Vaza
Vaza (Fransuzcha vase, lotincha vas — idish) — meva, gul va boshqa narsalar uchun ishlatiladigan badiiy buyum. Sopol, shisha, chinni, metall va boshqa xom ashyolardan turli shakllarda yasaladi, bo’yama, o’yma, chizma va bo’rtma naqsh, tasvirlar bilan bezatiladi. Vaza tayyorlash va bezash antik san’atda muhim o’rin egallagan: qora va qizilga bo’yalgan tayyor Vazaga rassom naqsh, tasvir ishlagan, keyin qora lok bilan bo’yagan; qoliplar yordamida ham Vaza tayyorlangan. Yunonlarning bu san’ati Yevropada Vazani tayyorlash va bezash san’ati uchun namuna bo’lib xizmat qilgan. O’rta Osiyoda ham qadimdan Vaza turi (ko’za, ko’ra, amfora va boshqalar) tayyorlangan, ular naqsh, tasvirlar bilan bezatilgan, arablar istilosidan so’ng esa uslublashtirilgan o’simliksimon va girih naqshlar bilangina bezalgan. Hozirda O’zbekiston Respublikasidagi chinni zavodlarda, kulollik ustaxonalarida bezatilgan, badiiy qimmatli (tasvirlar, mashhur kishilarning portreti ishlangan) Vaza turlari ko’plab ishlab chiqariladi.