Uremiya

Uremiya (Yunoncha uron — siydik va haima — qon) — buyrak faoliyati yetishmovchiligi natijasida organizmning siydik bilan zaharlanishi. Og’ir kechadi. Uremiyada buyrak suv va tuz almashinishi, kislotaishqor muvozanatini rostlay olmay qrladi, oqsil almashinuvining zaharli mahsulotlari to’planadi, nerv-gormonal regulyatsiya ham o’zgaradi, bu esa organizmdagi barcha a’zo va sistemalar faoliyatining buzilishiga olib keladi. U o’tkir va surunkali kechadi. O’tkir Uremiya buyrakning o’tkir yetishmovchiligi oqibatida yuzaga keladi. Buyrakning o’tkir yetishmovchiligi og’ir shikastlanishlar, kuyish, sovuq olishi, qon yo’qotish, suvsizlanish, allergiya, zaharlanish, sepsis oqibatida yuzaga keladigan shok natijasida umumiy qon aylanishi buzilishidan paydo bo’ladi. Surunkali Uremiya buyrakda qon aylanishining buzilishidan (buyrak tomirlarining bekilib qolishi), buyrak kasalliklari (og’ir, o’tkir nefrit, surunkali nefrit, pielonefrit) tufayli, siydik yo’llarining to’silib qolishi (tosh, o’sma, yallig’lanish infiltrati) sababli yuzaga keladi. Lohaslanish, quvvatsizlik, tez charchash, bosh og’rishi, yaxshi uxlay olmaslik, ishtaha yo’qolishi, xotiraning pasayishi Uremiyaning dastlabki belgilaridir. Bemor hadeb tashna bo’laveradi, terisi oqarib, quruq bo’lib qoladi, qichishadi, tez ozib ketadi. Qonni tekshirganda unda azot chiqindilari ko’payib ketganligi aniklanadi. Uremiyaning so’nggi bosqichlarida qondagi mochevina va boshqa moddalar teri, shilliq hamda seroz parda orqali chiqa boshlaydi va shu joylarda turli o’zgarishlar paydo qiladi. Natijada uremik gastrit, kolit, plevrit, perikardit belgilari yuzaga keladi. Jigar, ko’mik funktsiyalari buziladi, bemorning qoni kamayib boradi, ayrim a’zolardan qon ketadi, ko’z xiralashadi. O’z vaqtida tegishli davo tadbirlari ko’rilmasa, uremik koma vujudga keladi; bemor kasalxonada davolanishi kerak. Surunkali Uremiya bilan og’riganlarga oqsili juda kam bo’lgan parhez taomlar buyuriladi, osh tuzi ham cheklab qo’yiladi, shu yo’l bilan kasallik rivojlanishining oldi olinadi. Surunkali Uremiyaning oldini olish buyrak va siydik yo’llari yallig’lanishini o’z vaqtida davolatishdan iborat. Doimo vrach kuzatuvida bo’lib, siydik va qon tahlillari nazorat qilib turilsa, Uremiyaning oldini olish mumkin.