Vayoming

Vayoming — AQSh g’arbidagi shtat. Maydoni 253,6 ming km2. Aholisi 470 ming kishi. Ma’muriy markazi — Shayenn shahri. Hududining katta qismi Qoyali tog’larda joylashgan, shimoli-sharqi esa Buyuk tekisliklarga tutashgan. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -3° dan -9°gacha, iyulniki 18-22°, yiliga 300-500 mm yog’in yog’adi. Tekisliklarda dasht va chala cho’l o’simliklari, tog’larda igna bargli daraxtlar o’sadi. Vayoming AQShning aholisi siyrak va iqtisodida qishloq xo’jalik yetakchi o’rinda turadigan shtatlaridan biri. Qishloq xo’jaligida yaylov chorvachiligi asosiy o’rin tutadi. Yaylov ko’p. Dehqonchilik chorvachilik bilan bog’liq. Sharqiy rayonlarda bug’doy, sug’oriladigan yerlarda qand lavlagi, suli va arpa ekiladi. Tog’li rayonlarda yog’och tayyorlanadi. Sanoatida neft, gaz, ko’mir qazib chiqarish, elektr energiya hosil qilish yetakchi o’rinda turadi. Uran, temir rudalari va qurilish materiallari qazib olinadi. Boshqa tarmoqlari mahalliy ahamiyatga ega. Vayomingni transkontinental temir yo’l kesib o’tgan.