Ukraina

Ukraina (Ukraіna) — Yevropaning Janubi sharqida joylashgan davlat. Maydoni 603,7 ming km2. Aholisi 48,4 million kishi (2002). Poytaxti — Kiyev shahri. Ma’muriy jihatdan Qrim Muxtor Respublikasi va 24 viloyat — Vinnisa, Volin, Dnepro- Petrovsk, Donesk, Jitomir, Zakarpate, Zaporoje, Ivano-Frankovsk, Kiyev, Kirovograd, Lugansk, Lvov, Nikolayev, Odessa, Poltava, Rovno, Sumi, Ternopol, Xarkov, Xerson, Xmelniskiy, Cherkassi, Chernovsi, Chernigov viloyatlari, Kiyev va Sevastopol shaharlariga bo’linadi. Davlat tuzumi. Ukraina — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1996 yil 28 iyunda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident (2005 yil yanvardan Viktor Yushchenko), u to’g’ri va yashirin ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi va 2 muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Oliy Rada (parlament), ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligida Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi. Tabiati. Ukraina hududining aksar qismi Sharqiy Yevropa tekisligining Janubiy g’arbiy qismiga mansub bo’lib, tekislik va o’rqirlardan iborat. Janubda Qrim tog’lari (balandligi 1545 metrgacha) va G’arbda Ukraina Karpat tog’lari (balandligi 206 metrgacha) bor. Ukraina hududi g’arbdan sharqqa 1300 kilometr, shimoldan Janubga 900 kilometrga cho’zilgan. Qora dengiz sohillari, asosan, pasttekislik; qo’ltiq va limanlar bor. Azov dengizi sohillari esa yassi, kum tillari mavjud. Relefi — shimoli g’arbdan Janubi sharqqa tomon Volin qirlari va Podoliya qirlari (eng baland joyi 471 metr — Kamula tog’i), sharqroqda Janub Bug bilan Dnepr oralig’ida Dnepr buyi qirlari joylashgan. Dneprning so’l sorili, mamlakatning Janubiy Sharqiy qismida Azov bo’yi qirlari bor. Ukraina Karpat tog’larining Janubi g’arbida Zakarpate pasttekisligi yotadi. Geologik tuzilishi jihatidan u. hududi Sharqiy Yevropa platformasining Janubiy g’arbiy qismidan hamda uni o’rab turgan Karpat va Qrim burmali tog’laridan iborat. Platformada Ukraina kristalli massivi (qalqoni), Volin-Podoliya platosi, Lvov botig’i, Donesk avlakogeni, Dneprdonesk, qora dengiz bo’yi botiqlari ajralib turadi. Tog’li Qrim va Sharkiy Karpat tog’larining bir qismi Alp geosinklinal (burmali) oblastiga kiradi. Foydali qazilmalardan toshko’mir va qo’ng’ir kumir, neft, tabiiy gaz, temir, marganes, titan rudalari, simob, boksit, toshtuz va kaliy tuzlari, grafit, oltingugurt, qurilish materiallari va boshqalar bor. Mineral suvli buloq ko’p. Iqlimi, asosan mo’tadil kontinental. G’arbdan sharqqa tomon iqlimning kontinentalligi kuchayadi. Shimoldan Janubga tomon yoz bilan qishning temperaturadagi farqi ortib, qor qoplamining qalinligi va saqlanish muddati, yog’in miqdori, nisbiy namlik kamayib boradi. Qrim yarim orolining Janubi sohilida subtropik, O’rta dengiz iqlimi ustun. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimoli Sharqda -7°, -8° , Qrimning Janubi sohilida 2-4°; iyulda shimoli g’arbda 18-19°, Janubi sharqda 23-24°. Yillik yog’in shimoli g’arbda 600— 700 mm, Janubi sharqda 300 mm gacha, Qrim tog’larida 1000-1200 mm, Ukraina karpat tog’larida 1200-1600 mm. Ukraina daryo shoxobchalarining jami uzunligi 170 ming kilometrga yaqin. Ko’p daryolari Qora va Azov dengizlariga quyiladi. Eng katta daryosi — Dnepr. Yirik daryolari — Dnestr, Janubiy Bug, Severskiy Dones, Prut, qisman Dunay. Ularning ko’pi qishda muzlaydi. Yirik daryolarida GESlar qurilgan. 7 mingdan ortiq ko’l bor. Yiriklari: Yalpug, Katlabux, Sassiq, shagani, Alibey, Sinevir va boshqalar. Suv omborlari: Kremenchug (2250 km2), Kaxovka (2155 km2), Kiyev (922 km2), dneprodzerjinsk (567 km2) va boshqalar. Tuproqlari xilma-xil. Mamlakat shimoli qismida chimlipodzol tuproqlarning turli tiplari uchraydi, o’tloqibotqoq va torfli botqoq tuproqlar ham tarqalgan. O’rmonli dasht zonasida sur tusli o’rmon tuproqlari, podzollashgan va haqiqiy qora tuproqlar, dasht zonasida oddiy va Janubiy qora tuproq, dengiz sohilida to’q kashtan tuproqlar ko’proq. Ukraina Karpat tog’larida ajriqli podzol tuproqlardan tortib qora qayin o’rmon mintaqasi, tog’ o’tloqlari va tog’ torfzorlarida podzollashgan qo’ng’ir tuproqlargacha uchraydi. Qrim tog’larida aksari qo’ng’ir o’rmon va tog’ o’tloqi tuproqlar, Qrim yarim orolining Janub sohillarida esa, qizil qo’ng’ir va jigarrang tuproqlar bor. Ukrainada o’simliklarning 16 mingga yaqin turi mavjud. Shimoldagi aralash o’rmon zonasida qarag’ay, emanqarag’ay, o’rmonli dasht zonasida grabeman, eman, zarangjo’ka o’rmonlar o’rmonsiz yaydoq maydonlar bilan almashinib turadi. Umuman Ukraina o’rmon fondining umumiy