Vazopressin

Vazopressin (lotincha vas — tomir va presso — bosaman), antidiuretik gormon — gipotalamusda hosil bo’ladigan neyrogormon. Kimyoviy tabiatiga ko’ra polipeptid. Tomirlarning silliq muskullariga ta’sir etib, ularni toraytiradi va qon bosimini oshiradi, buyraklarning kanalchalarida suvning qayta so’rilishini kuchaytirib shu tariqa siydik ajralishini kamaytiradi (antidiuretik ta’sir). Vazopressin gipotalamus oldingi yadrolarining neyrosekretor hujayralarida hosil bo’lib, nerv tolalari orqali gipofizga o’tadi, undan qonga ajraladi. Vazopressin antidiuretik ta’sir ko’rsatganligi uchun umurtqali hayvonlar bilan odam organizmida suv-tuz almashinuvini deyarli bir me’yorda saqlab turadi. Bu gormon yetishmaganda qandsiz diabet paydo bo’lishi mumkin. Tarkibida Vazopressin bor preparatlar gipofizning orqa bo’lagidan olinadi.