Urgut
Urgut — Samarqand viloyati Urgut tumanidagi shahar (1973 yildan), tuman markazi. Zarafshon tog tizmasining g’arbiy davomi hisoblangan Chaqilikalon tog’ining etagida, Samarkand shahridan 35 kilometr narida, viloyatning Janubiy Sharqiy qismida joylashgan. Shahar o’rtasidan Urgutsoy oqib o’tadi. Aholisi 60,5 ming kishi (2003). Urgut «Bobirnoma»da Arkat, 18-asr boshlariga oid tarixiy hujjatlarda Arkut qishlog’i sifatida tilga olingan. «Urgut» — O’rkent so’zining keyinroq o’zgargan yasamasi, o’r — balandlik; kent — shahar, ya’ni balandlikdagi shahar ma’nosini anglatadi deguvchilar ham bor. Tarixchi Muhammad Ya’qub Buxoriy o’zining «Gulshan ulmuluk» asarida 1797-98 yillardagi kuchli zilzila oqibatida Urgut qo’rg’onining vayron bo’lganligini yozadi. Shaharda xalq hunarmandchiligi (pichoqchilik, chopon, so’zana va hokazolar) qadimdan rivojlanib kelgan. 1931 yilda 55 ot kuchiga ega bo’lgan elektr dvigateli ishga tushirilgan. 1935 yilda MTS tashkil qilingan. Urgutda 5 sanoat korxonasi, bundan tashqari, 6 qo’shma va 9 xususiy korxonalar mavjud. Ular, asosan, qurilish materiallari (g’isht, marmar, beton g’ishtlar), yaxna ichimliklar, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, sut va go’shtni qayta ishlash, non pishirish, tamaki fermentasiyalash bilan shug’ullanuvchi korxonalardir. Ushbu korxonalarning asosiy qismi o’rta va kichik korxonalar. Qo’shma korxonalar ichida Belgiya bilan hamkorlikda qurilgan «urggazkarpet» va boshqa korxonalar bor. Aholiga xizmat ko’rsatadigan 3500 dan ziyod xususiy ustaxona va xizmat ko’rsatish shoxobchalari, mashhur «Urgut» bozori faoliyat ko’rsatadi. 14 umumiy ta’lim maktabi (13,5 mingga yaqin o’quvchi), 2 kasb-hunar kolleji (1250 o’quvchi), 9 kutubxona, madaniyat uyi, o’lkashunoslik muzeyi, xalq teatri, Markaziy madaniyat va istirohat bog’i, stadion mavjud. 4 kasalxona, 5 poliklinika, 22 dorixona, shaxar yaqinida sog’lomlashtirish o’rmonlisanatoriy maktabi, bolalar yozgi oromgohlari, Xo’ja Omon, Xo’ja Chorchinor qo’riqxonalari bor. Urgutdan Samarqand va Toshkentga avtobuslar qatnaydi. Toshpo’lat Jumaboyev.