maydoni 9990 ming gektar. Qora dengiz bo’yi subtropik o’simliklar bilan qoplangan. O’rmonlarda ayiq, Los, bug’u, to’ng’iz, o’rmonli dasht zonasida bug’u, bo’ri, suvsar, Olmaxon va boshqalar, qushlardan chil, xakka, zarg’aldoq, dasht zonasida yumronqoziq, qo’shoyoq, sichqon, to’rg’ay, bedana va hokazolar yashaydi. Daryo va ko’llari baliqqa boy. Tabiiy o’simliklar va hayvonot dunyosi 20 ta qo’riqxonada saqlab qolingan. Yiriklari: Ukraina dasht, qora dengiz biosfera, Polese, Yalta tog’o’rmon, karpat biosfera, AskaniyaNova, Lugansk qo’riqxonalari. Aholisi. Asosiy aholisi — Ukrainlar (78% ga yaqin); rus, Belorus, moldavan, Qrim tatarlari, bolgar, Venger, rumin, polyak, yahudiy, gagauz, o’zbek (12,5 ming) va boshqalar (hammasi 130 millat va elat vakillari) ham yashaydi. Shahar aholisi 66,9%. Aholining aksariyati xristian (pravoslav va katolik), shuningdek, yahudiylik, Islom va boshqalar dinlarga e’tiqod qiladi. Yirik shaharlari: Kiyev, Xarkov, Odessa, Zaporoje, Dnepropetrovsk, Donesk, Lvov. Tarixi. Ukraina janubida ilk paleolit davrida odamlar yashaganligi ma’lum. O’rta paleolit davrida muste madaniyatiga mansub elatlar vakillari hozirgi Ukraina hududining anchagina qismini egallab oldilar. So’nggi paleolit davrida (35-40 ming yil avval) butun Ukraina hududida odam yashay boshlagan. Mezolit davri (miloddan avvalgi 10— 7-ming yillik)da baliq ovlash, neolit davri (miloddan avvalgi 6-4-ming yillik) da dehqonchilik va chorvachilik paydo bo’ldi. Eneolit va jez davrlari (miloddan avvalgi 4-ming yillik — 1-ming yillikning boshi)da dehqonchilik, chorvachilik va kulolchilik ancha yuksaldi. Miloddan avvalgi 2-ming yillik oxiri — 1-ming yillik boshlarida but va Dnepr bo’yi dashtlarida kimmeriy qabilalari yashagan. Miloddan avvalgi 7-asrda qora dengiz bo’yidagi dashtlarga Osiyodan ko’chmanchi skif qabilalari kirib keldi. Miloddan avvalgi 7-5-asrlarda qora dengizning shimol sohillariga feklar ko’chib kelib, shahardavlatlar (Olviya, tira, Xersones, Pantikapey va boshqalar)ni barpo etdilar. Miloddan avvalgi 5-asrda esa Kerch yarim orolida Bospor podsholigi tashkil topdi. Miloddan avvalgi 2-asrda Ukrainaning dasht yerlarini sarmatlar egalladi. Milodiy 3-6-asrlarda qora dengizning shimol sohillariga got, Gunn, avar va boshqa qabilalar kelib o’rnashdi. 4— 7-asrlarda vujudga kelgan O’rta Dnepr bo’ylaridagi tarqoq Sharqiy slavyan qabilalari (Vizantiyalik mualliflar ularni venedlar, antlar va sklavinlar deb ataganlar) 9-asr o’rtalarida qabila ittifoqlari va knyazliklarga birlashib, Kiyev Rusini vujudga keltirdilar. 1239-40 yillarda bu davlat mo’g’ullar tomonidan bosib olinib, Oltin O’rda mulkiga aylantirildi. Rusning boshqa qismidan ajralib qolgan Ukraina yerlari 13-14-asrlarda polyak, Litva, Venger va boshqa chet el hukmdorlari qo’l ostida bo’ldi («Ukraina» nomi dastlab Janubiy G’arbdagi ayrim rus yerlariga taalluqli bo’lib, «kray» — chekka yoki chegara ma’nosini anglatgan; 16-asr oxiri — 17-asr boshlarida u barcha Ukraina yerlariga tarqalib, ukrain xalqining etnik nomiga aylangan). 15-asrda Ukrainaning Janub qismi va Qrim yarim orolida Qrim xonligi tashkil topdi. 1569 yil Ukraina hududining aksari qismi Birlashgan litvapolyak davlati — Rech Pospolita tarkibiga kiritildi. Milliy va liniy zulmning kuchayishi, sinfiy kurashning avj olishi 15-asr oxiri — 16-asr 1-yarmida Zaporoje kazaklarining paydo bo’lishiga olib keldi. Dehqonlarning kazaklar tomoniga qochib o’tishi kuchaydi. 16-asrda kazaklar markazi — Zaporoje Sechi tashkil topdi va u Qrim xonligi, Usmonli turklar saltanati, polyak-ukrain hukmron doiralariga qarshi kurashdi. 1591-93 yillarda getman K. Kosinskiy, 1594-96 yillarda S. Nalivayko rahbarligida dehqonkazaklar qo’zg’olonlari bo’lib o’tdi. 1648 yil B. Xmelniskiy boshchiligida ukrain xalqining ijtimoiy va diniy-milliy istibdodga qarshi ozodlik kurashi boshlandi va u milliy inqilobga aylanib ketdi. Ukraina getmanligi mustaqil davlatga aylandi. 1654 yil murakkab tashqi siyosiy va harbiy vaziyatda B. Xmelniskiy Moskva bilan harbiy ittifoq tuzdi, unda mustaqil getmanlik hokimiyatini saqlab qolish ko’zda tutildi. Shu tariqa u Ukraina getmanligini tashqi siyosiy jihatdan tan olinishiga erishdi. Biroq uning vafotidan so’ng getmanlik hokimiyati uchun boshlangan kurash uzoq davom etdi (1657-76). Bundan foydalangan Moskva ukrain yerlari ustidan haqiqiy nazorat o’rnatib oldi. I. Mazepa Getman bo’lgan davrda (1687-1708) u rus-shved urushi vaqtida (1708) Moskva vasiyligidan qutulishga intilib, Shvetsiya qiroli Karl XII tomoniga o’tdi. Mazepadan keyingi getmanlar Rossiya imperiyasi tarkibida Ukraina getmanligining muxtoriyat maqomini saqlab qolishga intildilar. Ammo podsho hukumati 1764 yil getmanlikni batamom tugatdi. 