Ugom

Ugom (Oqburxon, tikanak) — Toshkent viloyatidagi daryo. Chirchiq daryosining o’ng irmog’i. Daryo havzasi shimoldan Talas Olatovi, g’arbdan Qorjontov, sharkdan Ugom tog’ tizmalari bilan chegaralangan. Bir necha buloq suvlarining qo’shilishidan hosil bo’ladi. Uzunligi 68,5 kilometr, havzasining maydoni 870 km2. Ugom Chorvoq suv omborining quyi to’g’oni (b’ef)dan o’tgach, Chirchiq daryosiga quyiladi. Asosan, qor va qisman yomg’ir suvlaridan to’yinadi. Daryoning o’rtacha yillik suv sarfi 43 m3/sek.dan (ko’p suvli yilda), 12 m3/sekundgacha (kam suvli yilda). To’linsuv davri martda boshlanadi, eng ko’p sutkalik suv sarfi aprel va iyunda bo’lib o’tadi va 177 m3/sekunddan (ko’p suvli yilda) 54,5 m3/sekundgacha (kam suvli yilda) yetadi. To’linsuv davri avgustda tugaydi. Daryo tez oqadi, o’zanida ostonalar hosil qilgan. O’rta oqimi vodiysida keng terrasalar, daraxtzor, butazor va o’tloqlar mavjud. Daryo vodiysida Chorvoq qishlog’i, dam olish uylari, bolalar oromgohlari joylashgan.