Uxlatuvchi dorilar

Uxlatuvchi dorilar — uyqu keltiruvchi dorilar; organizmga yuborilganda tabiiy uyquga monand holatni paydo qiladi. Uxlatuvchi dorilarning samarasi Markaziy nerv sistemasining turli qismlariga tormozlovchi ta’sir ko’rsatishiga asoslangan. Uxlatuvchi dorilarning kichik dozasi kishini tinchlantiradi. Uxlatuvchi dorilarga barbiturat kislota hosilalari yoki barbituratlar va kimyoviy tuzilishi turlicha bo’lgan moddalar kiradi. Tinchlantiruvchi moddalar ham uyquni normallashtirishga yordam berib, hayajonni kamaytiradi, tajanglik va bezovtalikni yo’qotib, uyqu keltiradi. Uyquning turli buzilishlarida Uxlatuvchi dorilar qo’llaniladi. Uxlatuvchi dorilar uyqu keltirish tezligi hamda uxlatish muddatiga ko’ra, uzoq muddatli va o’rtacha muddatli dorilarga bo’linadi. Vrach turlicha uyqu buzilishini davolash uchun dori tanlashda bu xususiyatlarni e’tiborga olishi lozim. Ko’pchilik Uxlatuvchi dorilar kuchli ta’sir etuvchi dori moddalari qatoriga kiradi. Ularni faqat vrach ruxsati bilan qabul qilish lozim, aks holda odam bu dorilarga o’rganib qoladi.