18-asrning 2-yarmida o’ng sohil Ukraina Rossiya imperiyasi tarkibiga kirdi. Polsha hududi 3 marta (1772, 1793 va 1795) taqsimlanganidan so’ng ukrain yerlari 2 imperiya — Rossiya va Avstriya-Vengriya tarkibiga o’tib qoldi. 19-asrning 20-30-yillarida Ukrainada milliy uyg’onish jarayoni boshlandi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida siyosiy partiyalar tuzila boshladi. Rossiyada 1917 yil oktabr to’ntarishi ro’y berib, Rossiya va Avstriya-Vengriya imperiyalari barbod bo’lgach, ukrain siyosiy harakati qatiy talablar bilan maydonga chiqdi va milliy ozodlik kurashi davri yoki 1917-21 yillardagi ukrain inqilobi boshlandi. O’sha davrda Ukrainada Ukraina Markaziy Radasi, Getman Pavel Skoropadskiy boshliq Ukraina Davlati, Ukraina Xalq Respublikasi Direktoriyasi ukrainlarning o’z davlatini tuzishga intildilar. Ammo murakkab tashqi va ichki siyosiy sharoit, avvalo Sovet Rossiyasi qo’shinlarining bostirib kirganligi ukrain inqilobining mag’lub bo’lishiga olib keldi. 1921 yil Ukraina SSR e’lon qilindi va u 1922 yil 30 dekabrda SSSR tarkibiga kirdi, G’arbiy Ukraina yerlari Polsha tarkibida krldi. Avvaliga, 20-asrning 20-yillarida sovet Ukrainasida ukrainlashtirish siyosati o’tkazildi. Biroq 20-yillarning oxiri — 30-yillarning boshlarida bu siyosat to’xtatildi. Ukrain milliy ziyolilari ommaviy qatag’on va qirg’in qilina boshladi. 20-asrning 30-40-yillari Ukraina tarixidagi eng fojiali yillar bo’ldi. 1921-23, 1932-33, 1946-47 yillarda Ukrainada ham ocharchilik hukm surdi, ukrainlar ommaviy ravishda Sibir, Oltoy, uzoq Sharqqa, Qrim aholisining bir qismi — Qrim tatarlari 1944 yil O’rta Osiyoga surgun qilindi. 1954 yil Qrim viloyati RSFSR tarkibidan Ukraina tarkibiga o’tkazildi. 20-asrning 50-70-yillarida Ukrainada keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar ro’y berdi, jumladan, sanoat rivojlanib, shaharlar kengaydi. 80-yillar oxirida qayta qurish siyosati boshlanishi bilan muxolifat harakati kuchaydi, yangi tuzilgan siyosiy tashkilotlar suverenitetga erishish, demokratiyani rivojlantirish, milliy va fuqarolik huquqlari uchun kurasha boshladi. Nihoyat, 1991 yil 24 avgust kuni Ukraina mustaqilligi e’lon qilindi. Ukraina — 1945 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi mustaqilligini 1992 yil 24 yanvarda tan olgan va o’sha yil 25 avgustda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 24 avgust — Mustaqillik kuni (1991). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. 2000 yil boshlarida Ukrainada 100 dan ortiq siyosiy partiya, 1,5 ming jamoat tashkiloti bo’lgan. Eng ommaviy va nufuzli siyosiy birlashma va partiyalari: Ukraina Xalq Pyx (Ukraina Xalq harakati) harakati (1989), Kommunistik partiya, sotsialistik partiya (1991), Umumukrain birlashmasi — «Batkivshchina» («Vatan», 1999), Sotsialdemokratik partiya (birlashgan, 1995), regionlar partiyasi (2001), Ko’katparvarlar partiyasi (1990). Ukraina kasaba uyushmalari federatsiyasi (1990) va bir qancha mustaqil tarmoq kasaba uyushmalari ham mavjud. Xo’jaligi. Ukraina — industrialagrar mamlakat. Milliy daromad tarkibida sanoat 30%, qishloq xo’jaligi 14%, xizmat ko’rsatish sohasi 56% ni tashkil etadi. Sanoati. Og’ir industriyada ishlab chiqarish sanoatining ulushi juda katta. Jumladan, konchilik sanoati, qora va rangli metallurgiya, kemasozlik, og’ir mashinasozlik, neft kimyosi va koks kimyosi sanoati, shuningdek, harbiy sanoat majmuasi rivojlangan. O’rmon, yog’ochsozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, binokorlik materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik salmoqli o’rni tutadi. Ilm-fan yutuqlariga asoslangan sanoat tarmoqlari, ayniqsa, raketasozlikning ulushi ortib bormoqda. Jumladan, Ukrainaning «Zenit» eltuvchi raketasi yordamida xalqaro «dengiz Starti» loyihasining amalga oshirilishi ta’minlanmoqda. Yirik issiqlik va atom elektr stansiyalari, shuningdek, Dnepr daryosidagi GES kaskadi (yiriklari Dnepr, Kremenchug, Kaxovka GESlari) energetikaning asosini tashkil etadi. 