Venalar

Venalar (lotincha vena — vena, ko’k qon tomir) — venoz qonni (karbonat angidrid bilan to’yingan) a’zo va to’qimalardan yurakka olib keluvchi kon tomirlar (o’pka Venalari bundan mustasno, ular arterial qon tashiydi). Odamda uchta Venalar tizimi mavjud. Yuqori kovak vena gavdaning yuqori yarmi (bosh, bo’yin, qo’l va ko’krak)dan yurakka qon keltiradi, pastki kovak vena gavdaning pastki yarmi (oyoq, chanoq, yonbosh, qorin bo’shlig’idagi juft a’zolar va jigar)dan yurakka qon o’tkazadi; darvoza (qopqa) vena qorin bo’shlig’idagi (jigardan boshqa) toq a’zolardan jigarga venoz qon keltiradi va jigardan tozalanib chiqqan qon pastki kovak venaga, gavdaning hamma qismidan keladigan qon esa yurakning o’ng bo’lmasiga quyiladi. Kislorodi kamaygan, to’qimalarda moddalar almashinuvida hosil bo’lgan chiqindilar, karbonat angidrid (SO2) bilan to’yingan (venoz) qon kovak Venalar orqali yurakka boradi. O’pkada karbonat angidrid gazidan tozalanib, kislorod bilan to’yingan (arterial) qon o’pka Venalari orqali yurakning chap bo’lmasiga quyiladi. Venalar devori arteriya devoriga qaraganda yupqaroq, elastik to’qimasi va muskullari ham kamroq bo’lgani uchun bu tomirlar osongina puchayadi va yoriladi. Ko’pchilik Venalarda qopqoqlar (klapanlar) borligi uchun qon oqimi faqat yurakka yo’naladi, teskari oqa olmaydi. Venalarda qon arteriyalardagiga nisbatan sekin oqadi. Har bir arteriya yonida ikkitadan vena bor. Teri osti arteriyalari yonida Venalar bo’lmaydi. Ba’zi kovak a’zolar (bachadon, to’g’ri ichak, qovuq va boshqalar) atrofida Venalar juda ko’p bo’lib, ular hatto vena chigalini hosil qiladi. Organizmdan qon chiqarish, dori yuborish, qon quyishda teri ostidagi Venalar (ko’pincha tirsak venasi, yosh bolalarda bo’yinturuq venasi)dan foydalaniladi. Venalar kasalliklaridan venalarning varikoz kengayishi, tromboflebit ko’proq uchraydi.