Vena
Vena — Avstriya poytaxti. Dunay daryosi bo’yida. Alp tog’larining shimoliy-Sharqiy tarmog’i — Vena o’rmoni (Vinervald) tog’i etagida joylashgan. Aholisi 1,6 milliondan ziyod kishi (1990- yillar oxirlari). Venada yanvarning o’rtacha temperaturasi — 1,5°, ba’zan — 12° dan -18° gacha sovuqlar ham bo’lib turadi. Iyulning o’rtacha temperaturasi 20°. 1 -asrda Vena o’rnida Rim legionlarining lageri (Vindobon) bo’lgan. Manbalarda Vena nomi dastlab 881, so’ngra 1030 yildan tilga olinadi. 12-asr o’rtalaridan Avstriya gersoglarining qarorgohi. 16-asrdan ko’p millatli Avstriya-Gabsburglar davlatining poytaxti. Vena 18-19-asrlardan Yevropa madaniyati (ayniqsa musiqa madaniyati)ning yirik markazlaridan biri. 1805-06 va 1809 yillarda Venaga Napoleon I qo’shinlari bostirib kirgan. 1814-15 yillarda Vena Kongressi chaqirilgan. 1848-49 yillarda Vena revolyutsion kurash markazi. 1867-1918 yillarda Vena Avstriya-Vengriya poytaxti. 1938 yil martda nemis qo’shinlari Avstriyani, shu jumladan Venani ham egalladi. 1945 yil 13 aprelda fashistlardan ozod qilindi, o’sha yili iyulda Venada Avstriyaning okkupatsiya zonalari va Venani idora qilish haqidagi bitimlar imzolandi. 1955 yil mayda Venada mustaqil va demokratik Avstriyani tiklash haqidagi davlat shartnomasi imzolandi, oktabrda Avstriya parlamenti Avstriyaning doimiy betarafligi haqida qonun qabul qildi. Vena Avstriyadagi eng yirik, Yevropadagi muhim transport yo’llari tuguni. Shvexat xalqaro aeroporti bor. Vena mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi, yirik daryo porti. Mamlakatdagi sanoat ishlab chiqarishning qariyb yarmi Venaga to’g’ri keladi. Mashinasozlik, (elektrotexnika, transport mashinalari), kimyo, tikuvchilik, poyabzal, poligrafiya, oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Eksport uchun kiyimbosh, poyabzal, musiqa asboblari va boshqalar ishlab chiqariladi. Venaning Markaziy qismida Stefan sobori (12-15-asrlar), barokko usulida qurilgan Karl Borromey cherkovi (1716- 37), Shyonbrunn (taxminan 1695-1700), shvartsenberg (1697-1715), Shyonborn (1706-11), Belveder (1714— 24) kabi saroy va binolar saqlangan. 19-asrda va 20-asrning boshlarida qurilgan binolar (muzey, 1870-91; teatr, 1870-88; Sesession ko’rgazmalar binosi, 1899) modern uslubiga xosdir. Venada Fanlar Akademiyasi, Vena universiteti, bir qancha oliy maktablar, musiqa san’at akademiyasi, Burg teatri, opera teatri, L. Betxoven, Y. Gaydn, V. A. Motsart, F. Shubert, I. Shtraus uy-muzeylari va boshqalar bor. 15 dan ortiq muzey, ko’rgazma zallar va saroylarda badiiy san’atning Nodir kollektsiyalari saqlanadi. Eng yirik kutubxonalari: Milliy kutubxona, universitet kutubxonasi. Metropoliten bor. Vena — Yuni-do, MAGATE va boshqa xalqaro tashkilotlarning qarorgohi.