1986 yil Chernobil AESda falokat yuz berishi oqibatida 3000 MVt quvvatli 3 ta energetika bloki 2000 yildagi xalqaro kelishuvga binoan yopib qo’yilishi natijasida Ukrainada elektr energiya hosil qilish birmuncha kamayib, 2003 yilda 179,5 milliard kvt soatga tushib qoldi. Ukraina iqtisodiyotida konchilik sanoati muhim o’ringa ega: toshko’mir (Donesk va Lvovvolin havzalari), qo’ng’ir ko’mir (Dnepr havzasi), gaz va neft (Karpatoldi, qora dengiz shelfi), temir rudasi (Krivoy Rog va Kerch havzalari), Marganes rudasi (Nikopol yaqini), kaliy (Karpatoldi), toshtuz (Donesk havzasi) va boshqa foydali qazilmalar qazib olinadi. Mahalliy temir va marganes ruda konlari asosida ishlovchi qora metallurgiya korxonalari cho’yan, po’lat, prokat, polimetall konlariga asoslangan rangli metallurgiya korxonalari simob, alyuminiy, titan, tsirkoniy, nikel, mashinasozlik va metallsozlikning yirik korxonasi bo’lmish Novokramatorsk mashinasozlik zavodi domna va Marten pechlari uchun uskunalar, shaxtalar uchun mashinalar, yuk ko’tarish mexanizmlari, temirchilik press uskunalari, ekskavatorlar ishlab chiqaradi. Radioelektronika sanoati, shu jumladan, televizor va EHMlar ishlab chiqarish rivojlangan. Ukrainada teplovoz (Lugansk), vagon (Dneprodzerjinsk, Kremenchug, kadievka), avtobus va avtoyuklagich (Lvov), yengil avtomobil (Zaporoje), yuk avtomobillari (Kremenchug) zavodlari, kemasozlik (Nikolayev), Xerson, Kiyev samolyotsozlik, stanoksozlik, asbobsozlik, energetika va elektr texnika sanoati korxonalari bor. Kimyo va neft kimyosi sanoati korxonalari lok, bo’yoq, sintetik smola, plastmassa, sun’iy va sintetik tola, kimyoviy reaktorlar, fotoreaktivlar, qishloq xo’jalik va ro’zg’orda ishlatiladigan turli mahsulotlar ishlab chiqaradi. Oziq-ovqat sanoatida qandshakar, spirt, yog’, go’sht, un, meva-sabzavot konservalari ishlab chiqaruvchi ko’pgina korxonalar mavjud. Qrim, Odessa, Xerson kabi Janub viloyatlarda va Zakarpateda vinochilik, dengiz bo’yi shaharlarida baliq sanoati rivoj topgan. Yengil sanoat to’qimachilik (ip gazlama, movut, shoyi va zig’ir tolali gazlama ishlab chiqarish), tikuvchilik, ko’npoyabzal, chinni zavod va fabrikalarini o’z ichiga oladi. Qishloq xo’jaligi, asosan, don, texnika ekinlari va chorvachilik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan. Ukrainaning qishloq xo’jaligiga yaroqli yer fondi 40,2 million gektarni tashkil qiladi. Dehqonchilikda donli ekinlardan kuzgi bug’doy, makkajo’xori, sholi, arpa, tariq, grechixa va boshqalar yetishtiriladi. Bog’dorchilik, polizchilik va tokchilik rivojlangan. Texnika ekinlaridan qand lavlagi, kungabokar, uzun tolali zig’ir, qo’noq, tamaki ekiladi. Kartoshka yetishtiriladi. O’rmondasht va dasht zonalarida dorivor va efirmoyli o’simliklar ekiladi. Chorvachilikda qoramol, cho’chqa, qo’y va echki, parranda boqiladi. Bu tarmoq, asosan dasht zonasida, Karpat tog’lari va Poleseda rivojlangan. Asalarichilik, pillachilik, darrandachilik bilan ham shug’ullaniladi. Qora va Azov dengizida baliq ovlanadi. Transportning hamma turlari rivojlangan. Temir yo’l uzunligi 22,6 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 172,3 ming kilometr. Asosiy dengiz portlari: Odessa, Ilichyovsk, Xerson, Izmail, Mariupol, Kerch. Dnepr, Desna, Pripyat, Dnestr, Dunay daryolarida kema qatnaydi. Ilichyovsk — Varna (Bolgariya) yo’nalishida dengiz paromi mavjud. Neft va gaz quvurlari qurilgan. Kiyev yaqinidagi Borispol shahrida xalqaro aeroport bor. Turizm rivojlangan. Ukraina chetga mashina-uskuna, qora va rangli metallar, temir va marganes rudalari, oziq-ovqat (shu jumladan, qandshakar), yengil sanoat mahsulotlari chiqaradi. Chetdan energiya manbalari, asbobuskuna, iste’mol mollari oladi. Rossiya, Germaniya, Italiya, Xitoy, AQSh, Turkmaniston, Avstriya, Polsha, Belorussiya, Vengriya, Turkiya, Qozog’iston, O’zbekiston bilan savdo qiladi. Pul birligi — grivna. Tibbiy xizmati. Davlat sog’liqni saklash tizimidagi tibbiy muassasalar bilan birga xususiy tibbiy muassasalar ham rivojlangan. 2000 yil boshlarida 3 mingdan ko’proq davolash muassasida 500 mingga yaqin o’rin bo’lib, ularda salkam 250 ming tibbiy xodim xizmat qildi. Asosiy kurortlari: Krimning Janubiy sohili, Azov dengizi va Odessa atrofidagi kurortlar, Truskaves, Mirgorod, Morshin, Karpat sihatgohlari. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 2000 yil boshlarida 22 mingga yaqin umumiy ta’lim o’quv yurtida 6600 mingdan ko’proq o’quvchi ta’lim oldi, salkam 570 ming o’qituvchi dars berdi; 665 oliy o’quv yurtida 560 ming talaba, hunartexnika maktablarida 510 mingdan ziyod o’quvchi tahsil oldi. Xususiy ta’lim tizimida 170 oliy o’quv yurti va 250 umumiy ta’lim muassasasi bor. 20,4 ming ommaviy va universal kutubxonaning umumiy kitob fondi 339 million nusxadan iborat, 6 ming kino qurilma mavjud. Klub tipidagi 20,2 ming madaniyat muassasasi, 386 muzey, jumladan, 123 o’lkashunoslik, 134 tarix va arxeologiya, 63 san’atshunoslik, 44 adabiyot muzeyi mavjud. Ukrainada 1490 tashkilot ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat bilan shug’ullanadi, ularda 10 mingdan ortiq fan Doktori va 60 mingdan ziyod fan nomzodi ishlaydi. Milliy Fanlar akademiyasi, ta’lim va fan vazirligi, Ukraina agrar Fanlar Akademiyasi, Sog’liqni saqlash vazirligi, tibbiyot Fanlar Akademiyasi, agrar siyosat vazirligi tizimlaridagi ilmiy muassasalar oliy malakali ilmiy kadrlar tayyorlash bilan shug’ullanadi. Ukraina Milliy Fanlar Akademiyasi, oliy maktab tizimi va tarmoq vazirliklarida yirik ilmiy muassasalar faoliyat yuritadi. