Vakolat

Vakolat — vakilning Vakolat beruvchiga fuqarolik huquq va majburiyatlar vujudga keltirishi, o’zgartirishi va bekor qilishi uchun asos, ya’ni huquqdir. Vakolat ishonchnoma, qonun, sud karori yoki ma’muriy AKT (hujjat) asosida yuzaga keladi. Qoida tariqasida, vakil o’z Vakolatini Vakolat beruvchining huquq va qonuniy manfaatlarini ko’zlab, amalga oshirishga majbur. Vakil Vakolat beruvchi shaxs nomidan shaxsan o’z foydasiga har xil bitimlar tuza olmaydi (tijorat vakilligi bundan mustasno). Vakil amaldagi qonunchilik va Vakolat beruvchining topshiriqlariga binoan ish ko’radi. Vakil Vakolatsiz yoki Vakolat doirasidan chetga chiqib, harakat qilgan taqdirda, bunday harakat Vakolat beruvchi uchun hech qanday huquqiy oqibat tug’dirmaydi, ammo bu harakat Vakolat beruvchi tomonidan ma’qullansa, bu hol uning uchun muayyan huquqiy oqibat tug’diradi. Vakolatni vujudga keltiruvchi asoslarga ko’ra, vakillik 2 turga bo’linadi: 1) qonun bo’yicha vakillik; bunda vakillik va Vakolat me’yoriy hujjatlar bilan belgilanadi; u muomalaga layoqatsiz shaxs (yosh bolalar, akli zaif va ruhiy kasal)larning manfaatlarini ko’zlab amalga oshiriladi; 2) shartnomaviy vakillik; bunda vakil va uning Vakolati vakil qiluvchining erki bilan yuzaga keladi.