Umumiy o’rta ta’lim maktabi

Umumiy o’rta ta’lim maktabi — majburiy ta’lim muassasasi. Mamlakat yoshlarida tabiat, jamiyat, dunyoqarash, san’at va mehnat borasidagi milliy tushunchalar shakllantirishga asos bo’ladigan bilim hamda ularning kasbiy yoki politexnik ta’limi olish uchun yetarli darajadagi ko’nikma va malaka beradi. Hozirgi O’zbekiston hududida Umumiy o’rta ta’lim maktabi o’quv yurtining mustaqil tipi sifatvda maktabxona, qorixona, rus-tuzem maktablari, yangi usul maktablari shaklida mavjud bo’lgan. 20-asrning 20-yillar o’rtalaridan shaharlarda 7 yillik maktablar, qishloq joylarda dehqon yoshlari maktablari tashkil qilindi. 1934 yildan Umumiy o’rta ta’lim maktabi 10 yillik maktablarga aylantirilib, boshlang’ich (4 yillik), to’liqsiz o’rta (7 yillik) va o’rta (10 yillik) maktab turlariga ajratildi. 2-jahon urushi yillarida Umumiy o’rta ta’lim maktabining yangi turlari — ishchi yoshlar maktablari va qishloq yoshlari maktablari vujudga keldi. Hozir O’zbekistonda Umumiy o’rta ta’lim maktabi boshlang’ich (1—4-sinf) va o’rta (5— 9-sinf) bosqichdan iborat. Umumiy o’rta ta’lim maktabining boshlang’ich bosqichida o’quvchilar atrof muhitga ongli munosabatda bo’lish, mustaqil fikrlash va o’z fikrini asoslashga o’rgatiladi. Ularda zarur darajadagi ilmiy hamda umummadaniy bilimlarni olish ehtiyojini shakllantirishga, milliy va umumbashariy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy fazilatlarni qaror toptirishga e’tibor qilinadi. Bolalarda dastlabki ongli mehnat ko’nikmalari shakllantirilishi ko’zda tutiladi. Umumiy o’rta ta’lim maktabining o’rta bosqichida ijtimoiy-gumanitar va tabiiy fanlar asoslari, milliy istiqlol g’oyasining asosiy tushunchalari, ijtimoiy foydali mehnatning eng zarur ko’nikmalari, yoshlarning estetik dvdi va badiiy tafakkurini shakllantirishga xizmat qiladigan o’quv fanlari o’rgatilishi ko’zda tutilgan. Shuningdek, bu bosqich o’quvchilarda tashkilotchilik va mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini, nazariy bilimlarni amalga tatbiq etish ko’nikmalarini shakllantirishni ham ko’zda tutadi. Umumiy o’rta ta’lim maktabilarida dastlabki tarzda kasbga yo’naltirishga e’tibor berilib, yoshlar ta’limning navbatdagi o’rta maxsus bosqichiga qiynalmay o’tishga tayyorlanadi. O’zbekistonda Umumiy o’rta ta’lim maktabi yagona maktab tamoyiliga amal qilgan holda davlat tomonidan tashkil etiladi, faoliyati yo’lga qo’yiladi va moliyaviy ta’minlanadi. Bu hol ixtisoslashgan va yo’naltirilgan Umumiy o’rta ta’lim maktabilari bo’lishi mumkinligini istisno qilmaydi. Umumiy o’rta ta’lim maktabilari faoliyati tegishli idoralar tomonidan tasdiqlangan o’quv rejasi, davlat ta’lim standartlari asosida yuritiladi. O’zbekistonda 2002/03 o’quv yili 9799 Umumiy o’rta ta’lim maktabi, jumladan, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishda nuqsoni bo’lgan bolalar va o’smirlar uchun 85 maktab ishladi.