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Ukrainada 2,5 mingdan ko’proq gazeta, 2,2 mingga yaqin jurnal va boshqalar nashr etiladi. Yiriklari: «Golos Ukrashi» (Ukrain tilidagi gazeta, 1991 yildan), «Uryadoviy kur’yer» («hukumat xabarchisi», ukrain tilidagi gazeta, 1990), «Dzerkalo tijnya» («Hafta oynasi», ukrain tilidagi gazeta, 1994), «Den» («kun», rus tilidagi gazeta, 1996), «Lggiraturna Ukrasha» («Ukraina adabiyoti», ukrain tilidagi gazeta, 1927), «Fakti i kommentarii» («fakt va sharhlar», rus tilidagi gazeta, 1997), «Vechernie Vesti» («kechki xabarlar», rus tilidagi gazeta, 1998), «biznes» (rus tilidagi gazeta, 1992), «Ukrasha moloda» (ukrain tilidagi gazeta, 1991), «Ukrasha» (jurnal, 1941), «Suchasshst» («zamonaviylik», ukrain tilidagi jurnal, 1961), «Politichna dumka» («siyosiy fikr», ukrain tilidagi jurnal, 1993), «Dnshro» (ukrain tilidagi jurnal, 1927), «Galisyu kontrakti» («galisiya shartnomalari», ukrain tilidagi jurnal, 1990), «Delovaya Ukraina» («Ishbilarmon Ukraina», rus tilidagi jurnal, 1992), «Politika i kultura» («siyosat va madaniyat», ukrain tilidagi jurnal, 1999), «Peres» («qalampir», ukrain tilidagi satirik jurnal, 1927), «Barvshok» (ukrain tilidagi yoshlar jurnali, 1928). Ukrainadagi yetakchi axborot agentliklari: «Ukraina milliy axborot agentligi» (Ukrinform, 1981 yil tuzilgan, 1990 yildan mustaqil), «Ukraina mustaqil axborot agentligi» (UNIAN, 1993), «Ukrashsyu novini» («Ukraina yangiliklari», 1993). Ukrainada teleko’rsatuv va radioeshittirish tarmog’i rivojlangan.  2000 yil boshida 560 dan ortiq tele va radiokompaniya xamda tashkilot faoliyat yuritdi. Yetakchi telekompaniyalar: «Ukraina milliy telekompaniyasi» (1995), «inter» (1995), «yangi kanal» (1998), «1 + 1» (1995), «1CTV» (1992), «STB» (1997). Ukrainada radioeshittirishlar 1924 yildan, teleko’rsatuvlar 1951 yildan boshlangan. Adabiyoti. Ukraina adabiyotining ilk manbalari qadimgi rus pandnasihatlari, avliyo-anbiyolar haqidagi rivoyat va qissalar, 11 —13-asrlarga oid yilnomalardan boshlanadi. Kiyevda yaratilgan ostromir Injili (1056-57), «o’tgan yillar qissasi» (taxminan 1113) Kiyev Rusidagi ilk adabiy yodgorliklardir. 14-15-asrlarda yilnoma va voqea-hodisalar tarzidagi adabiy asarlar dunyoga keldi. Keyinroq xalq she’riy ijodiyoti, shu jumladan, tarixiy qo’shiqlar, qahramonlik dostonlari, sevgi va mehnat qo’shiklari, xalq ertaklari paydo bo’ldi. 16-17-asrlarda munozarali adabiyot va ilohiyotga doyr adabiyot muhim rol o’ynadi. (Gerasim Smotriskiy, Vasil Surazskiy, Meletiy Smotriskiy (mashhur «grammatika» darsligi muallifi, 1619), Yoanikiy Galyatovskiy, Petro Mogila (Sharqiy Yevropadagi dastlabki akademik o’quv yurti asoschisi; keyinchalik uning nomi bilan Kiyevmogila akademiyasi deb nomlangan, 20-asrning 90-yillarida qayta tiklangan), Ivan Vishenskiy, Feofan Prokopovich, Ipatiy Potiy, zaxar Kopistenskiy va boshqalar]. Bu davrda Lvovda Ivan Fyodorov tomonidan Ukraina hududida birinchi kitob — «Apostol» nashr etildi. Yevropa Uyg’onish davrida adabiyot tez rivojlandi, 17-18-asrlarda adabiy mavzular kengayib, g’oyaviy-uslubiy jihatdan boyidi, xilma-xil janrlardagi asarlar yaratila boshladi. Yozuvchi, shoir va ma’rifatparvar G.S. Skovoroda (1722-94)ning ijodi qadimgi ukrain adabiyotining xotimasi, yangi ukrain adabiyotining muqaddimasi bo’ldi («Xarkov masallari» to’plami, «Ilohiy qo’shiqlar bo’stoni» she’rlar to’plami). 19-20-asr boshlarida mumtoz ukrain adabiyoti shakllandi. I. Kotlyarevskiy (6 qismdan iborat «Enenda» dostoni), P. Gulakartemovskiy, G. Kvitkaosnovyanenko, I. Franko, L. Ukrainka, P. Mirniy, O. Pchilka, N. Gogol, M. Kosyubinskiy va boshqalarning asarlari mashhur bo’ldi. Buyuk Qo’bizchi T. Shevchenko esa yangi ukrain adabiyotiga asos soldi. 