskoriga aylantirdi, Vizantiya imperiyasi umriga yarim asr umr qo’shdi. Fransuz tarixchisi Rene Grusse XX asr boshlarida: “Amir Temurning Boyazid ustidan g’alabasi xristian olamini asrab qoldi”, deb yozgan edi.