Udi
Udi (asl ismi Lyu Che) (miloddan avvalgi 156— 87) — Xitoy imperatori (miloddan avvalgi 140— 87); G’arbiy Xan sulolasidan. Taxtni udi (jangovar imperator) nomi bilan boshqargan. Nihoyatda qattiqqo’l, qobiliyatli, shuhratparast va Jangovar shaxs bo’lgan. Markaziy hokimiyatni mustahkamlash yo’lida siyosiy, iqtisodiy, harbiy islohotlar o’tkazgan. Miloddan avvalgi 127 yil zodagonlar yer mulklarini vorislar o’rtasida taqsimlash haqida farmon chiqargan. Mamlakat hududini 14 okrugga taqsimlab, mahalliy hokimlarni nazorat qilib turish uchun u yerlarga yo’riqchilarni jo’natgan. Ma’muriy lavozimlarni egallash uchun davlat imtihonlari topshirish tizimini joriy qilgan. Uning davrida konfutsiylikni rasmiy mafkuraga aylanish jarayoni yakunlangan. 40 yildan ortiq hozirgi Koreya, Vetnam, Mongoliya hududlarida mavjud bo’lgan davlatlarga qarshi bosqinchilik urushlari olib borgan. Bu urushlar saltanat hududlarini ancha kengaytirgan, lekin Xitoyni zaiflashtirgan, mehnatkash xalq ommasi ahvolini keskin yomonlashtirgan. Hun xoqonligiga qarshi kurashda G’arbdagi davlatlar bilan ittifoq tuzish uchun Markaziy Osiyoga 2 marta Chjan Syanni elchi qilib yuborgan, uning hisoboti natijasida Xitoyliklar ilk bor O’rta Osiyo xalqlari bilan tanishish imkoniga ega bo’lganlar. Udi o’z qo’shinlarining jangovarlik imkoniyatlarini oshirish maqsadida Farg’ona (Dayyuan, Davan) otlarini sotib olmoqchi bo’lgan. Farg’onaliklar bunga ko’nmagach, miloddan avvalgi 104 yil Li Guangli boshchiligida Farg’onaga qo’shin jo’natgan. Birinchi yurishda Xitoy qo’shinlari O’zgandan nariga o’ta olmagan. Miloddan avvalgi 101 yil Xitoy qo’shini Farg’ona davlatining markazi — Ershi shahrini 40 kun qamal qilgan. Udi qo’shini Farg’onani qo’lga kirita olmagach, u bilan bitim tuzishga majbur bo’lgan bo’lsada udi buni g’alaba deb baholagan.