20-asrda V. Sosyura, P. Tichina, M. Rilskiy, M. Kulish, O. Gonchar, I. Le, M. Stelmax, P. Zagrebalniy, B. Oleynik, V. Simonenko, M. Bajan, I. Drach, M. Movchan va boshqa ko’pgina adiblar yaratgan nasriy va nazmiy asarlar, A. Korneychuk pyesalari Ukraina adabiyotiga munosib hissa bo’lib qo’shildi. Hozirgi zamon ukrain adabiyoti milliy an’analarni zamonaviy Yevropa va jahon madaniyati tajribasi bilan qo’shish ruhida rivojlanib bormoqda. Me’morligi va tasviriy san’ati. Ukraina hududida ilk paleolit davriga mansub turar joy qoldiqlari, odam va hayvon haykalchalari saqlanib qolgan. Dastlabki inshoot va binolar Vizantiya me’morligi ta’sirida tiklangan. Kiyevdagi Ayo Sofiya sobori va Oltin darvoza (11-asrning 1-yarmi) shu davrga oid yodgorliklardir. Umuman, Ukraina me’morligi Yevropa me’moriy an’analari ruhida rivojlanib kelgan, jumladan, toshdan qal’a va saroylar qurilgan, tasviriy va amaliy bezak san’at asarlari yaratilgan. 14-16- asrlarda Volin, Podole va Galitsiyada ko’pgina istehkom va monastirlar barpo etildi. 16-asr 2-yarmi va 17-asr boshlari Ukraina me’morligida Uyg’onish davrining ta’siri seziladi, xalqchillik unsurlari ko’rina boshladi. 18-asr boshlarida so’l sohil Ukrainada barokko uslubi ustunlik qilgan bo’lsa, tez orada rokoko uslubi ham kirib keldi, dunyoviy me’morlik san’ati rivojlandi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida esa klassisizm yetakchi mavqeni egalladi, jumladan, shaharlarni shu uslubda qayta qurishga kirishildi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida boshqa me’morlik uslublari qo’shilgan eklektik uslub ustun bo’ldi. Sovet davrida mahobatli binolar keng yoyildi, ammo baribir oddiy universal me’moriy loyihalar yetakchi o’rin egalladi. 20-asrning 30-40-yillarida Ukraina shahar va qishloqlarini reja asosida qayta qurishda xalq me’morligi shakllaridan foydalanildi. 50-60-yillarda shahar va qishloqlarni qayta tiklash va yangilarini barpo etishda ulug’vorlik va bezakdorlikka zo’r berildi, 70-yillardan boshlab tipovoy bloksektsiyalar va yig’ma uy konstruktsiyalaridan foydalanishga kirishildi. Hozirgi zamon Ukraina me’morligi milliy uslublardan ham, jahon tamoyillaridan ham foydalanib, Ukrainaning yevropacha qiyofasini shakllantirishga intilayotir. V. Gorodeskiy, I. Kavaleridze, E. Vuchetich nomlari ukrain me’morligi va haykaltaroshligining faxri bo’lib qolgan. Keyingi yillarda xarob ahvolga tushib qolgan tarixiy yodgorliklarni qayta tiklashga katta e’tibor berildi, jumladan, Kiyev shahridagi Mixaylov zlatoverx sobori, Kiyevpechera lavrasining Uspenie sobori ta’mirlanib, asl holiga keltirildi. Kiyev, Xarkov, Lvov va boshqa shaharlarda kurkam jamoat va turar joy binolari barpo etildi. Ukraina rassomligi, avvalo, ibodatxonalarni bezatish ehtiyoji tufayli yuzaga keldi. 16-asr bezak rassomligi va haykaltaroshlik rivojlandi. O’rta asrlar rassomligida kitob miniatyurasi ham katta o’rin egalladi, yogoch gravyurasi rivojlana boshladi, keramika, yog’och o’ymakorligi, chilangarlik, zargarlik, kashtachilik yuksaldi. T.G. Shevchenko romantizm usullarini ijodiy o’zgartirib, portret, manzara va boshqa janrlarda go’zal asarlar yaratdi. 18-asr oxiri — 19-asr boshida Ukraina tasviriy san’atida klassisizm ta’siri seziladi. 19-asrning 2-yarmi — 20-asr boshlarida ukrain san’atida realistik tamoyillar rivoj topdi. Zamonaviy ukrain rassomligida kitob grafikasi, dastgoh grafikasi, siyosiy plakat, teatr va kino bezak san’ati, portret, manzara kabi janrlar rivojlangan. T.N. Yablonskaya, V. I. Kasiyan, M. G. Lisenko, M. G. Derevus va boshqalar mashhur. San’atning barcha turlari bo’yicha kadrlar Kiyev tasviriy san’at instituti, Lvov amaliy va bezak san’ati instituti, Xarkov sanoat rassomligi instituti, Lvovdagi poligrafiya instituti, bir qancha maxsus o’rta o’quv yurtlarida tayyorlanadi. Ukraina mustaqillikka erishgach (1991), 1992 yilda Ukraina rassomlar uyushmasi Ukraina Milliy rassomlar uyushmasi sifatida qayta tuzildi (raisi — V. A. Chepelik). Uyushma tarkibida viloyat bo’limlari, 4308 a’zo bor. 1998 yil Ukraina Prezidenti farmoni bilan «rassomlar kuni» kasb bayrami ta’sis etilgan. Musiqasi Sharqiy slavyanlar xalq musiqasi asosida vujudga kelgan. Kiyevdagi Sofiya soborining devoriy suratlarida turli sozlarni chalib turgan musiqachilar tasvirlangan. Xalq musiqasi dastlab bir ovozli, keyinchalik ko’p ovozli (geterofoniya va garmoniya tuzilishida) vokal, vokalcholg’u va cholg’u shakllarida rivojlangan. Skripka, basolya, kobza, Bandura, torban, tsimbala, lira kabi musiqa asboblari bor. Ukraina professional musiqasi Kiyev Rusi davridan boshlangan. Knyaz saroylarida, cherkovlarda maxsus qo’shiqchilar bo’lgan. 16-17-asrlarda shaharlarda musiqachilar uyushmalari, musiqa maktablari tashkil topdi. 18-asrda krepostnoy musiqa kapellalari, orkestrlari, opera va balet truppalari ishlay boshladi. 1810 yil Odessada opera teatri ochildi. 