Vena Kongressi

Vena Kongressi (1814-15) -Napoleon I armiyasi tor-mor etilgach, g’olib davlatlar Vena shahrida o’tkazgan anjuman. Vena Kongressida Turkiyadan tashqari barcha Yevropa davlatlari qatnashgan. Maqsad — Napoleon I urushlari natijasida barham topgan tartiblarni va bir necha mamlakatlarda mustabid sulolalarni qayta tiklash, bopapartchilik tuzumiga, inqilobiy harakatlar hamda yangi urushlarga yo’l qo’ymaslik, g’olib davlatlarning hududiy da’volarini qondirish kabi masalalarni ko’rib chiqishdan iborat edi. Vena Kongressida Frantsiyaning yangi chegarasi tortishuvsiz belgilandi. uning uchun anchagina yengil sulh shartnomasi tuzildi. Avstriya, Angliya, Ispaniya, Portugaliya, Prussiya, Rossiya, Frantsiya, Shvesiya yakunlovchi bosh hujjatga imzo chekishdi. Unga ko’ra, Frantsiya bosib olgan erlaridan ajraldi. Belgiya va Gollandiya Niderlandiyaga birlashtirildi, Shveytsariya chegarasi kengaytirilib, betaraf davlat deb e’lon qilindi. Angliya Gollandiya va Frantsiya mustamlakalarini o’z tasarrufiga oldi. Polsha qirolligi Rossiyaga o’tdi, german davlatlaridan iborat German Ittifoqi tuzildi, Avstriyaga Italiyaning talay hududlari olib berildi va hokazolar.