Umr, umr ko’rish
Umr, umr ko’rish — organizm yashash davrining davomiyligi (ontogenezi). Umr organizmni qarilik va o’limga olib keladigan, yemiradigan va qayta tiklaydigan fiziologik va biokimyoviy jarayonlarning o’zaro ta’siridan iborat. Odatda, fiziologik, ekologik va o’rtacha Umr farq qilinadi. Fiziologik Umr tur individining qulay yashash sharoitidagi maksimal yoshi bilan; ekologik Umr esa uning tabiiy sharoitdagi maksimal yoshi bilan belgilanadi. O’rtacha Umr populyatsiya individlari umrining o’rtacha arifmetik qiymatidan iborat. O’rtacha Umr tashqi muhit sharoiti ta’sirida o’zgarib turadi; fiziologik va ekologik Umr esa o’zgarmas constant hisoblanadi. Hayvonlar Umri suyak qoldiqlari va tishlari, baliqlarniki — tana o’lchamlari, tangachalar va suzg’ich nurlari kesimi; mollyuskalar Umri chig’anoq halqalari orqali taxminan aniqlanadi. Tabiiy muhitda yovvoyi hayvonlar yoshini to’g’ri aniqlash qiyin. Qo’lda boqiladigan hayvonlarning faqat Fiziologik Umrni aniqlash mumkin. Uzoq Umr ko’rish hayvonlarning har xil sistematik guruhlari uchun xos. Masalan, osyotrsimonlar 50-100 yil, qurbaqa va Tritonlar — 25-30 yilgacha, baqalar 12-13 yil, timsohlar va toshbaqalar 50-100 yil; boyqush, qarg’a, burgut, oq saqoqush, to’ti 50-70 yil, Baliqchi qush, turna, quzg’un, Afrika tuyaqushi 30-40 yil, ayrim sut emizuvchilar 70— 110 yil Umr ko’radi. Bitta sistematik guruhga mansub turlar Umri bir-biridan bir necha baravar farq qiladi. Masalan, sut emizuvchilar sinfiga mansub kemiruvchilar (sichqon, kalamush) 3-4 yilgacha; juft tuyoqlilar (cho’chqa, qo’y, sigir) 15-30 yil; toq tuyoqlilar (zebra, eshak, ot) 30-70 yil Umr ko’radi. Sut emizuvchilarning tana yoki ayrim organlari (jigar, miya, buyrak usti bezi) og’irligi bilan Umr o’rtasida musbat; tana harorati bilan Umr o’rtasida manfiy korrelyatsiya kuzatiladi. Tana haroratining 10 darajaga pasayishi bilan, odatda, tana harorati pasayadigan issiq qonli hayvonlar uyquga ketmaydigan hayvonlarga nisbatan bir necha marta ko’proq Umr ko’radi. Ikkiga bo’linib ko’payadigan bir hujayralilar (masalan, amyobalar) va to’xtovsiz ko’payadigan to’qimalar qulay sharoitda cheksiz uzoq; ayrim tufelkalar kloni 10 yilgacha Umr ko’radi. Evolyutsiya jarayonida uzoq yashashga imkon beradigan belgilar to’planib borishi natijasida turlar Umri uzayib borgan va uzoq Umr ko’radigan yangi turlar paydo bo’lgan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda keyingi 60 yil davomida tuyoqli va yirtqich sut emizuvchilarning fiziologik umri 2-3 marta ortgan. Odam Umri ko’p jihatdan ijtimoiy sharoit bilan bog’liq. Masalan, o’rtacha Umr Qadimgi Gretsiyada 18 yilga, qadimgi Rimda 22 yilga yaqin, rivojlangan Yevropa mamlakatlarida Uyg’onish davrida — 35 yilga, 19-asr o’rtasida — 40 yilga teng bo’lgan. 20-asrda tibbiyot fanlarining yutug’i va ijtimoiy yuksalish natijasida odamning o’rtacha umri 20 yildan ko’proq uzaygan. 20-asr 80-yillarida rivojlangan mamlakatlarda o’rtacha Umr erkaklar uchun 70 yil, xotin-qizlar uchun 76 yilga to’g’ri kelgan. Atrof-muhit sharoiti va turmush tarzi eng qulay bo’lganida odamning o’rtacha Umri 85 yilga yetishi mumkin. Odam Umrining yanada uzayishi qarish sir-asrorlarini chuqurroq bilib olish bilan bog’liq. Yuksak o’simliklar Umri yashash muddatiga binoan bir, ikki va ko’p yillik bo’ladi. Bunday bo’linishi shartli, chunki muhit sharoitiga qarab turning Umri o’zgarishi mumkin. Masalan, g’o’za va kanakunjut tropikada kup yillik, mo’tadil iqlimda bir yillik; ko’ng’irbosh pasttekisliklarda bir yillik, tof sharoitida ko’p yillik bo’lib o’sadi. Bir yillik o’simliklar orasida efermerlar ayniqsa qisqa (bir necha oy) Umr ko’radi. Ko’p yillik o’tlar Umri har xil: ayrim paporotniklar 100 yildan ortiq; gulli o’simliklardan o’t, buta, chalabutalar bir necha 10 yildan 100 yilgacha; baland tog’larda o’sadigan ayrim chalabutalar (saurarcha) 300 yil, hatto 800 yil Umr ko’radi. O’simliklar orasida, ayniqsa, daraxtlarning Umri uzoq bo’ladi. Masalan, mamont daraxti 4 ming yil, baobab 4-5 ming yil Umr ko’radi. AQShning Kaliforniya va Nevada Shtatlari chegarasida 4300 va 4680 yil umr ko’rgan qarag’aylar; Surxon vodiysi Sayrob qishlog’ida 700 yilga yaqin Umr ko’rgan chinorlar bor. Lekin kupchilik daraxtlarning umri bir necha 10 yildan oshmaydi. Daraxtlar Umri poyadagi yillik halqalar soni, tanasining yug’onligi, yillik qo’shimcha usishi, shoxlanishi, pustlog’ining rangi va tuzilishiga qarab aniqlanadi. Tirik organizmlar, jumladan, odamning qarishi jarayonini gerontologiya o’rganadi. Ad.: Urmanie B. Ts., Evolyutsiya Prodoljitelnosti jizni, M., 1978; fenomen dolgojitelstva antropologo-etnograficheskiy aspekt issledovaniya, M., 1982; Frolkis V.V., Starenie i biologicheskie vozmojnosti organizma, M., 1975. Ochil Mavlonov.