19-asr 2-yarmida ukrain professional musiqa maktabi shakllandi. Ukrain mumtoz musiqasi milliy opera asarlari bilan boyidi (S. Gulakartemovskiyning «Dunay ortidagi zaporojelik», P. Sokalskiyning «Dubna qamali», «Mazepa», M. Arkasning «Katerina» asarlari va boshqalar). N. Lisenko, K. Stesenko, M. Leontovich, B. Lyatoshinskiy, L. Revuskiy, V. Kosenko, aka-uka G. va P. Mayboroda kabi kompozitorlarning faoliyati ukrain mumtoz musiqasi rivojida muhim o’rin oladi. 20-asrning 2-yarmida musiqa arboblaridan I. Kozlovskiy, B. Gmirya, A. Solovyanenko, Yu. Gulyaev, xalq va estrada qo’shiklari ijrochilaridan N. Yaremchuk, V. Ivasyuk, N. Matvienko, S. Rotaru, O. Kovalska, Yu. Bagatikov xalqaro miqyosda mashhur bo’ldilar. «Yevrovidenie 2004» festivalida xonanda Ruslana Lijichko 1-o’rinni oldi. Kiyev, Odessa, Lvovda konservatoriya, Xarkov san’at instituti, Donesk musiqa-pedagogika instituti, bir qancha madaniyat institutlari, musiqa bilim yurtlari bor. O’zbekistonda N. Lisenkoning «Poltavalik Natalka» (Muqimiy teatrida), G. Mayborodaning «Arsenal» (Navoiy teatrida) asarlari sahnalashtirilgan, L. Revuskiy Toshkent konservatoriyasida kompozitsiya kafedrasi mudiri (1941 — 1944) bo’lgan, shogirdlari orasida I. I. Akbarov ham bor. Teatri. Ukraina teatr san’ati sarchashmalari majusiylik davri xalq rasm-rusumlaridan boshlanadi. Xristianlik kabul qilingach, xalq aktyorlari — skomoroxlar ijodi rivojlandi. 16-asr oxirlarida Ukraina hududiga G’arbiy Yevropadan kirib kelgan diniy drama asta-sekin realistik tus olib, intermediya va interlyudiya janrlari tug’ila boshladi, shu tariqa zamonaviy komediyaga asos solindi. 17-19-asrda «vertep» deb atalgan xalq qo’g’irchoq teatri rivojlandi. Ukrain teatrining vujudga kelib, kamol topishini Kiyevmogila akademiyasi bilan bog’laydilar (17-asr 2-yarmi — 18-asr boshi). 18-asr oxirlarida so’l qirg’oq Ukrainaning dvoryan qo’rg’onlarida krepostnoy teatrlar, dvoryan va boshqa tabaqa vakillaridan iborat havaskorlik teatrlari ham paydo bo’ldi. Professional teatr 18-asr oxiri — 19- asr boshlarida tashkil etildi. I. Kotlyarevskiyning «Poltavalik Natalka» va «Moskalcharivnik» pyesalari Ukraina teatri tarixida yangi davrni boshlab berdi. Birinchi doimiy opera teatri Odessa shahrida ochildi (1809). Keyinchalik bunday teatrlar Kiyev va Xarkovda xam paydo bo’ldi. 20-asr boshlarida Ukraina teatr san’ati yuksak darajaga ko’trildi. M. Kropivniskiy, M. Stariskiy, I. KarpenkoKarogo, N. Lisenko, M. Sadovskiy, Yu. Lavrivskiy va boshqalar mumtoz teatrni kamol toptirdilar. 20-asrning 90-yillaridan davlatga qarashli bo’lmagan yangi uyushmalar hisobiga professional teatrlar soni ko’payib, 2000 yilda 130 taga yetdi. Kiyev drama va komediya teatri, yoshlar teat ri’poeziya teatri, Donesk, Dnepropetrovsk, Zaporoje, Sumi yosh tomoshabinlar teatrlari jahon mumtoz dramaturgiyasi asarlari bilan birga mahalliy mualliflarning pyesalarini ko’rsatmoqda. Professional va havaskor jamoalar uchun kadrlar Kiyevdagi I.K. KarpenkoKarogo nomidagi teatr san’ati institutida, Xarkovdagi I.P.Kotlyarevskiy nomidagi san’at institutida, Kiyev, Xarkov, Rovnodagi madaniyat institutlarida tayyorlanadi. Kinosi. Ukrainada dastlabki xronika filmlari 19-asrning 90-yillarida yaratilgan. 1896-1906 yillarda xarkovlik fotograf A. K. Fedeskiy xronikal kinolentalarni namoyish etgan. 1911 — 14 yillarda kinooperator D. Saxnenko rejissyor N. K. Sadovskiy bilan birga «Poltavalik Natalka» va boshqa spektakllarni suratga oldi. 1917-19 yillarda Yalta va Odessada xususiy kinoatelelar ishladi. 1922 yildan muntazam ravishda badiiy filmlar ishlab chiqarila boshladi. 1928 yil Kiyevda katta kinofabrika (hozirgi A. Dovjenko nomidagi Kiyev kinostudiyasi) ochildi. Birinketin A. Dovjenkoning «Muxabbat mevasi» (1926). «Zvenigora» (1928), «Yer» (1930), «Aerograd» (1935) va boshqa filmlari yaratildi. 50-60-yillarda rejissyorlardan I. Savchenko («Taras Shevchenko», 1951), S. Parajanov («Unutilgan ajdodlarning soyalari», 1965), V. Ivchenko («Qora ilon», 1965), shuningdek, Yu. Ilenko, L. Osika, L. Bikov, K. Muratova, R. Balayan va boshqalarning filmlari ekranga chiqarildi. Kino aktyorlaridan I. Mikolaychuk, B. Stupka, M. Yakovchenko, N. Ujviy, L. Chayka, A. Rogovtseva, K. Stepankov, Yu. Majuga, L. Gurchenko, O. Borisov, B. Benyuk, Zadnipovskiylar sulolasi, E. Paperniy va boshqalarning nomi mashhur bo’ldi. Mustaqillik yillarida (20-asrning 90-yillarida) Ukraina kinosi yangi bosqichda rivojlana boshladi. O’zbekiston — Ukraina munosabatlari. Ukraina — O’zbekiston aloqalari qadimgi an’analarga ega. 20-asr boshlarida hozirgi O’zbekiston hududiga ukrain dehqonlari ko’chib kelganlar. 20-30-yillarda keng iqtisodiy, madaniy va ilmiy aloqalar yo’lga qo’yildi. 