Urug’lanish, singamiya

Urug’lanish, singamiya — erkaklik jinsiy hujayra (urug’hujayra, spermatozoid, spermiy)ning urg’ochi (tuxum) hujayra bilan qo’shilib, zigota hosil qilishi. Zigotadan yangi organizm rivojlana boshlaydi. Odam va hayvonlarda Urug’lanishdan oldin otalanish (urug’hujayraning urg’ochi hujayra jinsiy yo’liga tushishi) sodir bo’ladi. Urug’lanishda tuxum xujayra faollashadi, ya’ni tuxum va urug’hujayra xromosomalari gaploid to’plami qo’shilib, xromosomalar diploid to’plami hosil bo’ladi. Ko’pchlik hayvonlarda Urug’lanish bilan birga rivojlanadigan organizm jinsi ham aniqlanadi. Ota va ona allellarining qo’shilishi tufayli irsiy omillarning yangi kombinasiyasi vujudga keladi. Urug’lanish tufayli tabiiy tanlanish va tur evolyutsiyasi uchun material bo’ladigan genetik xilma-xillik kelib chiqadi. Urug’lanish natijasida tuxumhujayra faollashib, bo’linish jarayoni (blastomerizasiya) boshlanadi. Hayvonlarda Urug’lanishning ikki shakli ma’lum; monospermiyada tuxumhujayraga faqat bitta urug’hujayra kirgandan so’ng, boshqa urug’hujayralarning kirishi blokada qilinadi. Blokada qilinish mexanizmi tuxumhujayra sirtiga va uning po’stiga kortikal tanachalarning suyuqlik ajratishi, tuxum plazmolemmasida ro’y beradigan qandaydir o’zgarishlar bilan yuzaga kelishi mumkin. Monospermiya barcha tashqi Urug’lanish va ko’pchilik ichki Urug’lanish xususiyatiga ega bo’lgan hayvonlar uchun xos; polispermiyada tuxumhujayraga bir necha (bir necha o’nta) spermatazoid kiradi; biroq bunday hollarda ham urg’ochi pronukleus bilan faqat bitta urug’hujayra qo’shiladi. Urug’lanishning bu xili ichki urug’lanadigan ayrim guruh hayvonlar uchun xos bo’lib, evolyusiya davomida ikkilamchi marta kelib chiqqan. Urug’lanishning har xil shakllarida gametalarning o’zaro yaqinlashuvi va qo’shilishi, asosan, bir xil kechadi. Ayrim hayvonlar tuxumhujayrasi po’stida spermatozoid kirishi uchun teshikcha— mikropile bo’ladi. Ko’pchilik hayvonlar tuxumhujayrasida mikropile bo’lmaydi. Spermatozoid tuxumhujayraga akrosoma (spermatozoid ichki qismida joylashgan perforator organ) yordamida kirib oladi. Spermatozoid tuxumxujayraga yaqinlashganida akrosomadan ajraladigan fermentlar xujayra po’stini yumshatadi. Spermatozoid akrosomasi yoki uning boshchasi tuxum po’sti orqali o’tadi va ikkala gametalar plazmolemmasi qo’shilib, yagona hujayra — zigota hosil bo’ladi. Odam va sut emizuvchilarning ovulyatsiyadan o’tgan tuxumhujayrasi bir necha qavat follikulyar hujayralar bilan o’ralgan. Akrosoma fermenti gialuronidaza follikulyar hujayralarni bog’lab turadigan shilimshiq moddani yemirib, spermatozoidlarga yo’l ochib beradi. Gametalar plazmolemasining qo’shilishi tuxum hujayraning faollashuviga olib keladi. Spermatozoid, odatda, tuxum hujayra tsitoplazmasiga to’liq o’tadi; ba’zan uning bosh qismi o’tib, tashqarida qolgan xivchini tushib ketadi. Spermatozoid tsentrosomasi atrofida paydo bo’lgan nurlar «urug’yulduzi» deyiladi. Urug’yulduzi ikkiga bo’linadi va birinchi bo’linish (maydalanish) bo’linish dukining shakllanishida ishtirok etadi. Spermatozoid yadrosi urug’ yulduzi bilan birga tuxum tsitoplazmasida harakatlanib, asta-sekin pufaksimon erkak pronukleusga aylanadi; uning xromatini yoziladi; yadro membranasi mayda pufakchalarga parchalanadi; pronukleus membranasi qaytadan shakllanadi. Bunday o’zgarishlar tuxum hujayraning yetilib, urg’ochi pronukleus shakllanishi bilan birga boradi. Urg’ochi pronukleus ham tuxumning yuza qismidan uning markaziga ko’chadi. Tuxum hujayrada ikkala Pronukleus hujayra markazida (sariqlik tsitoplazmada bir tekis tarqalganida) yoki ooplazmaning sariqlik kam bo’lgan qismida birbiriga duch kelib, qo’shilishadi. Ayrim hayvonlarda ikkala pronukleus o’zaro qo’shilib (kariogamiya), yaxlit yadro sinkarion hosil qiladi. Lekin, odatda, ular tuxum bo’linishi boshlanib, hujayra po’sti yemirilguncha alohida turadi. Pronukleuslar qo’shilishi bilan ota va ona gametalarning xromosomalari birinchi bo’linish — maydalanish dukiga birlashadi. Otaona genlarining birlashuvi bilan Urug’lanish jarayoni qiyomiga yetadi.