Ustun

Ustun — binoning tayanch qismi. Asosan, tomni ko’tarib turishga xizmat qiladi. Ustun deyarli hamma xalqlarning me’morligida qadimdan mavjud. Me’morlik san’ati yuksak darajaga ko’tarilgan qadimgi Misr, Yunoniston, Rimda, shuningdek, budda dini tarqalgan mamlakatlarda Ustunning shakli, hajmi, bezaklariga asoslangan memorlik orderlarida kolonna va kolonnalarning turli tasvir va naqshlar bilan bezatilgan o’ziga xos turlari vujudga kelgan. Imom al-Buxoriy majmuidagi ustunlar. O’rta Osiyoda geografik muhit taqozosi bilan Ustunlar xalq me’morligida, asosan, tik va to’g’ri o’sgan daraxt (tol, terak, qayrag’och) tanasidan yasalgan xillari kengtarkalgan. Ustunlar poyustun, ko’zagi, bosha kabi qismlarga bo’lingan. Ular badiiy talqinda odam gavdasiga qiyos etiladi. Ustunlar tayanch vazifasidan tashkari bezak sifatida ham muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Yoyuch o’ymakorligidya pardozlangan Ustunlar haqiqiy san’at asari hisoblanadi. Ustunlar aylana, murabba, 6 va 8 qirrali shakllarda ishlanadi. Xorazm Ustunlari mustahkamligi, bezaklarga boyligi, balandligi (balandligi 7,8 metrgacha) bilan ajralib turadi (Juma masjid, Toshhovli va boshqalar). Ustunlar hozirgi kun me’morligida ham keng qo’llaniladi. Pishiq g’isht, tosh, metall, temirbeton kabi Ustunlarning o’ziga xos turlari zamonaviy qurilishda keng tadbiq etilmoqda.