2-jahon urushi yillarida Ukrainaning nemis-fashistlari bosib olgan hudud aholisi O’zbekistonga evakuatsiya qilindi. Ukrainaning bir qancha sanoat korxonalari, tashkilot va muassasalari O’zbekistonga ko’chirildi. Bu yerga kelgan ko’pgina fan va madaniyat arboblari madaniy hayotda faol qatnashdilar. M. Bajan, M. Tereshchenko va boshqa ukrain adiblari O’zbekistonda ijod qildilar. Urushdan keyingi davrlarda ukrain va o’zbek adabiy aloqalari yanada rivojlandi. P. Tichina, A. Korneychuk, M. Bajan, M. Tereshchenko, Ivan Le va Oybek, G’afur G’ulom, Uyg’un, K. Yashin, A. Qahhor, Sh. Rashidov, Zulfiyalarning ijodiy do’stligi mustahkamlandi. T. Shevchenko, L. Ukrainka, P. Tichina, M. Bajan, Ivan Le, O. Gonchar, M. Rilskiy, A. Malishko asarlari o’zbek tiliga, Navoiy, Muqimiy, Furqat, Hamza, G’. G’ulom, H. Olimjon, Shayxzoda, Uyg’un, Zulfiya, Mirtemir asarlari ukrain tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan. Toshkent shahrida T. Shevchenko haykali o’rnatilgan va shahardagi ko’chalardan biri uning nomi bilan atalgan. O’zbek teatrlarida ukrain dramaturglarining pyesalari sahnalashtirilgan. 2-jahon urushi davrida I. Franko nomidagi ukrain akademik drama teatri Toshkentda ishladi. O’zbek tomoshabinlari A. Korneychukning «Makar Dubrava», «Platon Krechet», «Front», A. Levadaning «Faust va o’lim» asarlarini ko’rishga musharraf bo’ldilar. I. Kotlyarevskiyning «Poltavalik Natalka» (Toshkentdagi Muqimiy nomidagi teatr), «Zaporojelik Dunay ortida» (Namangan teatri) tarixiy asarlari sahnalashtirildi. Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida G. Mayborodaning «Arsenal» operasi qo’yilgan. 2-jahon urushi yillari Toshkent konservatoriyasida P. I. Chaykovskiy nomidagi Kiyev konservatoriyasi o’qituvchilari (professor L. Revuskiy, D. Berte, K. Mixaylov) ishladilar. 1966 yil apreldagi Toshkent zilzilasi oqibatlarini tugatish va yangi uy-joy, madaniy-maishiy binolar qurishda Ukrain quruvchilari faol ishtirok etdilar. 1991 yil Ukraina va O’zbekiston mustaqillikka erishgach, ikki mamlakat o’rtasida 1992 yil 14 avgustda diplomatiya munosabatlari o’rnatildi. 1998 yil 18 Fevralda O’zbekiston Respublikasi bilan Ukraina o’rtasida Do’stlik va har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish to’g’risidagi shartnoma imzolangach, O’zbekiston Respublikasi bilan Ukraina ishonchli strategik hamkor bo’lib qoldi. O’zbekiston Respublikasi va Ukraina davlat hamda hukumat rahbarlarining o’zaro tashriflari natijasida 40 ga yaqin muhim hujjatlar imzolanib, hamkorlikning huquqiy asoslari yaratildi. Jahon siyosati sohasidagi fikrlarning birbiriga yaqinligi qayd etildi. Iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy sohalarda hamkorlik o’rnatish haqida kelishib olindi. Ko’p tomonlama hamkorlik bo’yicha tuzilgan O’zbekiston — Ukraina qo’shma komissiyasi 2 tomonlama munosabatlarni muvofiqlashtirib turibdi. Vakolatli banklar o’rtasida o’zaro hisob-kitob va to’lovlar borasida aloqa o’rnatilgan. Ayni paytda O’zbekiston bilan Ukraina o’rtasida erkin savdo tartibi joriy etilgan. Natijada Ukraina MDH mamlakatlari orasida O’zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biriga aylandi. 2003 yil O’zbekiston Respublikasi bilan Ukrainaning umumiy tovar aylanmasi 280 million AQSh dollarini tashkil etdi. Ukraina O’zbekiston Respublikasi ga metallurgiya sanoati mahsuloti, xizmatlar, neft va gaz sanoati uchun jihozlar, energetika jihozlari, dvigatellarning qismlari, nasos, tsentrifugalar, ruda yanchish mashinalari, elektr generatorlar, vagonlar uchun g’ildiraklar va boshqalar yuboradi, O’zbekiston Respublikasidan xizmatlar, energiya manbalari, rangli metallar, paxta, oziq-ovqat mahsulotlari (quritilgan mevalar) oladi. 1996-2003 yillar mobaynida Ukrainaning Ilichyovsk porti orqali 325 ming tonna O’zbekiston paxta tolasi xorijga jo’natildi. O’zbekiston Respublikasida Ukraina ishbilarmonlari ishtirokida tuzilgan 40 qo’shma korxona faoliyat yuritmoqda. Ukrainada esa O’zbekiston Respublikasi sarmoyasi ishtirokida 22 qo’shma korxona tashkil etilgan. Ikki mamlakatning ayrim hududlari, jumladan, Navoiy va Zaporoje, Samarqand va Lvov, Qashqadaryo va Summ viloyatlari o’rtasida uzoq muddatli savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik to’grisida bitimlar imzolangan. Ukrain va o’zbek xalqlari o’rtasidagi an’anaviy do’stlik munosabatlari ruhida madaniyat, fan va ta’lim sohalaridagi aloqalar samarali davom etib kelmoqda. Ukraina hududida yashovchi o’zbek va O’zbekiston Respublikasi hududida yashovchi ukrain diasporalarining ehtiyojlarini ta’minlash ishlari yo’lga qo’yilgan. Aleksey Vasilevich Yas.