Ulug’bek rasadxonasi

Ulug’bek rasadxonasi — Samarqanddagi 15-asr me’morligining nodir namunalaridan biri, ko’hna astronomik kuzatuv muassasasi. Ulug’bek farmoyishi bilan 1428 — 29 yilda Ko’xak (Cho’ponota) tepaligida ulkan tsilindr shaklida bunyod etilgan; ayrim qo’lyozmalar («Boburnoma»)ga ko’ra, balandligi 30,4 metrdan iborat 3 qavatli qilib qurilgan. Unda o’ndan ortiq turli astronomik qurilma va asboblar bo’lgan. Ulardan eng asosiysi radiusi 40,2 metrli qo’shaloq yoydan iborat kvadrant (yoki sekstantga yaqin) qurilma hisoblanadi. Kvadrantning Janubiy qismi yer ostida, qolgan qismi shimol tomonda yer sathidan 30 metrcha balandda joylashgan. Asbob aylanasida bir gradus yoy 701,85 millimetr va bir minut yoy 11,53 millimetrga to’g’ri keladi. Rasadxona o’rta asrlarda asbob uskunasi jihatdan ham beqiyos bo’lgan. Asbob astronomiyaning asosiy doimiyliklari — ekvator va ekliptika orasidagi burchakni o’lchash, yillik presessiya doimiysini, tropik yil davomiyligini va boshqa fundamental astronomik doimiyliklarni aniqlashga imkon bergan. Rasadxonada kichik o’lchamli asboblar: armillyar sfera, 2, 4 va 7 halqadan iborat o’lchov asboblari, triangula, quyosh hamda yulduz soatlari, Asturlob va boshqalar bo’lgan. Bu ilmiy uskunalar yordamida Quyosh, Oy, sayyoralar va alohida yulduzlar kuzatilgan. Mirzo Ulug’bekning eng yirik astronomik asari «Ziji Ko’ragoniy» rasadxonada yaratilgan. Uning qurilishi va keyingi ilmiy faoliyati Ulug’bek taklifi bilan yig’ilgan qator mashhur olimlar G’iyosiddin Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Kushchi va boshqalar nomi bilan bog’liq. Ulug’bek rasadxonasining arxeologik qoldiqlari 1908 yil V.L. Vyatkin rahbarligida olib borilgan qazilma ishlari natijasida topilgan. Xususan, bu yerda diametrik 48 metr keladigan, qalinligi bir g’isht bo’lgan aylanma devor borligi va uning markazida qo’shaloq yoydan iborat ulkan bosh qurilmaning qoldiq qismlari aniqlangan. Uning katta zallari, turli kattakichik xonalari bo’lgan. Bobirning yozishicha, Ulug’bek rasadxonasining sirti koshin va sirli parchinlar bilan bezatilgan. Rasadxona ichiga o’rnatilgan juda katta asbob yordamida Quyosh, oy, Sayyora va yulduzlar katta aniqlik bilan o’rganilgan. Rasadxonada kutubxona ham bo’lgan. Ichki devorda osmon tasviri, yulduzlar xaritasi, tog’, dengiz, mamlakatlar belgilangan yer shari tasviri ishlangan. Keyinchalik u qarovsiz qolib, 16-asrda vayron qilingan. Hozir Ulug’bek rasadxonasidagi katta asbob — kvadratning er ostida saqlangan qismi balandligi bilan 11 metr keladi. 1964 yil Ulug’bek rasadxonasi yonida Ulug’bek muzeyi ochilgan. Ulug’bek rasadxonasining asl ko’rinishi, ichki tuzilishi, bosh qurilmasi haqida O’zbekiston va chet el olimlari tomonidan tadqiqot ishlari olib borilmoqda.