Undov belgisi
Undov belgisi — gap oxirida qo’llanadigan, ikki elementli tinish belgisi (!). Yozma nutqda, ayniqsa, badiiy asarlarda turli tuyg’ular, holatlar, har xil emotsionalliklarni ifodalashda Undov belgisining roli katta. Undov belgisi, asosan, undov va buyruq gaplar oxiriga qo’yiladi. Bunda u muayyan gapning emotsional yoki qat’iy buyruq ma’nosiga ega ekanligini, tugallanganligini, boshqa gaplardan chegaralanish nuqtasini ko’rsatadi. Undov belgisi o’zbek tiliga rus tili orqali kirib kelgan. U o’zbek yozuvida 20-asrning boshidan — dastlab «Turkiston viloyatining gazeti»da 1901 yildan, keyinchalik boshqa bosma asarlarda muntazam qo’llana boshlagan. Hozirgi o’zbek adabiy tilida Undov belgisi, asosan quyidagi hollarda qullanadi: 1) undov gaplar oxirida (Unsin uchun, bechora qiz uchun, bu qanday falokat, bu qanday mudhish motam! — Oybek); 2) buyruq, tilak, orzu ma’nolarini ifodalagan gaplar oxirida (onangni qo’lingda tutsang, singlingni boshingda tut! — Oybek; Fido bulsin senga jontanim, onam!); 3) gap boshida kelib, kuchli hishayajon ifodalagan undalmalardan, undovlardan hamda ha va yo’q so’zlaridan keyin (Jamila! Bas, tur o’rningdan! — Hamza; Yo’q, yo’q! Bu og’ir ishni bo’ynimga ololmayman). Undov belgisining qo’llanishida yana bir qancha xususiy holatlar ham uchraydi.