Uzatma

Uzatma (mashinalarda) — aylanma harakatni uzluksiz uzatish uchun mo’ljallangan mexanizm. Turli mashinalarning yuritmalarida u. yordamida tezlik oshiriladi yoki pasaytiriladi; tezlik pog’onali yoki pog’onasiz tarzda rostlab turiladi; bitta dvigateldan bir necha mexanizm harakatga keltiriladi va hokazolar. Asosiy ko’rsatkichlari: uzatish momenti, burchak tezligi, uzatish soni, uzatish nisbati, foydali ish koeffisienti (f.i.k.). Uzatmaning mexanik, gidravlik va elektr turlari bor. Mexanik Uzatma detallarning ilashish (yoki tishlashish) xossasiga (masalan, tishli Uzatma, zanjirli Uzatma, chervyakli Uzatma) hamda ishqalanish xossasiga (masalan, tasmali Uzatma, friktsion Uzatma) asoslangan. Bunday Uzatmalar stanoklar, avtomobillar, traktorlarning tezliklar qutilari va variatorlarida qo’llanadi. Gidravlik va elektr Uzatmalar katta quvvatlarni uzatishga imkon beradi. Ular mashinasozlikning turli sohalarida, ayniqsa, og’ir transport mashinalarining yuritmalarida qo’llanadi.