Urug’lik

Urug’lik — ekish uchun foydalaniladigan urug’, meva, to’pmeva va murakkab meva qismlari. Ba’zan vegetativ yo’l bilan ko’paytiriladigan o’simlik qismlari: tuganak, piyozcha va boshqalar ham Urug’likga kiradi. Urug’lik navdorlik va urug’lik sifatlari bo’yicha davlat standarti talablariga javob beradigan bo’lishi kerak. Urug’lik sifati (unuvchanligi, tozaligi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligi), laboratoriya tahlili, navdorlik sifati uchun dala aprobatsiyasi asosida Davlat urug’chilik inspektsiyasi tomonidan tekshiriladi. Urug’lik urug’chilik xo’jaliklarida, qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtiradigan xo’jaliklarning urug’likka mo’ljallangan ekin dalalarida yetishtiriladi. Yangi navlar urug’larini ko’paytirish uchun ilmiy tadqiqot institutlari, qishloq xo’jalik institutlarining o’quv tajriba xo’jaliklarida elita va birinchi reproduktsiya urug’lari olinadi. Ekish sifati va Urug’lik standarti bo’yicha 3 sinfga bo’linadi. Masalan, chigitning navdorlik me’yori: elita urug’ uchun 100%, 1-reproduktsiya uchun 99%, 2-reproduktsiya uchun 98% va 3reproduktsiya uchun 96%; unuvchanligi: 1-sinf uchun 95%, 2-sinf uchun 90% va 3-sinf uchun 85%. Yumshoq bug’doy (kuzgi va bahorgi)ning navdorlik me’yori: 1-sinf uchun 99%, 2-sinf uchun 98,5%, 3-sinf uchun 97%; unuvchanligi tegishlicha 95%, 92 va 90%. Urug’likga 1 va 2-sinf urug’lar ishlatiladi. 3-sinf faqat xo’jalikning ishlab chiqarish dalalariga ekiladi. Urug’likni omborlarda sakdashga qo’yishdan oldin tozalanadi, saralanadi va quritiladi. Ekishdan oldin esa Urug’lik sifatini va unuvchanligini oshirish uchun zararkunandalar va kasalliklarga qarshi dorilanadi, oftobga yoyib shamollatiladi va boshqalar. Har bir xo’jalikda urug’lik daftari tutilib, unga ekin turi bo’yicha urug’lik navi, sifatlari yozib boriladi.