Urug’kurtak
Urug’kurtak (ovulum), urug’murtak — yuksak o’simliklar urug’chi gulida, odatda, urug’lanishdan so’ng tuguncha ichida hosil bo’ladigan bo’rtma. Urug’kurtak meva barg — plasenta, urug’poyadagi maxsus o’simtada bitta yoki bir nechtadan joylashgan; sharsimon yoki tuxumsimon shaklda bo’ladi. Urug’kurtakning Markaziy qismi bir qavat yoki bir necha qavat qobiqqa o’ralgan yadro (nusellus)dan iborat. Bu qobikdar o’sib, bitta umumiy qobiqqa aylanishi mumkin. Urug’kurtakning mikropilyar va xalazal qismlari bo’ladi. Mikropilyar qism Urug’kurtakning uchidagi qobiqlar tutashib ketmasdan chang naylari o’tadigan urug’ yo’li yoki chang yo’li (mikropile) hosil qiladi. Tuxumhujayra urug’langandan keyin Urug’kurtakdan urug’hosil bo’ladi. O’simliklarning tarixiy rivojlanishi jarayonida Urug’kurtak dastlab urug’li qirqquloqlarda paydo bo’lgan. Yopiq urug’lilar urug’kurtagi eng yuksak darajada tuzilgan bo’lib, tuguncha ichida joylashgan; tashqi noqulay sharoitdan himoyalangan. Tuxumhujayra urug’langandan keyin qobiklari urug’ po’stlog’iga aylanadi. Tugunchada bittadan bir necha mingtagacha Urug’kurtak hosil bo’ladi. Urug’kurtak plasentaga nisbatan to’g’ri (atrop), teskari (anatrop), egik (kompilatrop) bo’ladi. Ularning o’tkinchi shakllari ham bor. U tugunchada har xil holatda (markaziy qismida, tuguncha devorida va tubida) joylashadi.