Urxon, O’rxon G’oziy

Urxon, O’rxon G’oziy (1281 — 1359) — turk sultoni (1324-1359), Usmon I ning o’g’li. Usmon I ning harbiy yurishlarida yoshligidan muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Otasining vafoti (1324) dan so’ng, bu davlatni g’arbda — Vizantiya imperiyasi yerlari va Sharqda — qo’shni turkiy bekliklar hisobiga kengaytirish jarayonini davom ettirdi. 1326 yil aprelda u kichik Osiyoning shim.g’arbidagi yirik shaxar — Bursani egallab, poytaxtni Melangiyadan Bursaga ko’chirgan. Bir necha yil mobaynida kichik Osiyoning butun shim.g’arbiy hududlarini zabt etib, qora dengiz qirg’oqlariga, keyinchalik dardanell bo’g’ozining Sharkiy sohillarigacha yetib borgan. Urxon ilk marta o’z davlatida vazir lavozimini ta’sis etgan va akasi Alouddinni vazir qilib tayinlagan (u bu lavozimda o’limiga qadar 7 yil ishlagan). Usmonlilar davlatida kumush tanga zarb qilinib (1327), davlat yerlari ma’lum boshqaruv birliklariga ajratilgan. Qo’shinda ham islohotlar (1329) o’tkazilib, muntazam armiya: piyoda va otliq qo’shinlar kabi harbiy qismlar tashkil qilingan. Shu jihatdan olganda ham Usmoniylar davlatining keyingi taraqqiyotida Urxonning xizmatlari katta bo’lgan. Urxon faqat Vizantiya bilan cheklanmasdan, Sharqiy hududlar hisobidan ham o’z davlatini kengaytirgan. Turkiy bekliklardan birining hukmdori Elxon Erten vafot etgach, uning mulkini o’z davlatiga qo’shib olgan va Anqarani egallagan (1354). 14-asr o’rtalarida Usmonlilar armiyasining Yevropaga dengiz yo’li orqali hujum qilish rejasini amalga oshirish uchun intilgan. Urxon hukmronligi davrida Bursa va Edirnada turklashish va Islomlashish jarayonlari yuz berib, bu poytaxt shaharlar yirik siyosiy va madaniy Markazlarga aylangan. Ad.: Raxmanaliev R., Imperiya Tyurkov, M., 2002.