Vaysheshika

Vaysheshika (sanskritcha vishesha — alohida, o’ziga xos) — hind falsafasidagi vedalarni e’tirof etuvchi 6 an’anaviy tizimdan biri. Asoschisi Kanada ismli shaxs deb taxmin qilinadi. Uning asari «Vaysheshikasutra» (1-ming yillikning 1-yarmi) deb ataladi. «Padartxadxarma-sangraxa» asari, Jayanarayanning «Vivriti» (17- asr) asari «Vaysheshikasutra»ga yozilgan sharh hisoblanadi. Buddizmta qarama- qarshi o’laroq, narsalar tushunchalar bilan birgalikda mavjud deb hisobladi. Vaysheshika qadimgi hindlarning tabiiy-ilmiy dunyoqarashlari bilan bog’liq. Vaysheshikaning koinot haqidagi nazariyasiga ko’ra, u suv, tuproq, nur, havodan tarkib topgan. Vaysheshikaning atomistik nazariyasi qadimgi moddiyunchilik ta’limotini yanada rivojlantirganligidan guvohlik beradi. Vaysheshika ta’limoticha, barcha mavjud narsalar 6 tushunchada o’z ifodasini topadi: javhar, sifat, harakat, umumiylik, xususiylik va mansublik. Sutralarning sharxlovchilari bunga 7-tushuncha — inkor yoki mavjud bo’lmaslikni ham qo’shadilar. Vaysheshika tizimida asosiy tushuncha javhar bo’lib, narsalar mohiyatini ifodalaydi. Javharlar narsa va ashyolarning o’ziga xosligi va sifatlarini belgilaydi. Kanada javharlarning 17 xususiyatini, Prashastapada 24 sifatini sanab o’tadi. Javharlar harakat va faollikka egadirlar. Vaysheshika ta’limotida atom doimiy, o’zgarmas zarra bo’lib, moddiy jismlarning oxirgi bo’linish chegarasidir. U aylanma shaklga ega, zamonlar o’tishi bilan ham o’zgarmaydi. Atomlar o’z tabiatlariga ko’ra sokin bo’lib, ularni harakatga keltirish tashqi turtkiga bog’liq. Ko’rinmas kuch — adrishta atomlarni harakatga keltiradi. Xudo jahoniy ruh — Brahmanni yaratgan. U koinotni yaratmagan bo’lsa ham, ammo uni idora qiladi. Muhammadjon Qodirov.