Urganjiylar

Urganjiylar — etnografik guruh. Urganjiylar asli xorazmlik bo’lgan, faqat Urganchda emas, balki Xorazmning turli xil shahar va qishloqlarida istiqomat qilib kelganlar. Bu guruhning shakllanishi Chingizxon bosqini bilan bog’liq. 1221 yil mo’g’ul qo’shinlari Xorazmga hujum qilib yuz minglab odamlarni o’ldiradi. Urush vaqtda xorazmliklarning bir qismi qirg’indan qochib Movarounnahr va Xuroson viloyatlariga ko’chib ketishgan. Ko’chib o’tganlar o’zlarini umumiy nom — Urganjiylar deb atashgan. Ular bu yerlarda urganjiy qishloq va shaharlarda Urganjiy mahallalariga asos soldilar. 18— 19-asrlarning 1-yarmida iqtisodiy inqiroz va vabo tarqalishi tufayli Xorazmdan aholining bir qismi yana ko’chgan. Urganjiylarning eng katta guruhi Xorazmga qo’shni bo’lgan Buxoro viloyatiga ko’chib o’tishgan. 1924 yil ma’lumotlariga qaraganda Buxoro viloyatida jami 26 ming Urganjiylar yashagan. 20-asrga kelib Urganjiylarning kichik guruhlari Samarqand, Navoiy, Andijon, Namangan, Farg’ona viloyatlari va shimoliy Afg’onistonda yashaganlar. Urganjiylar, asosan, o’troq dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug’ullangan. Urganjiylarning bir qismi eski an’analarini saklagan bo’lsa, asosiy qismi mahalliy aholi urf-odatlarini qabul qilishgan.