Uchqir gaz koni

Uchqir gaz koni — Buxoro viloyati Jondor tumanidagi kon, Gazli shahridan 40 kilometr g’arbda. 1960 yilda ochilgan, 1968 yilda foydalanishga topshirilgan. Kon relefi cho’l tekisligidan iborat. Uchqir gaz koni Uchqir strukturasi — shimoliy g’arbiy yo’nalishda cho’zilgan braxiantiklinalda joylashgan. Strukturaning geologik tuzilishi uning yaqinidan o’tgan Buxoro yorigi ta’sirida murakkablashgan. Yuqori bo’r davrining senon yarusi gil qatlamlarining tagidagi burma gumbazi ikkita: shimoliy g’arbiy va Janubiy Sharqiy qubbalardan tarkib topgan. Ikkala qubbadagi gaz uyumlarining tashqi gazlilik tuzilishida chegarasi umumiy. Uchqir gaz koni ko’p qatlamli bo’lib, uning geologik tuzilishida paleozoy, mezozoy va kaynozoy jinslari mavjud. Gaz uyumlari quyi bo’r va yuqori yura davri yotqiziqlarida ajratilgan gorizontlarda topilgan. Gaz uyumida neft xoshiyasi mavjud. Uyumlar o’lchami mos holda 25×11 kilometr, balandligi 60 metr va 14,5×7 kilometr, balandligi 28,0 metr. Uyumlari qatlamli, gumbazsimon, 1530— 1660 metr va 1680-1770 metr chuqurlikda ochilgan. Gazlilik may. 1630 ming m2. Gorizontlar qumli alevrolit, zich ohaktosh; dolomit, gil, alevrolit va qumtoshlar bilan qavatlangan ohaktoshlardan tarkib topgan. Ularning umumiy qalinligi 10-25 metr. Uyumlar qatlamli, gumbazsimon, o’lchami mos holda 17×5 kilometr, balandligi 46 metr; 6,5×3,2 kilometr, balandligi 15 metr va 22x 14 kilometr, balandligi 46 metr. Hamma gorizontlardagi qatlam suvlari yuqori darajada minerallashgan bo’lib, namakob turiga mansub. Kimyoviy tarkibiga ko’ra, xlorkaltsiyli. Mikrokomponentlardan: yod, brom, bor uchraydi. Kondan hozirdi kunda foydalanilmoqda.